www.ziyouz.com kutubxonasi
119
Hasanalining shubhasi bo‘shka chiqdi. Choydan so‘ng ul o‘zining so‘zini amalda
ko‘rsatib, otasidan ham ruxsat olib qo‘ydi va peshindan keyin yo‘lg‘a chiqish uchun
hozirlik ham ko‘ra boshladi. Uning sirrini bilguchi va «Endi Marg‘ilonda nima qilasan?»
deb so‘rag‘uchi orada bo‘lmag‘anidek, ul bu so‘roqni o‘z-o‘ziga ham berib qaramag‘an
edi. Go‘yo burung‘idek Marg‘ilon yo‘lig‘a oshiqib hozirlanar edi...
Yigirma kun o‘tar-o‘tmas Marg‘ilondan qaytib keldi. Bu borishdan birar ish chiqara
oldimi-yo‘qmi, bu to‘g‘rini biz kelasi fasllarning biridan o‘rganarmiz.
Kelib Toshkandda bir hafta chamasi turdi, so‘ngra yonig‘a Hasanalini olib Oqmasjid
shahriga jo‘nadi. Ul ikki yildan beri to‘xtab qolg‘an savdogarchilik ishini qaytadan
boshlamoqchi edi...