www.ziyouz.com kutubxonasi
121
tushunishka tilamabsizmi, haytovur yana ham eski erkaliklaringizni tark etmabsiz. Xatingizni o‘qur va o‘zimni kulgidan to‘xtata olmas edim. Orzuga ayb yo‘q, deydirlar. Chekdan oshib qilg‘an hujumlaringiz eski qadrdonlig‘ingiz otig‘a kechiriladir. Endilikda sizga mendek vafosiz va hiylagar bo‘lmag‘an yangi er topilg‘ay edi, deb addoi Otabek Yusufbek hoji o‘g‘li, 26 javzo, 1265-nchi yil, Toshkand». Maktub uning yurak jarohatini qaytadan tirnab tashlag‘an edi. Ko‘z yoshini duv-duv
to‘kib, xatni o‘z taxig‘a soldi va o‘zidan javob kutib turg‘an achasi bilan onasig‘a dedi:
— Men bu uyatsiz yirtqich bilan yarashmoq uchun umid tutmayman, shuning bilan
birga er ham qilmayman!
— Nega? — deb so‘radi onasi.
— Negami? — dedi Kumush va yig‘lag‘an ko‘yi javob berib boshladi: — Negaki men
o‘zimning suygan va muhabbat qo‘yg‘an erimdan buncha uyatsizlik, bu yanglig‘
vafosizlik ko‘rdim. Endi er degan shu bo‘libdimi? Mundan ko‘ra dunyodan toq o‘tkan
yaxshiroq, yolg‘iz yurgan tinchroqdir. Shuning uchun qizingizg‘a er otidan so‘zlamang-
da, yafroq kabi titrayturg‘an yuragiga dahshat ham solmang!
Bu so‘zdan so‘ng Oftob oyimning onaliq ko‘ngli erib ketkan, ichkarida javob kutib
o‘lturg‘uchi sovchilarg‘a qanday bahona topib kirishni-da o‘ylab ulgurmag‘an edi:
— Yig‘lama, — dedi. Kumushni mehmonxonada qoldirib onasi bilan chiqdi.