www.ziyouz.com kutubxonasi
123
— Bering, — dedi va: — mashshog‘ingizni ham kirgizing!
Vaqt yarim kechadan ham og‘qan, kunduz kunidan beri ichishib charchag‘an
xo‘randalar baqirishib-chaqirishib tarqalishqan edilar. Bo‘zaxona tinchigan edi. Qo‘lma-
qo‘l yurib charchag‘an mashshoq ham bo‘shab, Otabekdan katta-katta ehsonlar ko‘rgani
uchun, vaqtning kechligiga ham e’tibor qilmay kirgan edi. Mashshoq Otabekning sarxush
qo‘lidan bir piyola bo‘zani ichkach, dutorini chertib so‘radi:
— Qanday kuyni chalay, bek aka?
Otabek sarxush tovush bilan jiddiygina qilib javob berdi:
— Bilsangiz, haydalish kuyini chalingiz, ajralish kuyini chalingiz!
Mashshoq ajabsing‘an edi:
— Dunyoda bunday kuylar borlig‘ini umrimda bi-rinchi martaba eshitaman, bek aka!
— Dunyoda bunday kuy yo‘q deb o‘ylaysizmi, siz eshitmagan bo‘lsangiz maning
eshitkanim bor... Bilmasangiz, bilgan kuyingizni chalingiz!
Mashshoq dutorini sozlar ekan, yana so‘radi:
— Bu kuylar yangi chiqg‘anmi?
— Yangi chiqg‘an.
— Qayerda eshitdingiz?
Otabekning kayfi tarqag‘andek bo‘lib, mashshoqqa qaradi:
— Bu kuylarni Farg‘onaning Marg‘ilonida eshitdim...— dedi. Dutorni sozlash uchun reza kuylardangina olib turg‘an mashshoq, Otabek kutmagan
joyda «Navo»dan boshlab yuborg‘an edi. Kuyning boshlanishi bilanoq uning vujudi zirr
etib ketkandek bo‘lib keyingi piyolasini bo‘shatdi va ixtiyorsiz ravishda dutorning
munglik tovshig‘a berildi. Dutor tovshi qandaydir o‘zining bir hasratini so‘zlag‘andek,
hikoya qilg‘andek bo‘lib eshitilar edi. Yo‘q, bu hasratni ul o‘z tilidan so‘zlamas edi —
Otabek tilidan so‘zlar edi... Otabekning ko‘z o‘ngidan o‘tkan kunlari birma-bir o‘tib
boshladilar-da, nihoyat «anuv» xotiralari, «anuv» hangomalari ham ko‘rinish berib
o‘tdilar... Yo‘q, o‘tmadilar... uning ko‘z o‘ngida kelib to‘xtadilarda, shu ko‘yi
turaberdilar... Dutor bu ko‘rinishni uning ko‘z o‘ngiga keltirib to‘xtatqach, bu foji’aga o‘zi
ham chidab turolmag‘andek yig‘liy boshladi... Dutor quruqqina yig‘lamas edi, balki butun
koinotni zirr etdirib va xasta yuraklarni dirr silkitib yig‘lar edi... Otabek ortiq chidab
turolmadi-da, ro‘ymoli bilan ko‘zini yashirib yig‘lamoqqa kirishdi... Ul ko‘z yoshlarini
to‘xtatmoqchi bo‘lar edi. Biroq hozirgi ixtiyor o‘zida emas edi — hamma ixtiyor dutorning
hazin «Navo»sida, toqatsiz yig‘isida edi... Dutorning nozik torlaridan, tilsimlik
yuraklaridan chiqg‘an «Navo» kuyi o‘z nolasiga tushunguchi Otabekdek yigitlarga juda
muhtoj edi. O‘z dardiga tushungan bu yigitka borg‘an sayin dardini ochib so‘zlar, yig‘lab
va ingrab so‘zlar edi... Eshitkuchi esa dunyosini unutib yig‘lar, kuchini yig‘ishtirib yig‘lar
va hasratu alamini ko‘z yoshisi bilan to‘kib yig‘lar edi...
Nihoyat «Navo» kuyi uning butun tanidagi suvlarini ko‘zi orqaliq to‘kdirdi-da,
falakning teskari harakatidan shikoyat etib qo‘ydi va dunyoda yolg‘iz hasratkina
bo‘lmag‘anligini bildirgandek o‘zining «savt» kuyini yer yuziga shodliq va so‘yinch
yog‘dirib arz eta boshladi. «Navo»ning sihirlik «savt»i Otabekning ko‘z yoshlarini quritdi-
da, bir yengillik bag‘ishladi. «Navo» bilan yuvilib ketkan uning umid gulzorida yangi
chechaklar unib chiqdi...