13. KULIB QARAMAG‘AN BAXT Endi uning umidi ortig‘i bilan uzilg‘an esa-da, yuragining yonishi bosilurliq emas edi.
Ilon chaqqan kishidek dovdir va besaranjom ko‘zlari bilan tevarakka bejo-bejo nazar
tashlar edi. «Nihoyat, otasi o‘z muddaosiga yetdi, qizini yangi kuyavga topshirib
tinchlandi, kecha kechasi u...» der edi-da, mundan keyingi og‘ulik haqiqatini bir turlik
ham o‘ziga singdira olmas va buni o‘ylamaslikka tirishib va o‘zini alaxsitmoqqa o‘la
tevaragiga bejo-bejo nazar tashlar edi.
Endi Marg‘ilon qatnab yurishlarg‘a xotima berilgandek va Marg‘ilon ham undan «tag‘in
mendan nima ilinjing bor?» deb so‘rag‘andek bo‘lar edi. Ul «Xo‘ja Ma’oz»dan chiqib
to‘g‘ri usta Alimnikiga qarab borar edi va u yerdan otini minib umrlikka Marg‘ilon bilan
vidolashmoqchi edi esa-da, oshna bir kimsa uning ko‘z o‘ngiga ko‘ringandek va begona
rahmsiz bir yigitning quchog‘idan qutilish uchun undan imdod so‘rag‘andek bo‘lar edi.
Usta Alim eshigiga yetayozdi. Tom bir ma’yusiyat ichida boshini quyi solg‘an edi, o‘tib
turg‘uchlarni payqamas, laxja cho‘g‘ kabi yonib turg‘an yurak o‘ti bilan sarxushdek edi.
Qarshidag‘i Sodiqning eshigidan chiqg‘uchini ham payqamay qoldi va bir qarab olsa ham
tanimag‘an edi. Otabek usta Alimnikiga kelib kirgach, Sodiqnikidan chiqg‘uchi Homid
uning orqasidan qarab yo‘l ustida qotib qoldi...