www.ziyouz.com kutubxonasi
134
— Shu. Shundan beri har bir Marg‘ilon kelganida va Andijon o‘tkanida maning
oldimg‘a kirmasdan ketmaydir. O‘zi juda og‘ir va aqllik yigit, buning ustiga qiziq tabi’ati
ham bor, — dedi.
— Qizig‘i qanaqa, — deb so‘radi usta Farfi.
— Juda qiziq, — dedi usta va kechagi voqi’ani so‘zlab chiqdi. — Kecha ertalab
shaharni bir aylanib kelayin deb chiqib ketkan va tushlik oshka yetib kelish uchun va’da
ham bergan edi. Men va’da vaqtig‘a oshni damlab o‘lturibman-o‘lturibman, sira kelsa-
chi! Nihoyat, sizdan sal ilgariroq kelib turg‘an edi. So‘rasam: «Xo‘ja Ma’oz»ni tunab
qoldim, deydir. Ko‘zi uyqusizliqdan bir qarich ichiga tushib ketibdir. Juda ham tabi’ati
qiziq yigit.
— Yaxshi yigit ekan, — deb qo‘ydi usta Farfi.
Oshni yeb bo‘lg‘anlarida u yoq-bu yoqdan jum’a tovshi kela boshlag‘an edi. Shuning
uchun choy ichib o‘lturishka to‘g‘ri kelmay usta Farfi usta Alimdan ilgariroq namozi
jum’aga qo‘zg‘aldi va eshikdan chiqishi bilan o‘z uyidan kelayotqandek ko‘ringan
Homidga uchrashdi.
— Ha, usta Farfi, baxay? — dedi Homid.
— Usta Alimnikiga kelgan edim.
— Bo‘lmasa ziyofat quyuq ekan-da!
— Quyuq! — dedi kulib usta Farfi, — usta Alim o‘z uyiga do‘kon qurg‘an ekan, gilalab
yurmasin deb fotihaga kelgan edim.
— Shundoqmi! — deb qo‘ydi Homid. Birgalashib keta boshladilar.
— Bo‘lmasa usta Alim o‘z uyiga do‘kon quribdir, deng-chi!
— Do‘kon quribdir.
— Arvoh piri bermasdan-a?
— Qishda arvoh piri qilib bermoqchi! — dedi usta Farfi. Yana bir necha daqiqag‘a
oradan so‘z kesilib qoldi.
— Osh qilib bergandir?
— Albatta.
— Boshqa mehmon ham bor ekanmi? — deb so‘rab qo‘ydi Homid. Usta Farfi
Otabekning Homid bilan uchrashg‘anini xotirlag‘an edi.
— Toshkandlik bir savdogar mehmoni ham bor ekan,— dedi. Masjidga yaqinlashib
qolg‘an edilar. Homid yana nimanidir so‘ramoqchi bo‘lsa ham, usta Farfi shoshib
masjidga burildi.