O‘n olti-o‘n yetti kunlik oy oq bulut ichidan qo‘toslanib ko‘rinar edi. Hamma xuftan
namoziga kirib ketkan, ko‘chalar suv quyg‘andek tinch edi. Ko‘chaning bu tinch paytidan
foydalang‘an kabi usta Alimning eshigi yonig‘a kelib to‘xtag‘an kimsaning kim ekanligini
bi-lish uchun oy yoruqlig‘ig‘a qarshi tushkan bo‘g‘ot xalal berar edi. Bo‘g‘ot panasida va
eshik halqasida qadalib bir muncha vaqt nimanidir kutib turg‘an bu kishi nihoyat,
avaylabgina eshikni ochib o‘zini yo‘lakka oldi. Tag‘in anchagina eshikning ichkarigi
qismida turg‘ach, ochishidag‘i ehtiyot bilan eshikni yopdi.
Oy yoruqlig‘i uch burchak ravishda yo‘lakka tushib turar edi. Bu noma’lum kimsa oyoq
uchi bilan yurib keldi-da, mo‘ralab ayvong‘a qaradi. Ayvonning tokchasida sham’ yonib,
Sayfi o‘rin yozish bilan ovora edi. Noma’lum kimsa yo‘lakning qorong‘i qismig‘a o‘zini
olib, ko‘zini Sayfidan uzmay tura boshladi, Sayfi o‘rnini to‘shab bo‘lg‘andan so‘ng
ayvonning peshonasida yozilib yotqan dasturxon va laganni ko‘tarib hujraga kirdi.