www.ziyouz.com kutubxonasi
141
Dushman bilan betma-bet uchrashmoq kuni belgulanganlikdan o‘zining bu kungi
kutilmagan muvaffaqi-yati to‘g‘risida hech bir taajjublanmas, faqat dushanba kun
kechasi bilan miyasi mashg‘ul edi. Dushanba kun kechasi bir emas, uch dushman bilan
kurash to‘g‘risidag‘ina o‘ylar edi. Bu birga uch masalasi bir oz uning miyasini qotirg‘an;
kishilar yollash, hukumatka bildirish, qutidorni xabardor qilib qo‘yish mulohazala-rigacha
kelib yetkan bo‘lsa ham, ammo izzati nafsi bu qo‘rqoqliqqa tamoman zid turar edi. Bora-
bora bu mulohazasini tamoman ko‘nglidan chiqarib tashladi; na kishilar yollayturg‘an, na
hukumatka bildiraturgan va na qutidorni xabardor qilaturg‘an bo‘ldi. Chunki raqib bilan
dildorning uyi orqasida tanho olishmoq, yor oyog‘i ostida qonlik tuproqqa qorishmoq —
uning uchun juda lazzatlik va shoirona tuyila boshlag‘an edi. Saroyga kirar ekan o‘zicha:
— Shirin o‘lim, — deb qo‘ydi.
Garchi kechagi tun «Xo‘ja Ma’oz»ni tunab uyqudan qolg‘an edi, ammo uzoq vaqt bu
kungi gaplarni o‘ylab yotdi. Ul uxlab ketar ekan, o‘zini goh qong‘a belanib yotqan holda,
goh Kumushni erkalab turg‘an holda ko‘rar edi.