www.ziyouz.com kutubxonasi
130
yo‘qolg‘anini xabar bergan. Shundan so‘ng nikoh-nikohda, osh-oshda qolib kuyavni
qidirib ketkanlar. Nihoyat, yarim kechada hammomning tahoratxonasi yonidag‘i bir
og‘ilning oxiridan qonig‘a belashib yotqani holda topqanlar. Bechora tahorat uchun
og‘ilg‘a kirganda tovush chiqarmasliq yeriga xanjar urib, oxirg‘a tiqib ketkan ekanlar.
Juda qiziq gap... Kim o‘ldirg‘an va nima uchun o‘ldirilgan hech kim bilmaydir,— dedi.
Otabek tamom onglashilmag‘an bir holatda qolg‘an edi. Bu xabardan quvonishg‘a-da
bilmas va xafalanishg‘a ham yo‘l topmas edi. Raqibning o‘ldirilishi uning tamom so‘nib
bitkan umidini yana qaytarg‘andek bo‘lsa ham, nima uchundir ul bu ishdan o‘ziga tinchlik
ortdira olmag‘an, aksincha tinchsizlana boshlag‘an edi. Bu foji’adan ortiqcha asarlangan
usta Alim «voy bechora-bechora», der edi.
— Birarta dushmani borlig‘i ma’lumdir, axir? — deb so‘rab qo‘ydi.
— Albatta bordir, — dedi usta Farfi va Otabekka qarab qo‘ydi. Bu qarashdan Otabek
borliq-yo‘qliq holg‘a kirgan edi. Usta Farfi davom etdi: — Dunyoda qanday odam yo‘q,
deb o‘ylaysiz, kishining rizqig‘a tupurganlar, oxiratini o‘ylamag‘anlar hamma yoqda ham
to‘lib yotibdir, — dedi, yana Otabekka qarab oldi... Otabek yorilish darajasiga borib
qaytdi... Usta Farfining bu keyingi qarashini usta Alim payqag‘an edi va usta Farfining bu
to‘g‘rida bir narsa bilib-da, so‘zlashka Otabekdan mulohaza qilib to‘xtadimi, deb
o‘ylag‘an edi:
— So‘zlay beringiz Farfiboy, bu kishi o‘zimizniki-dir,— dedi.
— Nimani so‘zlay berayin?
— Komilbekning dushmani to‘g‘risida bilganingizni.
— Men sizga bir narsani bilaman, dedimmi? — dedi va kulib Otabekka qaradi: — bu
odamning o‘smoqchilashini qarang-a?
Bu so‘z bilan Otabek bir oz yengillashdi.
— Menga bir-ikki qayta qarab olg‘aningiz uchun bilsangiz ham so‘zlashka mendan
yotsindingizmi, deb usta o‘yladilar shekilli, — dedi Otabek.
— To‘g‘risini aytsam, siz bu to‘g‘rida bir narsa bilasiz, lekin so‘zlashka Shokirbekdan
cho‘chib turasiz, — dedi usta.
— Quruq tuhmatni qo‘ying-chi, — dedi usta Farfi.
— Quruq tuhmat emas, bilib tuhmat, — dedi usta va:— Shokirbek siz o‘ylagan
kishilardan emas, aslo tap tortmay so‘zlay bering, — dedi.
— Astag‘firulloh, — deb kulib qo‘ydi usta Farfi va bir oz o‘ylab olg‘ach dedi: — Siz
bilan menga shu narsa-ning nima zarurati bor, usta!
— Avvalo so‘zlamayturg‘an bo‘lg‘andan so‘ng puk berish kerak emas, tildan ilingandan
keyin bizga zarurati bo‘lmasa ham bilganni aytish kerak, — dedi usta Alim.
Ayniqsa ustadan ko‘ra ham Otabek sabrsizlana boshlag‘an edi. Hozirgina o‘ylab
turg‘an jo‘nash masalasi ham uning esidan chiqg‘an, chunki raqibining qotili kim
ekanligini bilib olish hammadan ham unga qiziq va ahamiyatli edi.
Usta Farfi endi aytmasa bo‘lmaslig‘ini ongladi, shu-ning uchun Sayfiga
ishonmag‘ansumon qaradi:
— Jiyan, sen yoshsan hali, sening og‘zingga ishonch yo‘q, — dedi va: — bir oz
do‘koningga borib tur, achchig‘ing chiqsa ham.
Usta Alim ham qaynisini turishka ishorat qildi va o‘radan savzi olib to‘g‘rashga
buyurdi. Bola ketgach, usta Farfi ohistagina dedi:
— Agar gumonim to‘g‘ri bo‘lsa, Komilbekning qotili Homiddir.
Bu so‘z Otabekni ajabsintirg‘andek, usta Alimga ham g‘arib eshitilgan edi.
— Homid deysizmi?! — deb so‘radi usta Alim.
— Homid, — dedi, yana sekingina usta Alimdan so‘radi: — siz Umarbekni Homidg‘a
yaqin do‘st ekanligini bilarsiz, albatta?