www.ziyouz.com kutubxonasi
146
— Men o‘zimning yangi mehmonimni ko‘rpachaga o‘tquzmoqchi bo‘laman, — dedi
kulib usta Alim.
— Men sizning ko‘rpachangizga ko‘b o‘lturganman, endi menga ortiqcha
takallufingizning hojati yo‘q.
— To‘g‘ri so‘zlamaysiz, Otabek, bu kungacha manim ko‘rpachamda o‘lturib yurgan
Shokirbek otliq bir yigit edi. Endi men o‘zimning yangi mehmonim bo‘lg‘an Otabekni
siylamoqchi bo‘laman... Qani, Otabek, ko‘rpachaga chiqingiz!
Otabek ustaning latifasiga kuldi-da, ko‘rpachaga chiqib o‘lturdi. Bu vaqt Jannat
opaning «shahid o‘lgan bolam» deb yig‘lag‘an tovushi eshitildi-da, Otabek gunohkor bir
yuz bilan usta Alimga qaradi. Ul esa Otabekning bu qarashidag‘i ma’noni sezgan edi:
— Zap qilg‘ansiz, Otabek, — dedi usta, — yomonlarning jazosi shunday bo‘ladir...
Yoningizda kishilaringiz bor edimi?
— Yo‘q.
Usta Alim Otabekka tushuna olmay qarab turg‘ach, so‘radi:
— Uch dushmanga qarshi yolg‘iz o‘zingiz?
— Yolg‘iz o‘zim! Xudo yomong‘a jazo beraturgan bo‘lsa, shundoq bo‘lar ekan.
Usta Alim tamom ajabda qolg‘an edi:
— Subhonolloh! Qanday yuragingiz bor ekan, Otabek! Qo‘lingizdan boshqa yeringizda
jarohat yo‘qmi?
— Yo‘q. Bo‘ksam ustiga bir oz xanjar uchi tegib o‘tkan bo‘lsa ham ahamiyatsiz.
— Xudoga shukur, Otabek! Sizning bu ishingizdan qayin otangizning xabari bor edimi?
— Yo‘q edi. Bu ishni hozirg‘acha bir o‘zim va bir tangri bildi. Endi bu sirni
bilguchilarning uchunchisi siz bo‘ldingiz!
— Astag‘firulloh! — deb qo‘ydi usta Alim, — raqibingiz Homidni birinchi martaba usta
Farfi orqaliq tanig‘aningizmi?
— Birinchi martaba tanishim, — dedi uflab olib Otabek, — bunga ham sizning bilan
bo‘lg‘an oshnalig‘im ko‘mak berganlikdan sizga minnatdorlik qilishdan ojizdirman.
— Sizning aqllar ishonmaslik qahramonlig‘ingizg‘a yuragim qinidan chiqish darajasiga
yetdi! Otabek, Homidning bu keyingi rejasini qayerdan bildingiz?
Otabek kuldi.
— Xudog‘a shukurlar bo‘lsunki, manim tortqan ohlarimni quriqqa yubormay,
kutmagan yerdan sirni bildirdi. Men sizga hikoyamni boshidan so‘zlab beraymi va yo
Homidning rejasini bilishimniginami?
— Boshidan so‘zlangiz, Otabek! — dedi hovliqib usta Alim va ish to‘qish ila mashg‘ul
Sayfini savzi to‘g‘rashqa buyurdi.
Usta Alimni hikoya tinglamak uchun hozirlang‘an ko‘rgach, Otabek dedi:
— Tahoratning sababi yodingizdan ko‘tarildi shekillik!
— Ko‘tarilgani yo‘q, Otabek, yomonning janozasidan yaxshining hikoyasi foydalik
ko‘rinadir... Qani, so‘zdan keling!
Otabek o‘zining chin do‘stig‘a birinchi marta Marg‘i-lon kelishidan tortib hikoyasini
so‘zlab ketdi. Uning uch yil ichida boshidan o‘tkanlarini bir soatlik vaqtga cho‘zilib, Sayfi
oshni suzib kelganda yo‘lda uchrashqan Rahmat bilan hikoyasini tugatdi. Usta Alim
Otabekning yelkasiga qoqib der erdi: — Sizda chin yurak bor, do‘stim. Bu yurakingiz
bilan hech vaqt dard qolmaysiz, Otabek! Ammo mendan chin ismingizni yashirib
kelganingiz uchun sizni ayblay olmayman. Biroq jum’a kun kechasi Homid izidan manim
havlimga kirib, menga o‘zingizni bildirmay ketkaningizga xafa bo‘laman, xudoy
ko‘rsatmasin bir falokat yuz berganda nima bo‘lar edi?
Oshdan so‘ng usta Alim shunday fotiha o‘qudi: