www.ziyouz.com kutubxonasi
153
so‘ng daqiqamda yana bir martaba bo‘yingizni olib o‘lish uchun dushman tomonidan uyingizga ochilg‘an tuynukchaga kirdim. Kirdim-da, sizni bo‘yingizni oldim, xafif tin olg‘andag‘i latif uxlag‘an tovshingizni eshitdim... Shu vaqt subhonolloh... o‘zimda kutilmagan bir kuch sezgan edim, ikki emas, ikki yuz dushmanga muqobala etishka o‘zimda qudrat ko‘rgan edim... Men o‘zimga bag‘ishlang‘an kuch manba’ini juda yaxshi onglar edim, mendagi bu o‘zgarish manba’i uy ichida uxlag‘uchi bir malak edi... Siz edingiz!» Kumushbibi xatning bu o‘rniga yetkanda qizarinib, bir oz o‘qushdan to‘xtab oldi va
davom etdi:
«Shundan so‘ng ikkinchi dushmanni tuynukdan chiqmayoq ishini bitirdim. Bizning foji’amizning asl omili bo‘lg‘an Homid esa go‘yo manim qo‘limda mushuk kabi o‘yin bo‘lg‘an, uni kulib turib, o‘ynab turib tilimlagan edim... Esingizda bormi, meni dor ostidan qutqarib, menga yangi hayot bag‘ishlag‘aningiz? Bu kecha ham bu ikkinchi o‘limdan qutqarg‘uchi va ikkinchi martaba menga hayot bag‘ishlag‘uchi yana siz bo‘ldingiz! Shuning uchun minnatdorlik etkuchi siz emas, men bo‘lishg‘a tegishman! Sizdan emas, otangizdan bir o‘pkalashim bor: soxta taloq xatini manim o‘z qo‘lim bo‘lib, bo‘lmag‘anini ajrata olmag‘an. Gumonimcha bu soxta xat sizga ham ko‘rsatilmagan o‘xshaydir, chunki, ayniqsa, sizning ko‘z o‘ngingizdan bu haqiqat qutila olmas edi... Har holda taqdirning bunchalik o‘yinlari turg‘an bir zamonda biz nima ham qila olur edik? Bu to‘g‘rida mendan ham o‘tkan joylari bordirkim, sizning birinchi martaba menga yozg‘an xatingiz ma’nosidan dahshatlik suratda o‘zimni tag‘ofilg‘a solg‘an va xat kelturguchini surishtirmasdan javob xati berib yuborgan edim. Shuning ila sizni-da, o‘zimni-da Homid qo‘lida o‘yin bo‘lmog‘imizg‘a katta yo‘l ochqan edim. Ba’zi ehtimollarga qarshi siz bilan ko‘rishmak menga muyassar bo‘lmadi. Umrimda birinchi martaba ko‘ngil orzusig‘a qarshi bordim. Chunki manimcha oradag‘i qora tikon supirilgan edi. Mundan so‘ng hamisha meniki edingiz. Men Toshkandda yurarman, ammo ko‘zim o‘ngida sizning haykalingiz! Ajabo, busiz menga mumkinmi?! Zavjingiz Otabek». Kumushbibi xatni o‘qub tugatdi-da, yugirgilagancha uyiga kirib ketdi. Uning bu
harakatidan qutidor bilan Oftob oyim ajabsinishib bir-birlariga qarashg‘an edilar.
Kumushbibi qo‘lida ikkinchi bir maktub ko‘targanicha uydan chiqdi-da, sham’ yonida ikki
xatni bir-birisiga solishtirib ko‘rdi. Bu xat Homidning Otabek tilidan yozg‘an taloqnomasi
edi. Bu ikki xat birinchi qarashda-yoq ikki kishi tomonidan yozilg‘anliqlarini o‘z
og‘izlaridan so‘zlab turar edilar.
Kumushbibi ikki xatni qator ushlab otasig‘a ko‘r-satdi:
— Bularga qarangiz, ota! Bizni nechog‘liq g‘aflat bosqan ekan, — dedi.
Qutidor qizining maqsadig‘a tushunib ikki turli qo‘lni darrav payqab oldi:
— Vijdonsiz, iblis, imonsiz, kofir, — deb qo‘ydi.
Kumushbibi Otabekning xatini buklab cho‘nchagiga soldi-da, soxta xatni sham’ga tutib
yondirar ekan, otasidan so‘radi.
— Shu voqi’adan so‘ng kuyavingiz aniq kelganmi edi?
— Kelgan edi, qizim.
— Bechorani nega haydadingiz-da, nega meni, loaqal oyimni bu kelishdan xabardor
qilmadingiz?
— Men uning kelishini boshqa gapka yo‘yib, sizlarga bildirmagan edim...
— Qizimizni taloq qilg‘an bir kishini Toshkand degan joydan eshikingizga kelishi sizga
g‘arib tuyulmag‘anmi edi? — deb yana so‘radi Kumush.