www.ziyouz.com kutubxonasi
154
Qutidor uyalish va o‘kinish orasida:
— Jaholat kelsa, aql qochadir, qizim, — deb qo‘ydi.
Oftob oyim bilan qutidor Homidning iblisona ishla-riga «tavba-tavba» deb muqobala
qilsalar ham, ammo Otabekning favqulodda yurakini so‘z orasida «baraka topkur,
umring uzoq bo‘lg‘ur» bilan qarshi olar edilar. Kumushbibi esa butunlay boshqa
qayg‘uda edi. Eru xotinning so‘zlari Otabekning Toshkandga ketib qolishi to‘g‘risig‘a kelib
taqaldi-da, Oftob oyim Kumushdan so‘radi:
— Senga kelishidan aytkanmi?
Kumushbibi siltalash nazari bilan ularga qaradi va keskin ohangda javob berdi.
— Aytmagan!
Eru xotin ma’nolik qilib bir-birlariga qarashib olg‘ach, orada uzoqqina sukut boshlandi.
Kumush quti-dorg‘a savol nazari bilan bir-ikki qayta qarab ham qo‘ydi.
— Kelib qolsa yaxshi, — dedi nihoyat qutidor, — kelmasa, Toshkandga o‘zimiz
tushamiz-da, — deb xo-tinig‘a qaradi.
Bu so‘z Oftob oyimg‘a yoqmag‘anliqdan yuzini chetka burdi. Ammo Kumush otasidan
rozi qolib, onasig‘a qaradi.
— Qizing har qaysi yerda bo‘lsa ham sog‘ bo‘lsin, — dedi xotinig‘a qutidor. — Eriga
topshirib, sen bilan manim tinchkina duo qilib o‘lturganimiz ma’qul o‘x-shaydir.
— Endi qizingizning bir kami kundash balosi edimi?— dedi sapchib Oftob oyim.
Qutidor xotinig‘a kulib qaradi:
— Eri yaxshi bo‘lsa, kundash balosi nima degan gap?
— Eri ming yaxshi bo‘lsin, baribir kundash kundashligini qila beradir. Mashoyixlar
bilmasdan «kundash» demaganlar.
Qutidor qizig‘a qarab kuldi va xotinini yupatdi:
— Hamma vaqtga emas, qo‘rqma.
— Menga qolsa bir kunni ham ko‘b ko‘raman, kundash bilan kechirilgan kun — kunmi?
— Kuyavingning shuncha qilg‘an jonbozlig‘ini unutdingmi?
— Nega unutay, — dedi Oftob oyim. — Kelsin. Mana bosh usti, bolam bir emas ikki.
Uldurki, qizimni kundash ustiga yuborishg‘a tish-tirnog‘im bilan qarshiman.
— Besh-olti kunga ham-a?
— Necha kunga?
— Menga qolsa bitta-ikkita bolaliq bo‘lg‘uncha tur-sin, deyar edim. Sen bunga
ko‘nmasang, bir-ikki oy turib kelsin, loaqal. Bir yigit qizingni deb ikki yillab sarson
bo‘lg‘anda qizingni ikki oylik kundash azobidan hayf ko‘rish juda uyat, axir!
Qutidor «bitta-ikkita bolaliq» so‘zini aytkanda Kumush qizarinib yerga qarag‘an edi.
Oftob oyim eri-ning keyingi so‘zi bilan anchagina bo‘shashdi:
— Bir oydan ortiqqa men rozi emasman, shunda ham kuyavimning yaxshilig‘i uchun,
— dedi.
— Ana endi o‘zingga kelding, xotin.
— O‘zimga kelsam-kelmasam shartim haligi, shunda ham o‘zim birga borib kelaman.
— Albatta, o‘zing birga borasan, qudalaring bilan tanishmog‘ing ham zarur.
— Qachon yubormoqchi bo‘lasiz endi? — deb so‘radi Oftob oyim. Qutidor bir oz o‘ylab
olg‘ach, Kumushka qarab javob berdi:
— Otabek bilan ketma-ket chopishmog‘imiz ham uncha ma’qul ko‘rinmaydir. Undan
so‘ng qish kuni arava safari ham qulay ish emas. Shuning uchun oradag‘i uch oy qishni
o‘tkazib jo‘narmiz, — dedi. Kumushning uch oy muddatni eshitgach, juda ham hurpayib
ketkani uchun bo‘lsa kerak, — balki o‘zi ham birar oylarda kelib qolar, — degan so‘zni-da
qo‘shib qo‘ydi.