www.ziyouz.com kutubxonasi
151
Qutidor bir tomondan dahshatka tushsa, ikkinchi jihatdan Otabekning dov yuragiga
hayron qolar edi.
— O‘ziga jarohat olmag‘anmi? — deb so‘radi qutidor.
— Bo‘ksasi bilan qo‘lidan yaralang‘an bo‘lsa ham zararsizdir.
Usta Alim qutidorning ba’zi bir e’tirozlariga qarshi Otabekning qutidor tomonidan
quvlang‘anidan tortib, shundan beri Marg‘ilong‘a yetti-sakkiz martaba kelib ketkanini,
har bir kelishida o‘zining uyiga kelib tushkanini va qalin o‘rtoq bo‘lib olg‘anlarini,
shundoq bo‘lsa ham Otabekning o‘zidan chin ismini yashirib yurg‘anini, jum’a kuni usta
Farfidan birinchi martaba o‘z raqibini tanishini, nihoyat bu kungina unga chin ismini
ochqanini so‘zlab chiqdi.
— Taloq xati-ku soxta ekan, — dedi qutidor, — nega biznikiga bir kelgani bilan qaytib
kelmadi ekan?
— Chunki uning so‘ziga qaraganda, siz uni og‘irroq tariqa bilan darbozangiz yonidan
jo‘natqan ekansiz, — deb izohladi usta. — Toshkanddan uylanishida sizning bilfe’l bosh
qo‘shishingizni faqat qizingizni undan chiqarib olish uchun qurilg‘an bir hiyla ekan, deb
o‘ylab, qaytib eshikingizga oyoq bosmag‘an, hatto xotinini qozig‘a chaqirish to‘g‘risida
fikri bo‘lsa ham, siz bilan uchrashishdan qochib bu fikridan ham qaytqan, ya’ni sizning
qizingiz bo‘lg‘ani uchun suygan xotinidan ham kechmakka qaror bergan.
Qutidor hali ham Otabekning ruhiga tushuna olmag‘an edi:
— Mendan o‘zi xafa bo‘lg‘an bo‘lsa, orag‘a kishi qo‘ysa ham bo‘lar edi.
— Shundog‘ qilsa ham bo‘lar edi, — dedi kulib usta Alim, — men hali undan shunday
deb so‘rasam, «O‘zimga ishonmag‘an kishi kishi so‘ziga kirarmidi, deb o‘yladim», deydir.
Kuyavingizning qiziq tabi’atini shundan ham yaxshi bilib olsangiz bo‘ladirkim, shu
choqqacha ota-onalari ham bu foji’adan xabarsiz ekanlar.
— Qiziq yigit, — dedi qutidor, — mendan ham katta nodonliq o‘tkan.
— Hammasi ham taqdirning ishi, amak, bu orada siz bilan manim hech bir ixtiyorimiz
yo‘q.
— Albatta yo‘q, — dedi qutidor va so‘radi: — o‘zi siznikidami?
— Bu kun peshinda Toshkand jo‘nab ketdi.
Qutidor tushuna olmag‘an edi:
— Nega-nega? — deb so‘radi.
— Nega... sababini men ham yaxshi tushuna olmadim.
— Qaytib keladirgan vaqtini aytkandir?
— Bu to‘g‘rini so‘rag‘an edim, muhmalroq javob berdi,— dedi usta va yonini kovlab
xatni oldi. — Bu xat karimangizga bo‘lsa kerak, endi menga ruxsat, — dedi va fotiha
o‘qub o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
— Men sizga dasturxon yozdirishni ham unutqanman, qo‘zg‘almangiz!
— Rahmat, amak, hozircha meni kechirib turasiz, ammo bapirja kattaroq ziyofatni
unutmaysiz, — deb kuldi usta Alim. Qutidor uni ko‘chagacha kuzatib chiqdi.
Kumushbibi daricha orqasidan hamma gapni eshitib olg‘an va hissiyotini yum-yum
yig‘lab o‘tkargan edi.