www.ziyouz.com kutubxonasi
158
so‘zidan keyin bir ko‘zdan deyarlik hojining yuziga ti-kilgan edilar. Hoji miq etmay o‘ltura
bergach, Qambar sharbatdor o‘zining xipcha tovshi bilan qushbegining gapini kuchlab
tushdi:
— So‘zingiz juda to‘g‘ri, qushbegi, — dedi, — siz aytkandek, bizga ikki yo‘l bor:
qipchoqni qirib yo‘yish va yoki butunlay qipchoq qo‘lida qolib ketish.
Yusufbek hoji ko‘tarilib Qambar sharbatdorga qaradi va majlisni yer ostidan kuzatib
chiqib, yana jim qoldi.
Karimqulponsad hojini turtmak maqsadida:
— Kengashlik ish tarqamas, deganlar. Hoji akamiz o‘ylashib javob bersinlar-chi, axir,
— deb qo‘ydi.
— Bilmadim... — dedi nihoyat hoji, — sizlarning muddaonglarga tushunmadimmi yoki
tushunsam ham o‘zimga yotishib kelmadimi, hayronman.
Niyoz qushbegi boshini qashib oldi:
— Nimasiga hayronsiz, hoji!
— Maqsadlaringiz Qambarbekning aytkanidek qipchoqni kesishmi?
Qushbegi ikkilanmay javob berdi:
— Kesish!
— Sizlarni, — deb istehzolanib kuldi hoji, — bu ishka nima va kim majbur qiladur?
Qushbegi yoronlarig‘a qarab oldi:
— Savolingiz qiziq, — dedi, — sababi bizlardan ham ko‘ra sizga ma’lum bo‘lsa kerak-
ku.
— Durust aytasiz, — dedi hoji boshidagi sallasini olib, — Musulmonqulni haydamoqqa
majbur bo‘lg‘an edik — haydadiq. Barcha yomonliq o‘shaning boshi bilan birga
ketkandek qipchoq og‘aynilar ila totuklashdik, qipchoqlarning eski adovatlari bitdi... Bas,
bizga tag‘in nima kerak?
Hojining bu gapi majlisni bir-birisiga alanglatib qo‘ydi. Ammo qushbegi sirni boy
bermas uchun tirishkandek qilib kuldi:
— Musulmonqul endi tinch yotar, deb o‘ylaysizmi?
— Albatta, o‘ylamayman, lekin Musulmonqulni tin-chimaydir deb ho‘lu quruq
qipchoqqa tig‘ tortish hech bir aqlg‘a sig‘adirg‘an gap emas. O‘zingiz qushbegi ay-ting-
chi, biz bu kungacha yomonliqni kimdan ko‘rdik? Qipchoq otlig‘ xalqdanmi yoki uning
sanog‘liq bo‘lg‘an bir necha kishilaridanmi?
— Nafsilamrni aytkanda, biz qipchoq deganning har birisidan ham dakki yeb kelamiz.
— So‘ngizda yanglishliq bor, qushbegi! Agar siz naf-silamrga qarasangiz ikki xalqni
bir-birisiga sovuq ko‘rsatib, adovat tuxumini sochib kelguchi bir nechagina odam bor...
Menga qolsa mamlakatni tinchitish uchun shular to‘g‘risida o‘ylash kerak. Nainki, to‘rtta
muttahamni deb butun bir xalqqa hujum qilish!
— Siz aytkandek, yomon to‘rttagina emas, hoji! Sahrodan kelgan har bir qipchoq
bizning yelkamizga minmakchi. Bizning tovog‘imizga tumshug‘ini tiqmoq-chi— bunga
qolganda ishni bir oz yengil o‘ylab turibsiz, hoji aka!
Qosim mingboshi:
— Hoji akamning hamma gaplari faqat rahmdillikdan aytiladir, — dedi, — ammo
o‘ylash kerakki, qipchoq bu kungacha ozg‘ina og‘aynining qonini to‘kdimi? Anovi kun
Marajabbek bilan hisoblashib ko‘rsak, Qo‘qonning o‘zidan ikki yilning ichida yetmish
sakkiz bek o‘ldirilibdir. Hali bu hisobka fuqarodan o‘ldirilgan bechoralar kirmaydir.
— Men bu haqiqatlardan tonib turg‘anim yo‘q, mingboshi. Ammo biz senga sen, deb
javob bermasak, bizniki aql va insof doirasidan chiqmasa deyman...
Oradan birav hojining so‘zini bo‘ldi:
— Aql, insof bilan ish qila-qila endi juda to‘ydik.