www.ziyouz.com kutubxonasi
159
Hoji sukut qildi, o‘zining shunchalik gaplarini havog‘a ketib turg‘anini, majlisning
Niyoz qushbegi ruhida borganlig‘ini yaxshi sezdi. Mundan boshqa Niyoz qushbegining
bunday bir fikrga kelishi uchun uni nima majbur qilg‘an — buni ham ochiq ongladi. Niyoz
qushbegining barcha kinasi O‘tabboyning mingboshi belgulangan kunidan
boshlang‘anini, «men turg‘an yerda, qipchoq mingboshi bo‘lsinmi!» degan kek orasida
bu fikr faqat uning tomonidan maydonga chiqarilg‘anlig‘i Yusufbek hojining
mulohazasidan o‘tdi. Majlisning boshqa a’zolarig‘a bo‘lsa, ish yo‘g‘idan yumish chiqa-
rishqa talabgor bekorchilar, deb qaradi.
Albatta, el foydasidan ko‘ra o‘z manfaatini olding‘a surg‘uchi bu cho‘talchi beklarga
qarshi hojining sovuqqonliq saqlay olishi va asabiylashmasligi mumkin emasdi.
— Beklar, — dedi, — manim hamma mulohazam yurt, el manfaati nuqtasidan turib
aytiladir. Men hech bir vaqt inkor qilaolmaymankim, yolg‘iz o‘z g‘arazi yo‘lida ish
qilg‘uchi palid kishilar qipchoqlar orasida bor bo‘lg‘anidek, bizda ham yo‘q emas... Balki
anovilarda o‘nlab bo‘lsa, bizda yuzlab bor. O‘zi bizning ko‘zimizga itdek sovuq ko‘ringan
qipchoq bachcha Normuham-madning el uchun qilib turg‘an to‘g‘ri xizmatini men o‘z
umrimdagi Toshkand beklari orasida birinchi martaba ko‘raman. Buni siz, yaxshilar ham
inkor qila olmassiz. Bas, ayb qipchoqda emas, balki uning manfaati shaxsiyasi yo‘lida ish
ko‘rguchi boshliqlarida va qipchoqlar o‘ylag‘andek gunoh qora choponlilarda bo‘lmay,
balki uning uch-to‘rt ma’nisiz beklarida!.. Burodarlar! O‘rus o‘z ichimizdan chiqadirg‘an
fitna-fasodni kutib, darbozamiz tegida qo‘r to‘kib yotibdir. Shunday mashhar kabi bir
kunda biz chin yovg‘a beradirgan kuchimizni o‘z qo‘limiz bilan o‘ldirsak, sen falon deb
qirilishsaq holimiz nima bo‘ladir. Bu to‘g‘rida ham fikr qilg‘uchimiz bormi? Kunimizning
kofir qo‘lig‘a qolishi to‘g‘risida ham o‘ylaymizmi yoki bunga qarshi hozirlik ko‘rib
qo‘yg‘anmizmi?!
Hoji o‘zini tutolmay ko‘z yoshisini oq soqolig‘a quyib davom etti:
— Mana, burodarlar! Siz o‘z qipchog‘ingiz uchun qabr qazig‘an fursatda, sizga
ikkinchilar tobut chopadir. Biz qipchoqqa qilich ko‘targanda, o‘rus bizga to‘p o‘qlaydir.
Siz dunyoda o‘zingizning yagona dushmaningiz qilib qipchoqni ko‘rsangiz, men boshqa
yovni har zamon o‘z yaqinimg‘a yetkan ko‘raman! — dedi va ro‘ymoli bilan ko‘z yoshisini
artib o‘rnidan turdi. — Agarda dunyodan o‘tayozg‘an bir keksangizning maslahatiga
quloq bersalaringiz bu fikringizdan qayting, burodarlar! Illo Yusufbekni o‘ldig‘a chiqarib,
bu shum ishingizdan meni tashqarida hisoblangiz! — dedi va majlisning o‘lturing,
to‘xtang so‘ziga quloq solmay, o‘lturishni tashlab chiqdi.
Hoji darbozadan chiqmag‘an ham edi, Niyoz qushbegi xaxolab kulib yubordi:
— Voy vahmang qurg‘ir, hoji! Bu kun ko‘knori ichkan ekan, shekillik! — dedi.
Boshliqdan kulgiga ruxsat berilgach, boshqalar ham kulishib, orada ola-g‘ovir
boshlandi.
— Yo‘q, — dedi Qambar sharbatdor, — hoji akaning yoshi qaytib, ko‘ngli juda ham
bo‘shashib ketibdir!
— Voy xo‘vari hoji, — dedi Niyoz qushbegi, — oldidag‘i ovni ko‘rmay, uzoqdagi yovni
ko‘radir!
— Xudda-xudda!
Muhammad Rajab qo‘rboshi boshini chayqab Niyoz qushbegiga qaradi:
— Men sizga aytib edim-a, qushbegi, — dedi, — hojini har narsaga ko‘ndirsangiz ham
bu gapka ko‘ndi-rolmassiz, deb.
— Men uni kela bermay ovora qilg‘anidan ham payqag‘an edim.
— Kecha bir oz xomsigan edi, — dedi Karimqul ponsad.
— Ish buzildi-da, — deb qo‘ydi Muhammad Rajab qo‘rboshi.
— Nega buziladir? — deb so‘radi qushbegi.