2. QORONG‘I KUNLAR Otabek Marg‘ilondan qaytib kelgandan keyin o‘n kunlar o‘tkazib usta Alimdan bir xat
olg‘an edi. Usta Alim xatida qutidorg‘a uchrashqanini hamma mayda-chuydalarigacha
yozib kelib aytar edi: «Siz xiyonatni payqag‘uncha qayin otangizg‘a qandog‘ kina saqlab kelgan bo‘lsangiz, ul ham sizga o‘shandog‘ kinalik ekan. Meni va oilamni tahqir etdi deb, bu haqoratni umr bo‘yi unuta olmasligini tushunib, o‘t ichida yurar ekan. Mendan haqiqati holni onglab juda shoshib qoldi, hatto hushi boshidan uchdi. Ichkaridan aniq ma’lumot bera olmasam ham, ammo ularning ham qayin otangiz holig‘a tushkanlarini mulohaza qildim. Qayin otangiz sizning o‘tkan holingizning og‘irligini tasavvur qilolmag‘anidek, dushmanlaringizga bergan javobingizni taqdir etish uchun ham so‘z topolmas edi. Har holda orangizdag‘i kinaning dushmaningiz bilan birga supirilg‘aniga shubha yo‘q”. Maktubning yana bir o‘rnida: «Sizning qayerda bo‘lg‘anlig‘ingizni so‘rag‘an edi, men bilganimni aytdim. Kelarmikin degan edi, bunga ham o‘zingizning o‘shal muhmal javobingizni berdim. Fikrimcha, qishda bo‘lmag‘anda ham, ko‘klamga chiqib o‘zlari Toshkand tusharlar, deb o‘ylayman”. Xatning oxirida: «Sizdan bir kun so‘ng Homid o‘ldi. Haytovur bir og‘iz so‘zsiz to‘ng‘iz qo‘pibdi. Men o‘lar chog‘ida ham sizga bir tuhmat to‘qirmi, deb qo‘rqqan edim. Qutidorg‘a hech bir jarima ortmabdirlar. Maqtul-larning egalari hech kimni tutib ko‘rsatolmag‘anlari uchun mahkamalar ham ishni tekshirmay qo‘ydilar. O‘ylashimcha, hech kim bilmaganda ham, sirni o‘lgan Sodiqning onasi bilsa kerak edi. Ammo uning ham dami ichida, so‘rag‘anlarg‘a xudodan ko‘rdim, deb javob berar emish. Bul xotinning qo‘lidan har bir ish keladir deb o‘ylab, o‘tkan kun qayin otangizg‘a aytdim: begona