www.ziyouz.com kutubxonasi
166
— Shu ham gapmi, xudoyo tavba!
Adim sayin bir o‘lukka uchrar edilar. Ali sanab kelar edi, guzarga yetkanda sanoq
yetmishdan ortdi. Hali bu birgina to‘g‘ri ko‘chaning hisobi bo‘lib, keng Tosh-kandning
o‘zga ko‘chalarini ham hisobga olg‘anda faji’ bir adad tashkil etishi ma’lum. Guzarning
ichiga kirganda qator chizilg‘an qirq chog‘liq o‘luklarni ko‘rdilar...
Kun asrdan og‘ib shomga yaqin, shuning uchun guzardagi do‘konlardan ochug‘i uch-
to‘rtta, jumladan, Hasanali ham yarim ochiq do‘konni oldida o‘lturar edi.
— Sog‘ keldingizmi, bek! Biz bu yerda yuz xil vasvasaga tushib tashvish tortdiq, —
dedi Hasanali.
Otabek boshqa xayolda edi. Hasanalining so‘zini go‘yo eshitmagandek so‘radi:
— Bu kun dadam qayerda edi?
— Sizdan keyin o‘rdaga ketkan edilar. Bir soatdan keyin shoshqannamo qaytib
keldilar-da, sizni so‘radilar, shundan so‘ng qayoqqa ketkanlarini bilolmadim.
— Qachondan boshlab qipchoqni so‘ydilar?
— Otangizni kelishi bilanoq, — dedi Hasanali va entikib foji’ani hikoya qildi. — Ey...
bek, rahmsizlik bunaqa bo‘lar ekan... Xudda qiyomat bo‘ldi! Bechoralar nima gunoh
qildilarkin? Uyida halol kasbini qilib o‘turg‘anlarg‘acha tutib so‘ydilar... Ey bechoralar,
qanday gunohlari bor ekan?! Yigitlar tutib kelturib turadilar, jallod bosh kesib boradir. Bu
nogahoniy qazodan eslari chiqib ketkan bechoralar yig‘lashadilar... Ayniqsa bir
bo‘yoqchi... xudda xum yonidan tutib kelganlar — qo‘li bo‘yoq... Ey xudo, men nima
gunoh qildim, deb yig‘laydir... Chidab bo‘lmadi, do‘konini yopib qochdim, ko‘plar ham
qochdilar... tag‘in bir...
— Bas, — dedi Otabek. Hasanali hikoyadan to‘xtadi, chunki bekning yuragi ezilib
oqish darajasiga yetib, Ali Ota bilan xayrlashmasdanoq qochqan edi...
Uyga borib kechki oshni ham yemadi va otasig‘a ham uchrashmadi, go‘yo shu
yirtqichlar dunyosidan yashi-ring‘andek oq kundayoq to‘shagiga yotib, ko‘rpasiga
burkanib oldi. Uning bu holiga uy ichi tushunganlari uchun, nima qildi, deb so‘ramadilar
va yonig‘a ham kelmadilar...
Yusufbek hoji ertalab choyni Otabek bilan birga ichish uchun mehmonxonag‘a chiqdi.
Otabek tersaygancha kelib choyg‘a o‘lturdi, otasiga salom bermadi. Chunki ul o‘z otasini
qipchoq qirg‘inining bosh omilla-ridan deb qaror qo‘yg‘an edi. Choy yarimlay yozdi.
Oradan churq etkan so‘z chiqmadi.
Nihoyat, o‘g‘lig‘a yengillik berish niyatida hoji tilga keldi:
— Xafa bo‘lma, o‘g‘lim.
— Sizlarga o‘xshab, — dedi istehzolanib, — quvo-naymi?
Hoji o‘g‘lining qandog‘ fikrda va nima uchun tersayganini bildi.
— Yanglishasan, o‘g‘lim.
— Rajabbeknikidagi majlisda, — dedi zaharxanda bilan, — bu yirtqichlarning rejachisi
kim edi?
Hoji entikdi va:
— Rajabbeknikida bo‘lg‘an majlisni sen bilasanmi?..— deb so‘radi.
— Bilaman.
— Bilsang, — dedi hoji, — manim ustimga mundog‘ tuhmat orttirishdan uyal, bola!
— Rajabbeknikida bu kengash bo‘lmag‘anmidi?
— Bo‘lg‘an edi.
— Bo‘lg‘an bo‘lsa, tag‘in nega o‘zingizni quruqqa olasiz?
Yusufbek hoji boladan kulgandek qilib iljaydi.
— Ba’zi yengil muhokamalaring onangnikidan qo-lishmaydir, Otabek! — dedi. —
Majlisdan xabaring bo‘l-g‘an bo‘lsa, kim qaysi fikrda qolg‘anini ham bilarsan?