3. QIPCHOQQA QIRG‘IN Kechki soat to‘rtlarda Qoymas darbozasidan qaytib shaharga kirdilar-da, darbozadan
o‘n adim narida boshi tanidan oling‘an uch kishining gavdasiga yo‘liqdilar. Otabek bu
holga tushunmadi, chunki ahyonda osiladirg‘on gunohkor Eski namozgoh doriga elitilar
edi. Shunga ko‘ra darbozabonni hujrasidan chaqirib so‘-radi:
— Bular qanday gunohkorlar ekan?
Darbozabon bekni tanib qo‘l qovishtirdi:
— Taqsir, qipchoqlar.
— Gunohlari nima ekan?
Darbozabon yotgan gavdalarga qarab oldi va bekning yaqinig‘a keldi:
— O‘zlari bilarlar-ku, taqsirimning... begimga aytkulugi yo‘q...
— Gunohlari nima, axir?
— Axir qipchoqlar-da, to‘ram.
Otabek diqqatlandi:
— Qipchoqlar ekanini bildim, ammo gunohlari nima deb sizdan so‘rayapman!
Darbozabon qo‘l qovishtirg‘ancha Otabekka ajablanib qaradi:
— Aniq xabarlari yo‘qmi taqsirimning? — deb yana so‘radi.
— Yo‘q!
— Voy-boyov taqsir, bu kun ertalabdan beri ko‘rin-gan qipchoqni so‘yib yurdilar-ku.
Gunohlari surishtirilmadi, taqsir, — dedi va o‘luklarning yonig‘a yurib kelib izoh berdi, —
manovisini uyidan olib chiqib so‘ydilar, manovisi manim yonimda turg‘an darbozabon edi
— rahmatlik. Manovisini tanimayman va lekin o‘zi qipchoq bo‘lsa kerak. Otabek
dahshatlanib yonidag‘i Aliga qaradi, Ali esa yotqan jonsiz gavdalarga qarab labini tishlab
turar edi.
— Kimlar o‘ldirdi? — deb Otabek dahshat ichida darbozabondan so‘radi.
— Bu yerga kelguchilar yigirma chog‘liq edilar, o‘zimizning Toshkand yigitlaridan ham
bor, qo‘qonliqlar ham ko‘rinadilar. O‘zlari ham qipchoqni qidiraberib hamma yoqni
tozayam g‘alvir qilib yubordilar-da, taq-sir... Qo‘qonga ketkan beklardanmi, xondanmi,
ishqilib, shunaqa buyruq kepti-da, taqsir... Bizlar xizmatkor odam — nimani bilaylik,
to‘ram!
Otabek masalaga tushungandek bo‘ldi va dahshat ichida Ali bilan yo‘lg‘a tushdi. O‘ttiz
qadam bosmay tag‘in ikki o‘lukka uchradilar. O‘n adimda bir jonsiz gavda...
Endi Ali so‘ramay chidamadi:
— Nauzanbilloh, bu nima degan gap, bek aka?!
— So‘ramang!
— Yo‘g‘-a, — dedi Ali, — axir hammasi ham gunoh-kormikin?
— Gunohkor!.. — deb zaharxanda qildi bek, — Musulmonqulni bilarsiz, albatta?
— Nega bilmay, ikki oy ilgari qochig‘ini ham ko‘rdim...
— Bilsangiz, — dedi bek, — bularning hammasi o‘shaning gunohiga o‘ldirilg‘an
o‘xshaydir!