14. XUSHRO‘YBIBI VA ZAYNAB Xushro‘ybibi Zaynabning egachisidir. Mohirabonu-dan ikki o‘g‘ul va ikki qiz dunyog‘a
kelib, to‘ng‘uchi Azimbek, undan keyingisi Xushro‘y (yoshlig‘ida Xushro‘y o‘rniga Xushra
der edilar), uchunchisi Karimbek va to‘rtinchisi bizning Zaynab edi. Zaynab egachisi
Xushro‘ydan yetti yosh chamasi kichik edi. Garchi bu ikki egachi-singil bir qorindan
talashib tushkan bo‘lsalar ham, sajiya — xarakterda tanib bo‘lmasliq darajada bir-
birlaridan farqlik edilar. Sajiyadagina emas, surat va siymo vajida ham katta o‘zgaliklari
bor edi.
Xushro‘y uzun bo‘ylik, qotmaroq va zarcha tanlik edi. Zaynab qisqa bo‘y, go‘shtdor va
oq tanlik edi. Xush-ro‘yning harakati yengil va lavzi tez edi. Zaynab loppos va o‘nta
so‘zga arang bitta javob qaytaradirg‘an edi. Xushro‘yning ko‘zi o‘ynab, har sekuntda o‘n
yoqqa alang‘lar edi. Singlisi bo‘lsa birav bilan betma-bet kelib so‘zlashqanida ham ko‘zini
hamisha bir nuqtadan uzmas edi. Xushro‘yga bolaliq chog‘idayoq uy ichi va qo‘ni-qo‘shni
«shaddod» deb ism berganlar, chunki ul kimdan bo‘lsa-bo‘lsin, aytkanini qildirmay
qo‘ymas, agar birarta ish uning tilagiga teskari ketsa shovqin-suronni xudda boshig‘a
kiyib olar edi. Shuning uchun Xushro‘yning ra’yini bilmasdan qozon osilmas, unga
yoqmagan gapka og‘iz ochilmas, ul bor joyda qadam ham sanalib bosilur edi.
Zaynab egachisining aksicha o‘z yaqinlaridan «pismiq» deb ism olg‘an, onasi bo‘lsa
achchig‘i chiqg‘anda «ming‘aymas o‘lgur» deb uni qarg‘ar edi. Ayniqsa quyida zikr
qiladirg‘an holimiz bu ikki opa-singilning xarakteridagi farqlarini ochib ko‘rsatish uchun
yetadir:
Mohira oyim har bir hayitdan birar oylar ilgari eriga aytib bolalarig‘a kiyimlik oldirar
edi. Oldirg‘an kiyimlik Xushro‘yg‘a yoqmasa darrav yaramag‘anini aytib almashdirib
berishka dadasini majbur etar va ko‘ngli-dag‘ini hosil qilib tinchir edi. Ammo Zaynab
bo‘lsa o‘ziga kelgan kiyimlikka qarshi boshda bir narsa demas, kiyimlik bichilib va tikilib
ham arafa kunlari kelib yetkandan keyin hurpayib hech kim bilan so‘zlashmay qo‘yar edi.
Mohira oyim qizining birarta ishdan norozilig‘ini payqab «Ming‘aymas, pismiq o‘lgur,
tag‘in nima jin urdi seni?» deb so‘rag‘anida, Zaynab qovoq-dudog‘ini solib bir og‘iz ham
javob bermas edi. Nihoyat ertaga hayit degan kuni Zaynabning hurpayishi yig‘i bilan
almashar va yig‘i orasi maqsad ochilsa ham ko‘pincha natijasiz qolar edi. Birar joyga
mehmondorchiliq uchun boradirg‘an bo‘lsalar, Xushro‘y hammadan ilgari e’lon etar edi:
«Men ham boraman!» Albatta uni qoldirib ketish uchun endi hech kimda had yo‘q.
Ikkinchi vaqt: «Men bormayman!» Bu taqdirda uni bir qadam siljitilsin-chi! Ammo
Zaynab onasi bilan yangasi Hanifa bir joyga otlanadirg‘an bo‘lsalar, «boraman,
bormayman» demas, ular ham yig‘lamag‘an bolag‘a sut berilmas qabi-lidan
indashmasdan mehmondorchilikka ketar edilar. Kechqurun qaytib kelsalar bir burchakda
Zaynab yig‘lab o‘lturipti:
— Nega yig‘laysan?
— Nega meni birga olib ketmadingiz...
Zaynabning shu fe’li balog‘atka yetib, erga tekkandan keyin ham o‘zgarmadi.
Otabekning Zaynabka bo‘lg‘an munosabatini o‘qu-g‘uchig‘a albatta so‘zlagulugi yo‘q.
Eri unga oylab, yil-lab qaramay qo‘yg‘anida ham ul ih deb tovush chiqarmadi.
Otabekning bu holiga qarshi chiqg‘uchi va Zaynabni yo‘l-yo‘ruqqa solg‘uchi yana faqat