www.ziyouz.com kutubxonasi
208
yonig‘a kirgizmayoq qo‘yadir. Ikkinchi va uchunchi haftalarda o‘choqboshini o‘z qo‘lig‘a
olib kundashini ikkita yosh bolasi bilan tomoq vajidan ham siqa boshlaydir. Nusratbek
bo‘lsa ko‘chaga chiqg‘anda beklik da’vosini qilib, uyiga kirganda Xushro‘ybekka mute’.
Bechora katta xotin Xushro‘yning doimiy hujumiga mahkum qolib, eridan loaqal ikkita
go‘daklari yuzi uchun bo‘lsin marhamat ko‘rmay azoblanadir. Ikkinchi oylardan boshlab
Xushro‘y kundashini bo‘g‘ib urish odatini chiqaradir va o‘rim-o‘rim kundash sochini
alafdek yulib olishdan ham tortinmaydir.
Tamom jonidan to‘ygan bechora kundash uchunchi oyg‘a chidab borolmay eridan
taloq so‘raydir. Noiloj Nusratbek ham unga javob berishka majbur bo‘ladir. Alamzada
bechora ikki go‘dakni eriga tashlab ketmakchi bo‘lg‘anida Xushro‘ydan ochiqchasig‘a shu
gapni eshitadir: «Itdan bo‘lg‘an qurbonliqqa yaramas! Bolalaringdan umidingni uzgan
bo‘lsang, itbachchala-ringni bu uyda qoldir!» Xushro‘yning og‘zidan chiqg‘an bu tahdid
bechora onaning yuragini uyushdiradir. Darhaqiqat, Xushro‘yning bu ishdan ham
toymaslig‘ini aniq bilib, yig‘lay-yig‘lay bolalarini o‘zi bilan birga olib ketadir.
Xushro‘y uch oy ichida tomir yoyib qolg‘an bir oilani ildizi bilan yulqib tashlab
tinchiydir. Mundan boshqa Nusratbek kabi bir odamni ham o‘z ishoratiga qaratadir.
Endi yetti-sakkiz yil bor, ul o‘z kayficha yashab ke-ladir. Har narsadan ham mamnun,
biroq... Shuncha muddatdan beri ona bo‘lolmag‘anidan xafa, hamma qayg‘u hasrati ana
shu tug‘masliqda. Mundan ikki yilcha burun eri Nusratbek: «Olti yildan beri tug‘maysan,
ko‘r-satmagan tovuping qolmadi. Endi nima qilamiz?» deb kulgan edi, Xushro‘y erining
maqsadi nima ekanini payqab: «Bolasiz kishi dunyoda turolmaydirg‘an bo‘lsa, bir oz
zaharni boshlab sizga beraman, undan keyin o‘zim yeyman!» dedi. Shundan keyin
Nusratbek mundog‘ gapni ikkinchi gapirmay qo‘ydi. Darhaqiqat, Xush-ro‘yning bu so‘zini
hazil deb bo‘lmas edi.