* * * Oy tug‘ib, mo‘ljal yaqin yetdi. Marg‘ilondan ham Oftob oyimning yo‘lg‘a chiqish xabari
keldi. Lekin Kumushda ma’lum og‘riq boshlang‘an edi. Og‘riqning birinchi kuni Kumush
hech kimga sezdirmay yurdi. Ammo ikkinchi kun buni boshlab Otabek, undan keyin
O‘zbek oyim sezdi. Otabek ma’lum xavf ostida bu sirdan kishiga og‘iz ochish uchun
o‘zida majol topmasa ham, O‘zbek oyim darrav Hasanalini mundan olti oy ilgari
belgulanib qo‘yilg‘an doya xoting‘a yugurtirdi.
Doya kelgandan so‘ng ichkari havli erkak zotidan tozalandi. Kumushni o‘qtin-o‘qtin
og‘riq ushlamakda, doya xotin va O‘zbek oyim unga o‘zlari bilgan udimlar bilan
yordamlashmoqda edilar. Kechka tomon dard juda kuchayib ketdi, o‘qtin-o‘qtin dam-
badamga alishindi.
Tashqarida Otabek yo‘q edi. Hasanali darboza bilan mehmonxona orasida qo‘lini-
qo‘lig‘a ishqab yurinib turar va qayta-qayta axtaxonag‘a kirib to‘riq yo‘rg‘aning u yer, bu
yerini supirar edi. Hoji bo‘lsa xursand va xafaligi noma’lum bir qiyofatda «Daloyil» o‘qur
edi, har besh daqiqada ichkari tomong‘a quloq solib to‘xtar, goho darichadan Hasanalini
chaqirib «tinchlikmi» deb so‘rar edi.
Ular masjiddan shomni o‘qub kirgach, ichkaridan Oybodoq kechlik olib chiqdi. Undan
na Hasanali va na hoji og‘iz ochib hol so‘ramadilar. Taom ustida Otabekning yo‘qlig‘i
ham his etilmadi. So‘zlashmasdang‘ina lagandan bir muncha cho‘qig‘an bo‘ldilar-da, qo‘l
artishdilar.
— Xuftan aytildimi? — deb so‘radi hoji.
— Eshitmadim... Chiqa bersak ham bo‘lar, — dedi Hasanali. Shu vaqt ichkaridan
xotinlarning favqulodda qiy-chuv tovushlari eshitilib, ikkisining ham quloqlari tikkaydi va
qo‘rqa-pisa bir-birlariga qarashdilar. Qiy-chuv orasidan zaif yig‘i tovshi ham kelib
qo‘ydi... Ikkisi bir muncha kulimsirab oldilar, lekin shundog‘ bo‘lsa ham yana churq etib