1
ERDAL DEMİRKIRAN
FAQAT AHMOQLARGINA
SAKKIZ SOAT UXLAYDI
TARJIMONLAR:
DILFUZA VOHIDOVA
MAFTUNA MAHMUDJONOVA
2
Sendagi oʻzimga bagʻishlovimdir...
3
Muvaffaqiyatli insonlar kam
uxlamaydilar, kam uxlagan insonlar
muvaffaqiyatga erishadilar.
4
“Muqaddima oʻqilmaydi!” deb kim aytdi?
Ignaning teshigidan bir tuyani oʻtkazdilar.
Ignaning teshigi oʻsha oʻzimiz bilgan
ignaning teshigi edi, ammo tuyaning
beshta oʻrkachi bor edi...
5
1-bob
UYG’ONISH
Kendinning yuziga kutilmagan tarsaki kelib tushganida
quyoshning chiqishiga hali bir soat bor edi. Jin chalgandek
yotogʻidan sapchib turdi. Yotogʻi oldida katta, ajoyib bir odam
Kendinga qarab kulimsirab turardi. Sochlari oʻta gʻayritabiiy
bo’lib, har bir tolasi goʻyo kamondan uchib chiqishga shay
turgan oʻqqa oʻxshardi. Kiyimi esa toshbaqaning kosasini esga
solardi. Oyoqlari yoʻq deydigan darajada kichik, qoʻllari esa
aksincha, nihoyatda katta edi. Goʻyoki, biroz avval Kendinning
yuziga tushgan shapaloq ayni shu gʻalati odam jimjilogʻining ishi
edi. Nima bo’lganini anglay olmagan Kendin oʻziga kelgach,
tarsaki taʼsiri ostida qoʻrqqancha ikkilangan koʻyi soʻradi:
- Menga nima boʻldi?
- Qoʻrqma, xavotirli narsa emas, seni shunchaki jin chaldi!, - dedi
bahaybat qoʻlli, mitti oyoqli odam. Insonni dahshatga soladigan
bu javobdan Kendin o’zini yo’qotib qo’ydi.
- Jin?! Qanaqa jin?, - dedi Kendin asabiy, hayron va qo’rqqan
holatda.
U gʻalati odam mitti oyoqlarini xuddi bir baleron kabi mohirlik
bilan oʻynatar, havoda goʻyo pichoqning ustida aylanayotgandek
aylanar, soʻngra birdan toʻxtab, soʻzlashda davom etardi:
- Men jinman. Haligi bor ediku, “Mendan nima tilasang,
tilagingni bajo keltiraman” deydigan jin. Hah, mana oʻsha
menman!
Kendin dovdirab qoldi. Jin ekanini aytgan bu gʻayritabiiy maxluq
soʻzlashda davom etdi:
6
- Hozir, mendan nima tilasang, tila. Birgina imkoning bor; ammo
shunday bir narsa soʻraginki, oʻzing aslo qila olmaydigan ish
boʻlsin!
Kendin quvonib ketdi, chunki, bu koʻplab insonlar kutadigan,
ammo nodir holatlardagina taqdim qilinadigan shohona taklif edi.
Ammo kutilmaganda uning butun ezgu tuygʻulari haqlik daʼvosi
va hirs sezilib turgan bir munosabatga aylandi va Jinga shunday
dedi:
- Bilishimcha, bunday holatda uchta imkon berilardi. Bu
adolatsizlik emasmi?
Jinning ko’z qarashlari oʻzgardi.
- Biroz avval yoʻq edim, endi esa borman. Shu onda qarshingda
hayotingni oʻzgartirish imkoniyati turibdi. Sen esa men bilan
savdolashib oʻtiribsan. Sen qanday ajoyib maxluqotsan o’zi?
Yana takrorlayman: Birgina imkoniyating bor. Sen bilan tortishib
oʻtirmayman. Agar istagan narsang oʻzing bajara oladigan bir
narsa boʻlsa, bilib qoʻy, bajarmayman. Uy, mashina, pul-mul
tilash yoʻq, bilasan!
Kendin hijolat tortdi. Jinning bu soʻzlari qarshisida hijolat tortgan
ko’yi oʻzini himoya qila boshladi:
- Menga ham adolat qil, axir! Sen kelding, meni shirin uyqudan
uygʻotding, yetmaganiga uni soʻrama, buni soʻrama deb bir
dunyo shart qoʻyayapsan.
Jin menga nima degandek bir harakat bilan:
- Oʻzing bilasan. U holda ketaman!, - dedi.
Kendin shoshilgancha oʻrnidan sakrab turdi.
- Toʻxta, toʻxta!.. Bu men uchun ulkan imkoniyat. Dovdirab
qoldim. Biroz oʻylab koʻrishimga imkon ber, iltimos!, - deya
7
insonga xos mohirona bir hiyla qoʻlladi. Soʻngra Jin yana ortiga
qaytdi.
Kendin oʻylarkan, Jin ham insonning nafsi aslo toʻymasligi,
doimo eng afzalini talab qilsa-da, hijolat chekmasligi haqida
xayol surardi. Kendin ovozini chiqarib oʻylashni afzal koʻrdi.
Maqsadi Jinning munosabatini bilish va xatoga yo’l qo’ymaslik
edi.
- Uy boʻlmaydi, mashina ham, pul ham... Kuch desam ishonchim
komilki, u ham boʻlmaydi. Nima soʻrasam ekan?
Jinning nimagadir ishora berish niyati yoʻq edi. Biroq goʻyo
asrlar davomida ichida saqlagan bir dardi boru, uni oldidan
chiqqan ilk insonga toʻkib solishga tayyordek bir kayfiyatda edi.
- Har safar sizlar bilan yuzlashganimda ayni shunday narsalarni
istaysiz. Doim koʻp pulim boʻlsin, deysiz. "Bunchalik katta pulni
nima qilasan?" desam, javob bera olmaysiz. Hech biringizda
muayyan bir maqsad yoʻq. Hozir "100 million dollaring boʻlsa,
nima qilarding?" deb soʻrasam, aniqki, javob berolmaysan.
Shunga qaramay, negadir har safar xayolingizga ilk keladigan
narsa yana "pul" boʻladi.
Kendin moddiy bir narsa soʻray olmasligini anglab yetgandi.
Quvonchdan baland ovozda hayqirib yubordi:
- Topdim. Umrimni uzaytir!
Jin vaqtni boy bermay qaytib soʻradi:
- Senga yana bir umr bersam yetadimi?
Yoʻl-yoʻl moviy pijama kiygan, quvonchdan koʻzlari porlab
oʻrnidan sakrab turgan Kendinning sevinchi koʻrishga arzigulik
edi, rosti!
- Albatta! Ortigʻi bilan yetadi, - dedi.
8
Jin xonada uyoqdan buyoqqa yurarkan:
- Ishonching komilmi?, - deb soʻradi.
Kendinning qarori qatʼiy edi.
- Ha, albatta...
Jin:
- Afsusdaman! Imkoniyatingni boy berding. Yodingda boʻlsa,
"Sen oʻzing uddasidan chiqa olmaydigan bir narsani soʻra!",
degandim, - dedi.
Kendin nima deyishini bilmay kalovlanib qoldi.
- Hoy, bir daqiqa! Bu men aslo uddasidan chiqa olmaydigan ish.
Yaxshi tushunmading shekilli, umrimni uzaytirishing haqida
gapiryapman, - dedi. Jin xotirjamlik bilan soʻradi:
- Yoshing nechada?
- 30 da, - dedi Kendin.
- Yaʼni 5, - Kendinning jumlasini toʻgʻriladi Jin. "Koʻramiz,
ikkinchi savolimga qanday boʻlmagʻur javob berar ekansan?" deb
oʻylayotgandek bir qiyofada bosh chayqadi, soʻngra ikkinchi
savolga oʻtdi:
- Insonlar oʻrtacha necha yil yashaydilar?
- 60, - javob berdi Kendin.
- Yaʼni 10, - yana toʻgʻriladi Jin. Kendin goʻyo matematika
oʻqituvchisi oʻquvchisiga tanbeh berganidek Jinni malomat qila
boshladi:
- Sen qanaqa Jinsan oʻzi? Yoki karmisan? 30 desam, 5 deysan;
60 desam yana 10 deysan...
9
Jin esa ustozidan eshitgan taʼnalarga eʼtibor bermagan isyonkor
oʻquvchi misoli "Menga sening keraging yoʻq!" degandek
maʼnoni yuzida ifoda etarkan, Kendinga bir taklif berdi:
- Men aslida, kar emasman, shunchaki, sen hisoblashni
bilmaysan. Xohlasang, birga hisoblaymiz.
Kendin oʻzining haq ekaniga aslo shubha qilmasdan jimgina
Jinni tinglardi. Jin davom etdi:
- Bolalik chogʻing 15 yil. Hozir soʻrasam, bir narsani
eslolmaysan. Yolgʻonmi?
- Toʻgʻri, - dedi Kendin, bu hisobni qayerga ketganini taxminan
chamalab.
- 15 yilni mayda-chuyda, kerak boʻlmagan ishlarga sarflaysan, -
soʻzlarida davom etdi Jin. Kendin Jindan bu mayda-chuyda ishlar
deganda nimani nazarda tutayotganini soʻradi. Jin toʻxtagan
joyidan oʻsha tezlikda soʻzlashda davom etdi:
- Yaʼni, ahmoqona teledasturlar, virtual olamdagi hayot,
boʻlmagʻur oʻyinlar, befoyda suhbatlar, samarasiz tortishuvlarni
nazarda tutyapman. Umumiy 30 boʻldi.
- Xoʻsh?, - dedi Kendin.
- Har kunning 8 soatini esa uyquda oʻtkazasan, yaʼni, kunning
uchdan bir qismini... Bundan kelib chiqadiki, sen yashagan 60
yilning 20 yili uyquda oʻtadi. Biroz avvalgi yashamagan yoki
yashadim deb taxmin qilgan 15 yilingni bunga qoʻshsak, 50
boʻladi. Umumiy 60 edi. Xoʻsh, 60 dan 50 ni ayirginchi, qancha
qoladi?
Kendin javob bermadi. Jinning oʻzi natijani aytishini kutdi. Jin
ham kuttirmay savoliga oʻzi javob berdi:
- 10... Aytmoqchimanki, sen 60 yillik umringning bor-yo’g’i 10
yilinigina yashaysan. 30 ga 5, 60 ga 10 deyishimning sababi ham
10
shu edi. Bundan kelib chiqadiki, men kar emasman, sen
hisoblashni bilmaysan.
Ammo Kendin Jinning bu soʻzlari bilan oʻzi istagan narsa
oʻrtasida biror bogʻliqlikni koʻrmadi.
- Yaxshiku-ya, ammo bularni mening umrimni uzayishi bilan
nima aloqasi bor?, - deya sodda qishloq bolasidek soʻradi. Jin
xuddi shu savolni kutgandek, izoh bera boshladi:
- Hozir tushuntiraman: Hozir sen barcha oddiy insonlar kabi 8
soat emas, balki 4 soat uxlasang, har kun uchun 4 soat
qoʻshimcha vaqt yutasan. Bu yigʻilib 60 yillik umringning yana
10 yilini tashkil etadi. Shunday qilib, 60 yil ichida yashagan 10
yilingga buni qoʻshsang, 20 yil boʻladi. Yaʼni, ikki insonning
umri. Sen mendan shu narsani, ikki inson umrini berishimni
soʻraganding. Koʻrdingmi? Bu oʻzingning qoʻlingdan keladigan
ish. Mayli, men ketdim.
Kendin bor-yoʻgʻini qimorda boy bergan omadsiz oʻyinchi
singari:
- Shoshma, ketma. Men 4 soat uxlasam, oʻlib qolaman. Oʻzi 8
soatda zoʻrgʻa oʻzimga kelaman, - dedi.
Jin toʻxtamadi. Gʻoyib boʻlish uchun katta tezlikda aylana
boshladi.
Kendin goʻyo Jin oʻzining ogʻriqli bir yeriga tegib ketgandek
siniq ovozda:
- Toʻxta, dedim. Bunday ketib qola olmaysan. Sen meni aldading,
bergan soʻzingda turmading. Kelishuvimizni esla! Agar istagan
narsam oʻzim uddalay oladigan bir ish boʻlsagina, uni bajarmas
eding... Soʻragan narsamni aslo uddasidan chiqa olmayman. Sen
esa ketmoqchisan!, - dedi. Jin tutun ustida turgancha:
11
- Buni har bir odam qiloladi... Sen ham bir insonsan!, - dedi.
Kendin Jinni qaytarish maqsadiga qisman boʻlsa-da, erishgandi.
- Ha, balki boshqalarning qoʻlidan kelar, lekin gap men haqimda
ketyapti. Men aslo uddalay olmaydigan ish bu! Har bir inson yura
oladi; ammo ikki oyogʻi yoʻq inson har qancha istasa ham
boshqalardek yura olmaydi. Agar sen mening oʻrnimga oʻsha
insonni uchratsang va u senga "Yurishni xohlayman!" desa,
"Barcha insonda oyoq bor. Qani, yur oʻzing!" deb aytarmiding?
Shumi sening adolating, Jin janoblari?
Jin uy ichida, shiftda, polda, har qayerda aylana yasab, pirildoq
singari tez aylanar, Kendin esa goʻyo eng tezkor stol tennisi
matchini tomosha qilayotgandek uni kuzatardi. Jin boʻyin
mushaklarini kuydiradigan darajada boshini tez harakatlantirardi.
Kendin qattiq qoʻrqib ketdi. Hayotida ilk bor jin bilan yuzlashgan
edi. "Uni shunchalik yomon jahlini chiqardimmi?" deb oʻylardi.
Balki, birozdan soʻng ulkan bir falokatga uchrar?! Butun
jasoratini toʻplab:
- Bas, yetar, toʻxta! Yolgʻonchi!, - deb baqirdi. Jin toʻxtadi:
- Nega baqirasan? Sening aytganlaring haqida oʻylayapman. Men
sendek shiftga qaragan koʻyi oʻylamayman, harakatlanib
oʻylayman!
Kendin qoʻrqadigan narsa yoʻqligini bilib xotirjam tortdi. Ammo
uni qiziqtirayotgan narsa Jinning hozir aytadigan soʻzlari edi.
- Oʻylab koʻrdim va seni haqli deb topdim. Faqat ortiqcha umid
qilma, sen oʻylagandek boʻlmaydi! Men faqat senga buni qanday
qilishni oʻrgataman. Uyogʻi oʻzingga havola!
Kendin yengil tortgan, nihoyatda mamnun edi. Faqat Jin fikrini
oʻzgartirib qolmasidan burun taklifni qabul qilishi kerak:
- Mayli, mayli, sen aytgandek boʻlsin...
12
Jin turgan yerida 247 marta aylandi. Toʻxtaganida esa qoʻlida
dunyodagi eng kichik va shohona bankacha bor edi. Ichidagi
suyuqlik "Oltin suvi boʻlsa kerak!" deya gumon qilinadigan bu
ajoyib koʻrinishdagi bankaning qopqogʻini ochgan Jin uni
Kendinga uzatdi va dedi:
- Qani, buni ich!
- Nima bu? Nega ichishim kerak?, - dedi Kendin.
- Koʻrinmaslik eliksiri. Kichik safarga chiqamiz.
Kendin nima boʻlayotganini tushunmadi. Xayoliga bugun qilishi
kerak boʻlgan ishlari keldi. Kendin kardiolog edi. Qoʻl ostida
boshqarishi kerak boʻlgan kasalxonasi, koʻrikdan oʻtkazadigan
bemorlari, amalga oshiradigan toʻlovlari, hisob-kitoblari va yana
oʻnlab ishlari bor edi. Shuncha yumushning orasida bittasi kelib
"Men Jinman!" deya unga koʻrinmaslik taklif qilayotgandi. Biroq
uning bu taklifni qabul qilishi, yaʼni, yoʻq boʻlib qolishi imkonsiz
edi. Goʻyo boshini kundaga qoʻyishini taklif etayotgan jallodga
eʼtiroz bildirayotgandek:
- Yoʻoʻq, aslo bunday qilolmayman!
- Oʻzing kabi oʻylama, Kendin, menga aslo bahona qilma!, - dedi
Jin. Kendin Jinning soʻzini kesdi:
- Bir daqiqa! Sen nega men bilan bu ohangda gaplashyapsan?
Meni "xoʻjayin" deb chaqirishing kerak.
Jinning xayolidan "Bu avvallari edi" degan fikr oʻtgani kundek
ravshan edi.
- Toʻgʻri. Eski zamonlar boʻlsa edi, senga "Xoʻjayin" deb xitob
qilardim. Ammo hozir koʻrib turibmanki, sen oʻzingga ham
xoʻjayinlik qilolmaysan. Ertalablari koʻrpaga oʻranib olib, zoʻrgʻa
koʻzlaringni ochasan, kechqurunlari uxlashdan boshqa hech bir
ish qilmaysan, oʻzingni ham hurmat qilmaydigan bir bechorasan.
13
Men 5226 yoshdaman, nimalarni boshimdan kechirmadim!
Mayli, gapni choʻzma-da, ich shuni...
Jinning bilgani bor edi. Koʻrinmas boʻlish uning uchun muammo
keltirib chiqarmaydigandek edi. Kendin oʻz boshligʻiga ishongan
xodim singari Jinning koʻrimsiz qoʻllarida turgan mitti
bankachaga kibor qoʻlini uzatdi.
- Mayli, hech qo’ymading-qo’ymading, ichaman u holda!, - dedi
va oltin suviga oʻxshash nomaʼlum suyuqlikni ichdi.
Koʻzi yotoqning qarshisidagi ko’zguga tushdi. Kendinning aksi
sekin-astalik bilan yo’qolib borardi. Yuz berayotganlarni hayajon
ichra kuzatib turdi. Gʻalati bir tuygʻu edi bu. Bir necha soniya
ichida Kendinga qoʻshilib pijamasi ham koʻrinmay qoldi.
- Xoʻsh, pijamam qanaqasiga koʻrinmas boʻldi?, - soʻradi
Kendin. Jin javob berdi:
- Bu xonadan chiqquningga qadar tanangga tegib turgan har narsa
koʻrinmas boʻladi. Safarimiz davomida esa hech kim oʻzimiz
istamagunimizcha bizni na koʻroladi va na eshitoladi. Yorugʻlik
tezligidan deyarli 2.5 marta tezroq harakatlanamiz. Ammo bu
tezlikni senga aloqasi yoʻq. Bu mening karomatim.
Aytmoqchimanki, men yoʻgʻimda aslo oʻzingcha tajribalar qilma.
Shuni unutma, sen hamon oddiy bir insonsan. Professional
darajada yolgʻon gapira oladigan, muttasil oʻzining haqligini
isbotlashga urinadigan, keraksiz joyda mahmadonalik qiladigan,
hamma narsani yanglish tushunadigan bechora bir insonsan.
Koʻrinmas boʻlishingga qaramay, bu odatlaring yoʻqolmaydi.
Savollaringni faqatgina oʻzimdan soʻra. Aytgancha, men
yoningdan ayrilgan ondayoq koʻrinmasliging poyoniga yetadi,
bilib qoʻy!
14
Endi butun nazorat Jinning qoʻl ostida edi. Kendin ishtirokchisiga
aylangan bu holat goʻyo bir oʻyinga oʻxshardi. Jin gapida davom
etdi:
- Oʻzing kabi bir narsaga qiziqib, uni bilishga urinadigan,
bilgandan soʻng esa bu narsani inkor etadigan tirik jonni koʻrsata
olmaysan. Shu sabab hech kimga va hech narsaga tegishga
urinma. Hamma narsani barbod qilasan. Haa, yana safarimiz
davomida istasang ham uxlay olmaysan.
Kendin bu holatdan mamnun boʻldi. Nima boʻlsa ham tezroq
boʻlishini istardi.
- Qani, endi menga tushuntir-chi! Bu ish qanday boʻladi? Men
qanday qilib kam uxlayman? Bu sayohat qayergacha davom
etadi, qachon tugaydi? Yoki "koʻp yashayman" deb umrimni
yoʻlda oʻtkazib yuboramanmi?, - deb soʻradi. Jin esa bularni hech
eshitmagandek oʻz soʻzida davom etdi:
- Va sabrli boʻlasan!
Kendinning xayoliga kasalxonada yordamchisi boʻlib ishlaydigan
sevgilisi Ohista keldi.
- Yaxshi, hech boʻlmasa kasalxonada toʻxtab oʻtaylik.
Jinning achchigʻi chiqdi:
- Nega? Bitirishing kerak boʻlgan ishing bormi?, - deb soʻradi.
Shiftning oʻrtasida yana aylanishni boshladi. Soʻngra oynaning
yon tarafida toʻxtab:
- Yoki tayyorlashing kerak boʻlgan biror hujjat bormi?, - dedi.
Har gapidan soʻng xonaning boshqa-boshqa joylarida turli
harakatlar qilgan Jin Kendinga ketma-ket savollar yogʻdirardi:
- Xodimlarning ish haqlari, befoyda majlislar, aksiyalar, ijara
haqlari, kreditlar, goʻzal yordamchining jingalak sochlari, yana
15
umringni behisob sarf etadigan boshqa-boshqa narsalar... Oʻz
haqiqatingni topishingga toʻsiq boʻlgan minglab narsalar...
Stol ustidagi pechenyelardan birini olib yeyayotgan Kendin Jinni
tushunayotgandek kulimsirab qoʻyardi. Jin biroz toʻxtadi:
- Nega sendan soʻrab oʻtiribman oʻzi, qani yur!, - dedi va ulkan
qoʻllari bilan Kendinni tutdi. Aylanishni boshladilar va bir zumda
yoʻqoldilar. Pechenye shu oradan oʻtib ketayotgan bir
chumolining oldiga tushdi, lekin chumoli uni na koʻrdi va na
eshitdi.
Dostları ilə paylaş: |