16. OY-KUNI YAQIN EDI Kumushning oy-kuni yaqin edi. Nabiralik bo‘la-dirg‘an O‘zbek oyimning ishi boshidan
oshqan, Kumushning oyi tug‘masdanoq ul beshik yasatish bilan mashg‘ul edi. Doyacha
kim, aqiqaga nechta qo‘y kerak, nechanchi kunda to‘y o‘tkaziladir, nechta erkak, nechta
xotin aytiladir va kimlar? Mana shuningdek masalalar bilan O‘zbek oyimning miyasi juda
shishkan edi. Kumushda ko‘rilgan ba’zi nishonalarga binoan nabirasining o‘g‘ul bo‘lishida
shubha qilmas — «o‘g‘ul tug‘asan, Kumush, men ham Otabekni senga o‘xshash yengil
ko‘targan edim», der edi. Kumushni xizmatdan bo‘shatilib ba’zi o‘choq-boshi
yumishlarini Zaynab idorasiga topshirilg‘anig‘a endi bir oylab bor.
O‘zbek oyim nabira masalasida qancha xursand bo‘lsa, Otabek shunchalik xafa,
chunki Kumushni ko‘rgan sayin usta Alim foji’asini xotirlar edi. Yusufbek hoji ma’lum
aldanishdan so‘ng yurt ishidan qo‘l yuvg‘an, ko‘b vaqtini mehmonxonada «Qur’on» va
«Daloyil» o‘qub kechirar, kundash orasi buzilib, o‘rtadan so‘z chiqg‘anini goho eshitsa,
ikkala kelinni o‘z oldig‘a chaqirtirib, ularni qator o‘tqazar edi. Avvalo Kumushdan o‘pka
qilib: «Oyim, har nima siz kattasiz, Zaynab yosh, kattadan-kichikka shafqat lozim,
mundog‘ yaxshi emas!» va Zaynabka qarab: «Bolam Zaynab otin! Sizdan hali yoshlik
g‘ururi ketmagan, lekin manim bolam bo‘lg‘an-lig‘ingizni siz ham unutmang!» der va
shuning singari yumshoq gaplardan keyin ikkisini duo qilib bir-birisiga salom berdirar —
«ana, shundog‘ bo‘lsin, opoq qizlarim!» deb ketishka ruxsat berar edi. Ular ketkandan