www.ziyouz.com kutubxonasi
209
— Kel, ayvong‘a chiq, — dedi, — oyimnikida eding-mi?
— Yo‘q.
— Uyingdan keldingmi?
— Ha.
Xushro‘y singlisini o‘tqazib cho‘risiga choy buyurdi. Fotihadan keyin «pochcham eson,
omonmilar?» deb so‘rag‘uchi singlisiga:
— Pochchang o‘lsin! — dedi achchig‘lanib Xush-ro‘y,— Najmiddinbek deganning
dalasiga ketkan edi. To‘rt kundan beri dovu daraksiz, o‘ldimi, qoldimi — bilmayman.
Zaynab uch-to‘rt oyning ichida kishi tanimasliq holga tushkan edi. Ilgarigi to‘lalig‘ining
yarmisini yo‘qotqanidek tusiga qarimsiqlik kirgan, ko‘z harakatida ham bir besaranjomliq
zohir va bularning ustiga har qachon unda ko‘rilgan «og‘irliq» o‘rniga asabiylikka yaqin
bir vaziyat o‘lturg‘andek edi. Zaynab egachisining haligi gapiga rizosizliq bildirdi:
— Noshukur ekansiz, opa, — dedi, — pochchamdan nolishingiz yaxshi emas, sizning
ham boshingizg‘a manim kunimni solsa nima qilar edingiz?
— Men ham Zaynab bo‘lsam, albatta solar edi, — deb kuldi Xushro‘y, — menga qolsa
har kim o‘z nafsiga yaxshiliq yoki yomonliqni o‘zi hozirlaydir...
— Tavba deng, opa.
— Men shu choqg‘acha, — dedi Xushro‘y, — bandasiga bosh egishni va bandasi oldida
tavba qilishni or bildim va orlanishim orqasida har kimning ustida yurdim...
— Katta gapirmang.
— Katta gapirsam va gapirmasam, — dedi Xushro‘y,— manim fe’lim har kimga
ma’lum va hammadan ham senga ochiq... Qo‘ychi bu gaplarni, o‘zing tinchmisan?
— Tinchligim qursin...
— Aytsang, aytmasang, — dedi opasi, — albatta tinchliging qurig‘an.
— Quritg‘an qurisin...
— Sening tinchlig‘ingni hech kim quritg‘an emas, Zaynab! Hamma jabrni o‘zing-
o‘zingga qilayapsan!
— Hamisha shu gapni aytib qolg‘ansiz,— deb o‘pkaladi Zaynab,— dunyoda kim o‘ziga
jabrni xohlaydir?
— Sen va senga o‘xshag‘anlar.
— Xudo urar...
— Aytsang, aytmasang xudo urib qo‘yipti.
— Shunday kunlarga men qolay dedimmi?
— Degansan!
Zaynab opasining istehzolik yuziga qaradi va uning nima demakchi bo‘lg‘anig‘a
tushunolmadi:
— Degan bo‘lsam ayting...
— Sen manim qanday qilib erga tekkanimni bilasanmi?
— Bilaman...
— Bilsang bilganingcha tur, — dedi Xushro‘y, — endi kelaylik sening erga tegishingga:
albatta tona olmassan, sening er qilishda tariqcha ixtiyoring va rizolig‘ing yo‘q edi,
ehtimolki ixtiyor nima, orzu nima o‘zing ham payqamas eding. Balki ixtiyor va orzularing
ham bo‘lg‘andir — biroq uni hech kim maydonda ko‘rmas edi. Shuning uchun tizgining
oying bilan dadangning qo‘lida, boshqacha aytkanda ularning tuyaga ortqan yuki, kimga
sotsa, qayerg‘a jo‘natsa ixtiyorsiz eding... Yodingda bormi, nikoh kunim men kulib,
chaqchaqlab aravaga mindim, sen bo‘lsang, uydan yig‘lab chiqding va eringnikiga yig‘lab
bording... Yaxshi, ering senga yoqdi, ammo ering faqat senga yoqqan bilan ish
bitmasligini yana xotiringga keltirmading. Ering seni tashlab qo‘ydi, sen churq etmading,
istiqboling to‘g‘risida o‘ylamading... Faqat g‘alvir suvdan ko‘tarilgandan so‘nggina, sen