* * * Ertasi kun dafn marosimi bo‘ldi. Janozag‘a Toshkandning har bir mahallasidan
deyarlik kishilar ishtirok qildi. Faqat maqtulaning eng yaqinlarig‘ina bu tantanaga yetib
kelalmadilar.
Bechora ona, bechora ota!..
Uchunchi kun ular ham kelib yetdilar... Ularning hozirgi holini tasvir etish mumkinmi?!
Yettinchi kun xatmi qur’on qilinib xalqg‘a osh berildi va shu munosabat bilan
chaqaloqqa «Yodgorbek» deb ism qo‘yildi.
Kumushning yaqinlarig‘ina emas, balki foji’adan xabardor bo‘lg‘an shaharning katta-
kichigi Zaynabka beriladirgan jazoni erta-kech kutmakda edilar. Biroq foji’aning o‘ninchi
kunlarida Zaynabning jinni bo‘lib, ochiq ko‘yi ko‘chada yurgan xabari va og‘asi
tomonidan ushlanib kishanga soling‘an mojarosi eshitildi. Zaynabning jununi qozilar va
tabiblar tarafidan ham tasdiq etilgach, uning ustidagi jazo ko‘tarildi. Darhaqiqat, aqldan
ozib ko‘chalarda ochiq kezish va kishanga tushishning o‘zi ham Zaynab uchun kichkina
jazo hisoblanmas edi.
Foji’aning yigirmanchi kunida yana xatmi qur’on qilinib, butun yurtka osh berilgandan
so‘ng, bechora bolu paridan ayrilg‘anlar Marg‘ilong‘a qaytish harakatiga tushdilar.
Yodgorbek ham Oftob oyimning quchog‘ida ketmakchi, uning olib ketilishiga qarshi hech
kim yo‘q edi.
Eng keyingi vido’lashish kuni yetdi. Otabek, qutidor va Oftob oyim (...) qabristonining
ikki tup qurig‘an chinor yog‘ochi orasig‘a turg‘uzilg‘an yangi xishtin sag‘ana qarshisida
to‘xtadilar. Sag‘ananing o‘ng boshidag‘i toshdan o‘yib yasalg‘an lavha ko‘zga chaqilib
turar edi:
La ilaha illa-ollohu Muhammadu-rasul-ulloh Hazihil markadul munavvaratu lil mazlumatil mashhudati al-mag‘furati. Kumushbibi binti Mirzakarim Marg‘inoniy, tarixi tavalludi 1248.