O’tkan kunlar (roman).
Abdulla Qodiriy
www.ziyouz.com kutubxonasi
54
Otabek bilan qutidorning gunohlari ulug‘ bo‘lg‘an-liqdan qo‘llarida kishan,
Ziyo aka
bilan Rahmatning qo‘llarida bu narsa yo‘q edi. Qutidorning yuziga o‘lik tusi kirgan,
Otabek bo‘lsa garangsigan qiyofatda. Anovilar o‘zlarini bir muncha tetik tutmoqda edilar.
Qushbegi o‘zining yozilib qo‘yilgan hukmnomasini qo‘lig‘a olib o‘qishg‘a hozirlandi.
Hamma tip-tinch, yerga qarag‘an edi:
«Menkim Marg‘ilon hokimi O‘tabboy qushbegi o‘z hukmimni xoqon ibni xoqon janobi
oliy Xudoyorxon ismi shariflaridan eshitdiraman...»
Xudoyor ismini eshitkuchi a’yon uning ta’zimi uchun o‘rinlaridan turib yana o‘lturdilar.
Qushbegi hukmini o‘qudi: «E’timodlik bir kishining shahodatiga
binoan toshkandlik
Yusufbek hojining o‘g‘li— Otabek, bu kunda xonimizg‘a qarshi bosh ko‘targan Aziz
parvonachi va o‘z otasining vakolatlari bilan Marg‘ilon kelib, bu yerdagi fuqarolarni ham
xon janobig‘a qarshi oyoqlandirmoqchi bo‘lg‘an Otabekning bu harakati ululamir bo‘lg‘an
janobga bog‘iyliq bo‘lib, uni, ya’ni Otabek Yusufbek hoji o‘g‘lini o‘lim jazosi bilan
jazolash taqozo etadir. Ikkinchi, Otabekka yo‘lda ko‘makchi bo‘lib yurgan Marg‘ilon
fuqarosi Mirzakarim qutidor ham shu jazoga sazovor tutiladir. Ziyo shohichi bilan o‘g‘li
Rahmat bu bog‘iyliqdan xabardor bo‘laturib, vaqtida hukumatka ma’lum qilmag‘anlari
uchun bir yildan zindon jazosiga mahkum bo‘lurlar!»
—
Haqsiz jazo, — deb Otabek kulimsirab qo‘ydi... Qutidor bo‘lsa chin o‘lik tusiga
kirgan edi.
Ziyo aka bilan o‘g‘li zindong‘a jo‘natildilar va Otabek bilan qutidor jallod qo‘lig‘a
topshirildilarda, shuning ila hukm majlisi tamom bo‘ldi.
Oradan o‘n daqiqa chamasi fursat kechkan edi, qushbegining a’yonga so‘zlab
o‘lturgan hikoyasini tezroq bitishini kutmakda bo‘lgan qo‘rboshi nihoyat chidalmay
o‘rnidan turdi va:
— Dor ostig‘a borib hukm ijrosi vaqtida hozir tu-rishimg‘a ijozatlari bo‘ladirmi? — deb
so‘radi. Ul bu so‘zni tugatar-tugatmas o‘rda qorovuli Pirmat ko‘rindi-da, qushbegiga
qulluq qildi:
— Bir
xotin kishi arzim bor deydir, kirsinmi?
Qushbegi qo‘rboshig‘a ruxsat ishorasini berib, Pirmatka dedi:
— Kirsin.
O‘xshamag‘an yerda bir xotinning arzga kelishi qo‘r-boshining ko‘ngliga shubha soldi.
Majhula xotinning qanday arzi bo‘lg‘anlig‘ini bilib ketishka tilasa ham qushbegidan ruxsat
olib qo‘yg‘ani uchun mahkamadan chiqishga majbur edi. Qo‘rboshi mahkama eshigidan
dahlizga
chiqar ekan, eskigina paranjiga o‘ralg‘an bir xotin qushbegi to‘g‘risig‘a to‘xtab,
bukilib ta’zim qildi. Xotinda hayajon va entikish holatlari bor edi. Shuning uchun
qo‘rboshining boyag‘i shubhasi yana kuchaydi, qushbegining ko‘zidan yo‘qolib turish
maqsadida o‘zini eshikning orqasiga olib ketmay to‘xtadi.
Xotin shoshilib kavshini yeshdida, eshik ostida nimanidir paranji ichidan oxtarindi.
Xotinning bu harakatiga tushunolmay ajablangan qushbegi:
— Ichkariga kirib arzingizni so‘zlang, opa, — dedi.
Xotin ichkariga kirdi va qushbegi oldig‘a
borib unga nimadir berdida, orqasig‘a qaytib
eshik yonig‘a kelib turdi. Xotinning berib ketkan narsasi uch, to‘rt buklangan bir qog‘oz
edi. Qushbegi sekin-sekin qog‘oz taxtla-rini ocha boshladi...
— Xudo rizosi uchun tezroq. Yo‘qsa... ikki gunoh-sizning qonlarig‘a botarsiz!
Xotinning bu so‘zidan a’yon bir-birlariga qarash-dilar. Qushbegi tez-tez qog‘oz
taxlarini ochib bitirdi va yo‘g‘on qalam bilan yozilgan uzun bir maktubni o‘qumoqqa oldi.
Maktubni o‘qub chiqish uzoqqa cho‘zilg‘anliqdan nihoyatda toqatsizlashgan edi. Oxirda
qushbegi maktubning so‘ngrog‘ig‘a kelib to‘xtadi-da, chaqirdi:
— Pirmat, Pirmat!