www.ziyouz.com kutubxonasi
52
— Marhamatingizga qulluq, — dedi Homid, — ammo shundog‘ bo‘lsa ham
qarindoshlarim to‘g‘risida xavfdaman... Buning boshqacharog‘ bir ebini topib
bo‘lmasmikin?
Boyag‘i mukofotlar qo‘rboshini chinlab bosh og‘ri-tishg‘a majbur etar edi. Bu to‘g‘rida
ul ancha o‘ylab oldi:
— Kecha qushbegi oldida Otabeklarni qay ravishda ayblab so‘zlag‘an edingiz, tag‘in
bir eshitib ishning rejasini olay-chi?
— Qushbegiga so‘zlag‘anim shunday edi — «Otabek aytdi: endi bizning Toshkand
xalqi qipchoqlarning jabru zulmi va tadbirsiz idorasi ostida yotib juda to‘ydi. Boshlab
Toshkanddan qipchoq balosini yo‘qotish uchun Azizbek va otam boshliq isyonga
tayyorlandilar. Shu maqsadda Marg‘ilon og‘aynilarini ham qipchoqlarg‘a qarshi
oyoqlandirmoq uchun meni bu yerga yubordilar. Biz tokay qipchoqlar qo‘l ostida ezilamiz
va bir hovuch dalatoblarg‘a bosh egamiz, dedi. Otabekning bu so‘ziga qutidor va Akram
hojilar qo‘shilishib, unga bu yo‘lda yordamlashmakchi bo‘ldilar. Ammo men bo‘lsam bu
gapka qarshi tushib: sizlarning bu fikrlaringiz yanglishdir, biz uch yil bo‘yi janobi
O‘tabboy qushbegining qo‘l ostlarida yashab hech bir zulm ko‘rmadik. Shu holda
hukumat ustiga iqdomimiz kufroni ne’mat bo‘lur, dedim. Otabek menga qattig‘ so‘zlar
aytdi. Pochcham ila jiyanim bo‘lsa manim fikrimda edilar, ammo uyimizga kelgan
mehmon, deb ularga ochiq qarshilik qilmadilar. Bu majlisdan keyin men bir necha vaqt
Otabek va yo‘ldoshlarining qonlari to‘kilmasin, deb bu gapni ichimga solib yurdim. Biroq
Toshkandda Azizbek va Yusufbek hojilar isyoni boshlang‘andan so‘ng, o‘zimning bu
ishimni hukumatimiz uchun xiyonat bilib, qo‘rboshi janoblariga xabar berdim. O‘zimning
sodiqona bu xizmatim evaziga janoblaridan ojizona o‘tinchim shulki, bu sirni sizlarga
bildirguvchi men bo‘lg‘anlig‘imni o‘zlaridan boshqa kimarsa bilmasin, hatto muttahamlar
ham sezmasinlar» — mana, faqirning Otabeklarni ayblashim va qarindoshlarni oqlashim
xulosasi shundan iboratdir.
— Barakalla, — dedi qo‘rboshi, — sizning bu gapla-ringiz juda ham o‘rinlik tushkan,
men ishonamankim, Ziyo aka bilan Rahmat qutulurlar.
— Buni nimaga suyanib aytasiz?
— Suyanchig‘ingiz ma’lum, — dedi qo‘rboshi, — qushbegiga Otabek ila qutidorni
osmoq fikrini bergan bu so‘z, pochchangiz bilan jiyaningizni nuchuk qutqarmasin.
— Pochcham bilan jiyanim ilgarigi so‘roqda qanday javob bergan edilar, buni xotirlay
olasizmi?
— Ularning javoblari kechagi sizning oqlashingizg‘a sira ham qarshi kelmaydir. Chunki
ular majlisda bunday so‘z bo‘lmadi, deb tondilar. Bu ersa o‘z uylariga kelgan
mehmonlarni rioya qilishlari bo‘lib chiqadir-da, yana ish sizning oqlashingizg‘a yopishib
keladir.
Homid tag‘in bir mulohazaga tushkan edi. Uning bu holini kuzatib turg‘an qo‘rboshi:
— Endi ortiq o‘ylamangiz, mulla Homid, — dedi, — orada siz qo‘rqarliq hech bir ish
yo‘q.
Homid nimadir aytmakchi bo‘lar edida, o‘ng‘aysiz-lanib to‘xtar edi. Bir kuni qayta
og‘zini jo‘plab qarasa ham yana so‘zlay olmadi. Qo‘rboshi uning bu holidan xabar topdi:
— Gapuring, gapuring, munda yot kishi yo‘q.
Qo‘rboshining bu so‘zi daldasida Homid jasorat-landi:
— Bu kun hukm majlisida pochcham ila jiyanim so‘zlaridan yanglishib ketsalar nima
bo‘ladir?
— Nega yanglishsinlar, ular bilganlaridan ortiqni albatta so‘zlamaslar. O‘lim degan
narsa ko‘z o‘ngiga kelib to‘xtag‘andan keyin Otabekdek mehmonlar rioyasi ko‘ngildan