Operativ davolash Operativ davo varikoz kasalligini davolashning radikal usulidir. Og‘ir yurak, jigar, o‘pka, buyrak kasalliklari bor bo‘lgan bemorlarda, davolash masalasi individual hal qilinishi lozim. Varikoz kasalligining xirurgik davolash usullarini ishlab chiqish va takomillashtirish o‘tgan asrning ikkinchi yarmidan boshlanadi. 1977 yilda N.Schede varikoz kengaygan tugunlarni ipak ligaturalar yordamida teri orqali bog‘lashni taklif etdi va amalda tatbiq etdi. Varikoz kengaygan venalarni bartaraf qilish uslublari O.Madelung (1934), A.A.Troyanov (1888), G.Tredelenburg (1890) kabi xirurglar tomonidan ishlab chiqilib, yanada takomillashtirildi. 1907-yilda Bebkokk varikoz kengaygan teri osti venalarini fleboekstraktor yordamida bartaraf qilishni taklif etdi.
Troyanov-Tredelenburg operatsiyasi: Bu operatsiya venalar varikoz kengayishida bajariladigan flebektomiya operatsiyasining tarkibiy qismi bo‘lib, ushbu kasallikning takrorlanishini oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi, bunda katta teri osti venasi (v.saphena magna) va uning tarmoqlari son venasiga quyiladigan joydan bog‘lanadi.
Bebkokk bo‘yicha fleboektomiya: Troyanov-Tredelenburg operatsiya-sidan so‘ng kesilgan katta teri osti venasining proksimal qismi son qismiga quyilish joyidan 0,5 sm pastlikda Talman bo‘yicha 2 marta bog‘lanadi, so‘ngra Bebkokk bo‘yicha fleboektomiya operatsiyasi bajariladi, ya’ni katta teri osti venasi (v.s.magna) Bebkokk yoki Grizendi flebekstraktorlari yordamida bartaraf qilinadi. Buning uchun kesilgan katta teri osti venasining distal qismiga flebekekstraktor kirgizilib pastga tushiriladi va shu yerdan terida kesmalar qilinib, zondning boshcha qismi teri yuzasiga chiqariladi, kesilgan vena flebekstraktorga ligatura bilan mahkam bog‘lanadi, flebekstraktor yo‘nalishga teskari bo‘lgan yo‘nalishda katta teri osti venasining asosiy o‘zani bartaraf qilinadi. Ushbu uslub shak-shubhasiz kosmetik jihatidan ustunlikka ega bo‘lishiga qaramasdan kamchiliklardan holi emas, ya’ni ekstraksiya paytida katta teri osti venasi kanalida gematomalar hosil bo‘ladi yoki katta teri osti venasi o‘zanining o‘zi uzilishi natijasida jarroh qo‘shimcha kesmalar qilishga majbur bo‘ladi.