Narat usuli: vena va uning kengaygan tarmoqlari ko‘p sonli mayda kesmalar orqali bartaraf qilinadi, bu usul oddiy bo‘lishiga qaramasdan, kosmetik emas, kesmalar soni ko‘p, uzoq vaqt talab qilinadi, asosan Bebkokk usuliga qo‘shimcha sifatida, ya’ni ushbu uslub bilan varikoz kengaygan venalarni to‘liq bartaraf qilishning iloji bo‘lmaganda qo‘llaniladi, kesmalar orasidagi venalar tonnellar yo‘li bilan olib tashlanadi.
Yuqorida ta’riflangan usullar bilan bartaraf qilib bo‘lmaydigan katta varikoz konglomeratlarda Modelung operatsiyasi bajariladi. Travmatik bo‘lishiga qaramasdan ushbu usul sanab o‘tilgan barcha uslublar orasida eng radikal operatsiya hisoblanadi, ya’ni bunda varikoz tugunlar, varikoz venalari yo‘nalishi bo‘yicha qilingan katta kesma orqali bartaraf qilinadi va kosmetika qoidalariga to‘liq javob bermaydi. Mayda venalarda (asosiy teri osti venasining ko‘ndalang va yonbosh tarmoqlarida) Sokolov, (ketgut bilan vena devori bir-biriga yopishib obliteratsiyaga uchraydi) Shede-Koxer (doka sharchani choklar bilan mayda venalar soxasida teri ustidan fiksatsiya qilish) tipidagi turli operatsiyalar bajariladi.
Kommunikant venalar yetishmovchiligida, asoratlar rivojlangan bosqich-larida Kokett operatsiyasi bajariladi. Ushbu operatsiyaning mohiyati shuki, boldirning ichki oldingi sathi bo‘ylab 12-15 sm uzunlikda teri, teri osti qavati kesilib yetishmovchi kommunikant venalar fassiya ustidan bog‘lanadi. Ushbu operatsiya birinchi marta 1953-yil Kokett tomonidan bajariladi.
Varikoz kasalligining dekompensatsiya bosqichida (asoratlar bosqichi) kommunikant venalar yetishmovchiligida postromboflebitik sindromida Linton operatsiyasini bajarish maqsadga muvofiqdir. Buni 1938-1943 yillarda Linton taklif qilib takomillashtirdi va uning Kokket operatsiyasidan farqi fassiya ham kesilib yetishmovchi kommunikant venalar fassiya ostidan bog‘lanadi.
Kichik teri osti venalarining varikoz kengayishida varikoz kasalligining trofik buzilishlar bosqichida, boldir ichki – orqa sathi teri osti venalari kengayganda va kommunikant venalar yetishmovchiligida Falder kesimi qo‘llaniladi. Medial toʻpiq va Axill payi orasidan teri kesilib boldirning orqa sohasi bo‘ylab davom ettiriladi. Ushbu kesim orqali patologik o‘zgargan teriga tegilmagan holda boldirning ichki va oldingi sathidan varikoz kengaygan venalarni bartaraf qilib yetishmovchi kommunikant venalarni kesib bog‘lash, bir vaqtning o‘zida kichik teri osti venasini (v.s.parva) bartaraf qilish mumkin.
Hozirgi kunda endovazal koagulyatsiya uslubi rivojlanib bormoqda, ya’ni kengaygan vena bo‘shlig‘iga elektrod kiritilib, vena bo‘shlig‘i va devor-lari elektrokoagulyatsiya qilinadi. Ushbu uslubning tadbiq qilinishi ligaturali operatsiya turlarini cheklanishiga olib keldi. Bu esa nafaqat kosmetiklik, balki operatsiyalarning radikallik foizini oshirishga sabab bo‘ldi.
Operatsiyalardan so‘ng operatsiya qilingan oyoq Beller shinasiga qo‘yilib ko‘tarilgan holatda tutiladi. 1 kundan keyin esa oyoqqa elastik bint o‘ralib, bemorga yurish uchun ruhsat beriladi. Choklar operatsiyadan keyingi 8-10 sutkalarda olinadi, 8-12 hafta davomida elastik bint o‘rab yurish tavsiya qilinadi.
POSTTROMBOFLEBITIK SINDROM (PTFS)
Oyoq chuqur venalarining o‘tkir trombozidan keyin yuzaga keladigan, surunkali venoz yetishmovchiligi va uning asoratlari bilan xarakterlanadigan simptomlar kompleksiga posttromboflebitik sindrom (PTFS) deyiladi. Statistik ma’lumotlar bo‘yicha ushbu kasallik aholining 1,5-5% i qayd etilgan bo‘lib. Germaniyada hatto “milliy kasallik” hisoblanadi. PTFS zararlangan vena bo‘shlig‘ida hosil bo‘lgan va yaqin vaqt ichida lizisga uchramagan tromb taqdiri bilan bog‘liq bo‘lib, ko‘p hollarda tromblangan vena bo‘shlig‘ining to‘liq rekanalizatsiyasi (20%) kuzatilmaydi va natijada tromblangan chuqur venalarning obliteratsiyasi bilan tugashi mumkin. Rekanalizatsiya davri o‘tkir trombozning 2-3 haftasidan boshlab 5 yilgacha davom etadi.
Etiologiyasi va patogenezi: PTFK etiopatogenezi umuman murakkab bo‘lib to‘liq o‘rganilmagan, ko‘pchilik mualliflarning fikricha uning pato-genezida 3 ta omil yetakchi rol o‘ynaydi:
1) vena qoni oqib ketishining buzilishi va vena qonining o‘zgarishi, venoz klapanlarida chandiqli to‘qimalarning hosil bo‘lishi.
2) arteriya sistemasidagi o‘zgarishlar
3) limfa oqishining buzilishi
Bo‘lib o‘tgan o‘zgarishlar natijasida zararlangan vena, rigid, skleroz-langan tor nayga aylanadi va uning atrofida siquvchi paravazal fibroz to‘qima rivojlanadi. Zararlangan chuqur venalarning distal qismida bosimning oshishi natijasida kommunikant venalarda ham bosim oshadi va ularning kengayishi, funksional jihatdan yetishmovchiligi yuzaga keladi. Shu tufayli bemorning vertikal holatida qon faqat chuqur venalardan yuqoriga yo‘nalibgina qolmasdan, teskari ya’ni kengaygan kommunikant venalar orqali oyoq yuza venalariga oqadi, natijada venoz qon refluksi yuzaga keladi. Mahalliy venoz gipertenziyasi esa mikrosirkulyator o‘zanda bosimning oshishiga olib keladi va organizmni javob kompensator – moslashuv reaksiyasi sifatida arteriola – venulyar anastomozlar ochiladi. Boldirning 3/1 pastki qismida yirik perforant venalar ko‘plab joylashgan va ortostatik venoz bosim eng yuqori bo‘lgan ichki to‘piq ustida katta o‘zgarishlar yuzaga keladi va u o‘z navbatida mikrosirkulyatsiyaning buzilishi trofik yaralar vujudga kelishiga sabab bo‘ladi.
PTFS ning rivojlanishida V.A.Borisov (1969), V.V.Voxidov va mual-liflar (1977), M.M.Anichkov va muallifdoshlar, Sh.I.Karimov va muallif-doshlar (2006), N.U.Usmonov (2009) ma’lumotlariga ko‘ra limfa oqishining buzilishi PTFS patogenezida muhim rol o‘ynaydi. Kasallikning zo‘rayishi natijasida limfa tomirining dekompensatsiyasi yuzaga kelib, bu limfa tomir devoridagi qo‘pol o‘zgarishlar bilan kuzatiladi. Oqibatda shish kuchayib ularda oqsil va to‘qima almashinuvi mahsuloti bo‘lgan suyuqliklar to‘planadi va biriktiruvchi to‘qima sklerozga uchraydi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, PTFS davogar arteriya qon tomirlari ham limfa tomirlari tomonidan ham yuzaga keladigan funksional va organik o‘zgarishlar birinchi navbatda chuqur vena sistemasining trombli zararlanishining chuqurligiga, ko‘lami va muddatiga bog‘liq. Arterial qon aylanishi va limfa oqishining buzilishi PTFS da funksional xarakterga ega bo‘lsa, kasallik zo‘rayishi bilan organik xarakterga ega bo‘lgan qaytmas jarayon hisoblanadi.
Klinikasi
Kasallikning klinik belgilarining namoyon bo‘lishiga qarab quyidagi 4 ta shakli tafovut qilinadi:
1. Shishli-og‘riqli; 2. Varikoz; 3. Trofik yarali; 4. Aralash.
Oyoqda chuqur gemodinamik o‘zgarishlar, qonning teskari oqishi, yuqori venoz gipertenziya, a’zolararo kletchatkaning shishi yuqoridagi simptomlarning rivojlanishiga olib keladi.
Oyoqlardagi shish va og‘riq erta simptomlardan bo‘lib, ko‘pincha to‘piqlar ustida paydo bo‘lib kasallik boshlanishida ish kuni oxirida kuchayib ko‘pincha oyoqlarni yuqori holatda tutib yotilganda ham yo‘qolmaydi. PTFS diagnostikasida shishning faqat bitta oyoqda bo‘lishi muhim belgi bo‘lib hisoblanadi. Uning tarqalishi tromb lokalizatsiyasiga bog‘liq bo‘ladi, masalan son-yonbosh segmenti torayganda butun oyoqni qoplab oladi va h.k.
Ushbu kasallikning ikkinchi muhim simptomi to‘qimalarning to‘piqlar sohasida zichlashishi – induratsiyasidir. Teri va teri osti kletchatkasi fibroz to‘qimaga aylanishi natijasida qattiq va yog‘ochsimon bo‘lib qoladi va bunday induratsiyalanish 2-3 yildan so‘ng kuzatiladi.
Uchinchi muhim simptom terining pigmentlashishi bo‘lib, boldirning pastki 3/1 qismini butunlay qamrab oladi, shu sohada vazminlashish, kuchli teri qichishi bilan kuzatiladigan ho‘l ekzema kuzatiladi, ancha vaqtdan so‘ng induratsiya va pigmentlashish sohalarida trofik yaralar yuzaga keladi. Chuqur induratsiya va pigmentlashish hali rivojlanmasdan turib PTFS ning yana bir simptomi – boldir, ko‘pincha son venalarining reflektor kengayishi aniqlanadi. Bu chuqur venalar tromblanishi va qon refluksning bevosita natijasidir.
Diagnostikasi
Bemorning shikoyati, anamnezi, obyektiv belgilar, oyoqdagi mahalliy o‘zgarishlar, instrumental tekshiruvlar kasallikni aniqlashda yordam beradi. Bemorlar anamnezini batafsil yig‘ish katta ahamiyatga ega, bunda bemorlar qorin va kichik chanoq bo‘shlig‘ida, boldir va son suyaklari sinishlarida o‘tkazilgan operasiyalardan keyin oyoq chuqur venalarining o‘tkir trombozi bo‘lganini e’tirof etadilar. Oyoq chuqur venalarining o‘tkazuvchanligini buzilganligini Delbe-Pertes va Pratt-1 funksional sinamalari tasdiqlaydi. Ultratovushli dopplerografiya, dupleksli angioskanerlash, kompyuter tomografik angiografiya kabi zamonaviy tekshirish usullari kasallikning diagnostikasida informativ hisoblanadi.
Differensial diagnostikasi
Birlamchi varikoz, limfidema, chanoq bo‘shlig‘i organlarining xavfli va xavfsiz o‘smalari, Parks-Veber-Rubashov sindromi bilan qiyosiy tashxislash lozim.
Davolash
Bemorni konservativ davolashda quyidagilar muhim ahamiyatga ega:
1. Kompression terapiya (elastik bintlar, kompression paypoqlar va b.)
2. Siydik haydovchi dorilar
3. Flebotoniklar
4. Desensibilizatsiyalovchi dori preparatlari
5. Mikrosirkulyatsiyani yaxshilovchi dorilar
6. Trofik yaralar bo‘lganda, mahalliy antibiotiklar, ferment preparatlari, regeneratsiyani kuchaytiruvchi preparatlar
Xirurgik davolash
Jarrohlar tomonidan ko‘plab usullar taklif qilingan bo‘lib, shulardan biri Psatakis operatsiyasidir. Bu operatsiyada taqim osti venasining ekstravazal klapani hosil qilinadi, m.grasilis ning pay qismidan ingichka tasma ajratilib taqim osti arteriyasi va venasi orasidan o‘tqazilib, sonning ikki boshli muskulining pay qismiga tikiladi. Bemor yurganda tasma taqim osti venasini siqadi va retrograd qon oqishining oldi olinadi.
Yonbosh venalarning bir tomonlama trombozidan so‘ng yuzaga kelgan PTFS da Palma Esperon operatsiyasi qo‘llaniladi. Bunda qov usti son-son autovenoz shuntlash operatsiyasi bajariladi. Zararlangan tomondan sog‘ tarafga qon oqib o‘tishi ta’minlanadi. Hozirgi paytda oyoq chuqur venalarining to‘liq rekanalizatsiyasi jarayonida yuza venalarining varikoz kengayishida, kommunikant venalarining to‘liq zararlangan hollarida fleboektomiya, Linton, Kokket, Felder operatsiyalari birgalikda bajariladi.