Diagnostikasi Shunday qilib, venalar varikoz kasalligda uchala sistemaning funksional holatini aniqlash lozim, zero davolash taktikasining to‘g‘riligi asosan shunga bog‘liqdir.
Tekshirish doimo anamnez yig‘ishdan boshlanishi lozim. Agar venalarning varikoz kengayish bolaligidan yoki o‘smirligidan rivojlanmagan bo‘lsa, qon tomirlarining tugma anomaliyalari (vena va klapan gipoplaziyasi, arterio-venoz va boshqalar) haqida o‘ylash mumkin.
Anamnezida oyoq travmalari va zararlanishini boshidan kechirgan bemorlarda postravmatik arterio-venoz oqmalar yuzaga kelishi ehtimoli borligi doimo nazarda tutish lozim. O‘tmishda tromboflebit kasalligi bilan og‘riganligi, ushbu jarayonning oyoqlar shishi bilan kuzatilishini postrombotik kasallik zamirida rivojlangan ikkilamchi varikoz haqida fikr yuritishimizga imkon beradi.
Bemorlarni tekshirish yaxshi yoritilgan xonada, bemorning vertikal va gorizontal holatlarida, yurishdan avval va keyin amalga oshirilishi kerak. Zararlangan oyoq teri qoplamining rangi, uning namligi darajasi, tuklar bilan qoplanishi, shish va yaralar borligini aniqlash qimmatli ma’lumotlar beradi. Paypaslaganda yuzaki venalarning kengayishi darajasini, infiltrat va yallig‘langan sohalarini aniqlash mumkin. Yuzaki, chuqur va kommunikant venalari klapan apparatining funksional holatining aniqlanishi uchun turli xildagi sinamalar qo‘llaniladi. Varikoz kasalligi bilan og‘rigan bemorlarda funksional sinamalar o‘tkazish vrachdan chidamlilik, sinamalarni o‘tkazish qoidalarini aniq bajarishni talab qiladi. Shundagina ushbu kasallik haqida bebaho ma’lumotlar olish mumkin. Yuza venalarning funksional holatini Troyanov-Trendelenburg va Gakkenbrux sinamalarini o‘tkazib aniqlash mumkin.
Troyanov-Trendelenburg sinamasida – bemor gorizontal holatda yotqiziladi, zararlangan oyoq yuqoriga ko‘tarilib o‘ng qo‘l kafti bilan boldir va sonning ichki oldingi sathi bo‘ylab siypalanadi va katta teri osti venasini bo‘shashganiga ishonch hosil qilgandan so‘ng katta teri osti venasining (v.s.magna), son venasiga (v.femoralis) quyilish joyida barmoq bilan bosiladi yoki sonning 1/3 qismiga jgut quyiladi. Barmoqlarni olmasdan bemordan o‘rnidan turish so‘raladi. 20-30 sekund o‘tgach venalar pastdan yuqoriga qarab qon bilan to‘la boshlaydi. Agar ostial klapan yetishmovchiligi bo‘lsa, barmoq olingandan (yoki jgut yechilgandan) keyin, venalar tezda to‘ladi. Bu esa ostial klapanning yetishmovchiligidan dalolat beradi. Brodi-Troyanov–Trendelenburg sinamasi musbat hisoblanadi.