O‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasi kafedrasi o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish fakulteti 305-guruh talabasi Beshimova Nigoraning


Cho‘lponning nasriy va dramatik asarlari



Yüklə 63,91 Kb.
səhifə4/5
tarix09.01.2023
ölçüsü63,91 Kb.
#78782
1   2   3   4   5
Nigora2

2.2. Cho‘lponning nasriy va dramatik asarlari.
Oydin kechalarda» Cho‘lponning adabiy merosida «Kecha va
kunduz» romanidan tashqari, yana bir necha hikoyalari ham borki, ular nafaqat g‘oyaviy mazmuni, balki badiiy fazilatlari bilan ham diqqat-e’tiborga sazovordir. Shunday hikoyalardan biri «Oydin kechalar» deb ataladi. 1922-yilda yozilgan, bu hikoyada Cho‘lpon ijodining yana bir asosiy mavzularidan birida-xotin-qizlar masalasi ko‘tarilgan.
Hikoya shunday tasvir bilan boshlanadi:
«Zaynab kampir bir narsadan cho‘chib uyg‘ondi. Oppoq oydin, oy kampir yotgan so‘richaning qoq o‘rtasidan unda-munda bitta-yarimta uchragan oq bulutlarni yorib, shoshib o‘tib borar edi.
Kampir u yog‘-bu yog‘iga yaxshilab qarab, oydinda hech bir qora-mora uchratmagandan keyin yana bolishga boshini qo‘ydi...»
Bunday muqaddima so‘zlardan keyin kitobxon Zaynab kampirni hikoyaning bosh qahramoni, deb o‘ylashi va lining xatti-harakatlarini diqqat bilan kuzatishi tabiiy. Yozuvchi ham kitobxonda uyg‘ongan ana shu taassurotni xuddi sezgandek, kampirning xayollarini tortgan “pilta savat, ko‘rpa qavuq ipdan tortib, bu yil pilladan chiqadigan ipakkacha»-hammasini erinmay tasvirlaydi. So‘ng kampirning arang uyquga ketgani va, ko‘p o‘tmay, uyqu aralash yig‘i tovushini eshitganini aytadi.
Xuddi shu yerdan boshlab hikoyaning tuguni boshlanadi.
«Bu kim? Kechalari uxlamasdan yig‘lab chiqquchi kirn? Hamma tinch va rohat uyquga tolgan bir zamonda qalbini yaralab yig‘laguchi qanday baxtsizdir?..»
Kampir yig‘layotgan ayolni Xadicha otinning kelini desa, bugun uning dugonalari kelib, «ikki xuftongacha» o‘yin-kulgi qilishdi. Balki qo‘shnining kelinidir...
«Mana, kampirning o‘z kelini, uy-joyi, kiyim-kechagi-hamma narsasi tayyor... Novdadek kuyov yonida...»
Kampir shunday xayollar bilan yig‘i kelgan tomonga asta borib, ne ko‘zlar bilan ko‘rsinki, yig‘layotgan ayol o‘zining kelini edi.
Cho‘lpon shu lahzaga qadar voqeani tabiat manzaralarini tasvirlash va kampirning xayollarini jonlantirish orqali ochayotgan edi. Endi qaynona bilan kelin yuzma-yuz kelganlarida, hikoyaga o‘z-o‘zidan savol-javob usuli kirib keladi:
«-...Aylanay, bolam, Qodirjon qani?
- Qodirjonni so‘ramang, onajon...Mana, kelin bo‘lib kelganimga bir yarim oydan oshgan bo‘lsa, shu bir yarim oyning ichida ikki kechagina birga bo‘ldik... Boshqa kunlarda har kecha kuta-kuta tong otdirib yuboraman. Shuncha kun chidab kelib-kelib, mana bu kun o‘z qadrimga o‘zim yig‘lab yubordim. Qandoq qilay? Men odam emasmi?»
Vaziyatni tushungan kampir nima deyishni ham bilmaydi. «- Otasi ham shundoq edi, qizim».
Kampirning qarigan, qurigan ko‘zlariga yiroq-yiroq yerlardan ikki tomchi yosh keladi. Butun tanini, butun a’zolarini bosib, ezib, sidirib kelgan shu ikki tomchi yoshini yengi bilan artgandan keyin shunday deydi kampir.
Xo‘sh, Qodirjonning otasi nega uyga kech qaytgan? Qodirjonning o‘zichi? Ular qanday tashvishlar bilan band? Turmushning qaysi yechilmas tugunlari tufayli ular oilalari bag‘rida yashashmaydi?.. Bunday savollarga shu payt mast-alast holda uyga kirib kelib, obrezga yiqilgan Qodirjonning holati va «Gde, gde moya Anna, gde moya Annushka?» degan telba-teskari ashulasi javob beradi.
«Qizil shohi ko‘ylak, qop-qora sochlari yerda sudralgan « iffatning, nafosatning, mehrigiyoning qadrini oyoqosti qilib, otasining iflos odatini davom ettirgan Qodirjon hikoya xotimasida razil va pastkash bir inson sifatida gavdalansa, o‘n gulidan bir guli ham ochilmagan kelin go‘zallik va ezgulikning xorlangan ma’budasi o‘laroq ko‘rinadi. Yo‘q, u razillik va pastkashlik oldida mag‘rur qoya singari qad ko‘tarmaydi. Balki razillikdan ozor chekayotgan, razillikka qarshi kurashga tayyor bo‘lmagan, shuning uchun ham mehr va madadga, ko‘makka muhtoj ayol sifatida e’tiborimizni tortadi.
Cho‘lponning bu hikoyasida biz ikki holatni ko‘ramiz. Cho‘lpon xotin-qizlarga munosabatning kirib kelishi yaxshi bo‘lmagani, ular haq-huquqining kamsitilgani uchun jamiyat e’tiborini ayollar taqdiriga qaratmoqchi bo‘lgan. Ikkinchidan, mustamlakachilik davrining boshlanishi bilan bizga ichkilikbozlik, axloqsizlik singari illatlar natijasida xotin-qizlarni kamsitish yanada avjiga chiqqan.
Cho‘lpon «Oydin kechalarda» hikoyasida ana shu illatlarni bartaraf etish, o‘zbek xotin-qizlariga xos vafo, iffat, go‘zallik va ruhiy boylikning qadriga yetish hamda ularga bo‘lgan munosabatni keskin o‘zgartirish g‘oyasini ilgari suradi. Hikoya hajm nuqtayi nazaridan kichik bo‘lishiga qaramay, yozuvchi unda Zaynab kampirning ham, kelinning ham ruhiy holatini katta mahorat bilan ochgan. Badiiy tafsillarning ko‘pligi va aniqligi hikoyada hayot haqiqatining yorqin va haqqoniy tasvir etilishiga katta imkoniyat yaratgan. Umuman, muallif bu hikoyasi bilan kelajakda katta epik asar yozish darajasiga yaqinlashib borayotganini namoyish qilgan.
Yorqinoy” dramasi. Cho‘lponning dramaturgiya sohasidagi ilk «Yorqinoy asarlari 20-yillar arafasida maydonga kelgan bo‘lsa-da, ular, shuningdek, 1920-yilda yozilgan “Yorqinoy» dramasi ham kichik sahna asarlari edi. Shuning uchun ham Moskvadagi o‘zbek drama studiyasida sahnalashtirish uchun mahalliy mavzudagi asarlarga ehtiyoj tug‘ilganida Cho‘lpon mazkur pyesani qayta ishlab, uni 1926-yilda kitob shaklida nashr etdi.
Pyesaga Cho‘lponning bag‘ishlov so‘zlari ilova etilgan: «Totli va boy tili bilan ertak (cho‘pchak) aytib berib, shu asarning yozilishiga sabab bo‘lgan KAMPIR ONAga hurmat bilan bag‘ishlayman».
Bu so‘zlardan ma’lum bo‘lishicha, «Yorqinoy» pyesasi zaminida Cho‘lponning «kampir onasi»dan eshitgan xalq ertagi yotadi. Ayrim manbalarda esa «Yorqinoy» pyesasida Andijondagi Po‘latxon qo‘zg‘oloni bilan bog‘liq voqealar aks ettirilgan, degan fikr ham mavjud. Bizningcha ham, Cho‘lpon yoshligida «kampir onasi»dan Po‘latxon qo‘zg‘oloni haqidagi ertaknamo voqeani eshitgan va mazkur asarni yaratishda shu ertak-voqeadan foydalangan bo‘lishi mumkin.
«Yorqinoy»ning qisqacha mazmuni quyidagicha:
O‘lmas botir ismli sarkardaning qarorgohida bog‘bonlik qilgan Po‘lat bilan uning qizi Yorqinoy o‘rtasida muhabbat shabadasi esa boshlaydi. Po‘lat bu uyning oddiy xizmatkori, Yorqinoy esa xonzodalarga mos qayliq bo‘lgani uchun bog‘bon yigit o‘z sevgisining baxtli natija bilan tugashi mumkinligiga ishonmay, O‘lmas botir xonadonidan ketmoqchi bo‘ladi. Shu payt Po‘latni Yorqinoy bilan tanholikda uchratib qolgan botir uni benomuslikda, ko‘rnamaklikda ayblaydi. Yorqinoyni ham or-nomusni unutib, faqir bir xizmatkor bilan uchrashgani uchun o‘ldirishga tayyor ekanligini aytadi. Yorqinoy esa haq yo‘lida o‘limga-da tayyor. Shuning uchun ham u bo‘ynini egganida O‘lmas botir: «Otang nohaq yerga bir qatra qon to‘kkan emas. Mundan keyin ham to‘kmaydir!» deb mag‘rur javob beradi.
O‘lmas botir va unga o‘xshash kimsalar uchun haq ikki xil bo‘lgan: o‘zlari uchun va o‘zgalar uchun. O‘zlari uchun mavjud bo‘lgan haq uni o‘zining yolg‘iz qizini jazolashga imkon bermaydi. Lekin o‘zgalar uchun haq tushunchasi uni shu lahzaning o‘zida Po‘latni qatl etish uchun yo‘l ochadi: «Ammo, -davom etadi u Po‘latni ko‘rsatib, -mana bu ko‘rnamakning qoni to‘kilsa, asli nohaqlik bo‘lmaydir!» Ana shunday e’tiqod bilan yashagan O‘lmas botirning halol inson emas, balki zolim va qonxo‘r sarkarda ekanligi ma’lum bo‘ladi.U bilan ilk bor to‘qnashgan va yuzma-yuz olishishga majbur bo‘lgan Po‘lat o‘zining va otasining kim ekanligini undan so‘fab bilmoqchi, o‘z ajdodlarining taqdiri to‘g‘risida xabar topmoqchi bo‘ladi. Lekin kutilmaganda bu narsa O‘lmas botirning eng dahshatli siri ekanligi oshkor bo‘lib qoladi.
Cho‘lpon pyesaning bu muhim dramatik nuqtalaridan birini bunday tasvirlaydi:
«Po‘lat (qaltirab). Botir, pardani ochish zamoni kelganga o‘xshaydir. (Ko‘ziga qarab olib.) Mening otam kim?
Botir (bir qurshashib rangi o‘chib oladir, so‘ngra o‘zini to‘xtatib olib, bemalol). Otang-bir qishloqi!
Po‘lat. Qani o‘sha qishloqi? Nimaga men sizning dargohingizda, sizning non-tuzingizga qarab qolganman?
Botir. O‘zini boqolmagan bir qishloqi seni biti bilan boqsinmi? O‘zi boqolmagandan keyin menga berib ketgan-da!
Otang seni: «Botirning qizi bilan o‘ynashsin, Botirni el-xalq oldida yerga qaratsin!» deb qoldirgan edimi? (Qizib.) Qani, ayt, benomus, gapir!
Po‘lat. Botir, siz gapni boshqa yoqqa burmang, baribir ish xunuk bo‘ladir. O‘sha otam qani? Nimaga menga ko‘rsatmaysiz?
Botir. Otangni men qaydan bilay? Yegani ovqat topolmay, ochidan o‘lib ketgandir. Men senga kam otalik qildimmi? Nonko‘r! (Yana qizib.) Men senga: «Qizimga o‘ynash bo‘l!» deb otalik qildimmi? A?
Po‘lat (qaltirab, Botirning ko‘ziga qarab olib). Uyalmaysizmi? Uyalmaysizmi? Astag‘furulloh... (Bir-ikki qadam orqasiga qaytadir.)
Botir. Men kimning ona qo‘ynidagi qizi bilan o‘ynashibmankim, uyalsam?
Po‘lat (yugurib kelib). U... yong‘oqning tagidagi xandaq kimning go‘ri? (Botir cho‘chib, orqasiga jiladir, lekin o‘zi jim; Po‘lat borgan sari unliqib.) Bir xandaqda necha kishining boshi bor? (Qo‘ynidan bir ro‘molchada mayda suyaklar olib tashlab.) Mana bu suyaklar kimniki? Nimaga yong‘oq tagidagi xandaqda chirib ketgan? (Yonidan bir qog‘oz olib.) Mana bu ariza kimniki? (Baqirib.) Kimniki, deyman? Ariza berganlar qani? (Yerdan suyaklarni olib, Yorqinoyning oldiga tashlaydir.) Mana shular emasmi ariza berganlar? Mening otam, akam, tog‘am, yana boshqa qancha qavm-u qarindoshlarim shu bir hovuch suyakning ichida emasmi? Gapiring! Nimaga damingiz chiqmay ketdi? (Botirning qilichi qo‘lidan tushib ketadir, rangi oppoq oqaradir, kasal odamday bo‘shashib, holsiz turib qoladir.)...»
Po‘lat bilan O‘lmas botir oralarida bo‘lib o‘tgan ana shu dialog pyesada g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Bu sahnada ishtirok etgan Yorqinoy Po‘latning shu so‘zlarini tinglar ekan, otasining qanday inson ekanligini kashf etadi. Garchand «hunari go‘rkovnikidan yomon» bo‘lgan ana shu otaning farzandi bo‘lganiga qaramay, undan voz kechib, Po‘lat ortidan ketish va hatto otasiga qarshi Po‘lat tarafida turib jang qilishdan toymaydi.
Xo‘sh, bu hol ma’naviyat mezonlariga to‘g‘ri keladimi? Otaga qarshi jang qilish -qanday maqsad yo‘lida bo‘lmasin -oqpadarlik emasmi?
Agar biz Cho‘lpon ijodi va ijtimoiy faoliyatining negiz-negiziga nazar tashlasak, uning uchun faqat bir sajdagoh bor ekanligini ko‘ramiz. Bu xalqdir. Xalq qayerda bo‘lsa, haq ham o‘sha yerda bo‘ladi. Shuning uchun ham Cho‘lpon otasi orzu qilgan mudarrislik kasbini tanlamay, o‘zini xalq baxt-saodati yo‘lida mashaqqat va azoblar bilan to‘la kurashga bag‘ishlagan edi. Yorqinoyning ham «hunari go‘rkovnikidan ham yomon « otasidan voz kechib, Po‘lat sarkardasi bo‘lgan xalq bag‘riga otilishida Cho‘lpon tushungan hayot ma’nosi yotadi.
Yana pyesaga qaytaylik:
«Yorqinoy (qaltirab). Ota, ota deyman! Bu nima gap? Bu nima? Bu qanday gap? (Botir jim.) Po‘lat, sen aytib ber, bu nima gap? Men o‘laman. Men chiday olmayman. Bu qanday sir?
Po‘lat (o‘zini bosib olib, bo‘shashibroq). Bu sirlarning tagini otangizdan so‘rang. Ota-ona, qavm-u qarindoshlarini bir umr ko‘rmagan, ularning shirin gaplarini eshitmagan, o‘zlarini ko‘rish o‘rniga bir xalta chirigan suyaklariga ega bo‘lgan kishi o‘sha suyaklarni chiritgan dargohda tura olmaydir. Amakingizga qizini bermagani uchun xonavayron bo‘lgan bir qishloqi, o‘sha qishloqini «haq» degani uchun yer bilan yakson qilgan qishloq... Yana mendek baxti qaro o‘g‘lini shu dargohga bir umrlik qul qilib beribdir! Men shu to‘rt og‘iz gapni sizga aytib qo‘yib, shu dargohdan butkul bosh olib ketmakchi edim... Oyim poshsho, menga non-tuz berdi, deb otangizdan halollik so‘ramayman. Nimaga desangiz, har bir tishlagan nonim-ota-onalarimning bir burda eti, har bir qatra tatigan tuzim-ularning ko‘z yoshlari, balki qonlari bilan to‘lgan ekan».
Bu shekspirona ulkan mahorat bilan yozilgan monologdan O‘lmas botir qarorgohida yuz bergan fojia sirlari ochiladi. Ma’lum bo‘lishicha, botirning amakisiga qizini bermagani uchun Po‘latning otasi ham, akasi ham, tog‘asi ham, butun urug‘-aymoqlari ham qirib tashlangan ekan. Bir «qishloqi» ning barno qizini xotin qilib olish bu dargohda tabiiy hol-u, lekin qiziga oshiq bo‘lib, ko‘ngil qo‘yish nomussizlik, nojiko‘rlik hisoblangan. Cho‘lpon tasviridagi, ehtimolki, Cho‘lpon tinglagan xalq ertagidagi Po‘lat va Yorqinoy ana shu tengsizlikka, ijtimoiy adolatsizlikka qarshi bosh ko‘taradilar.
Bu dramatik lavhada yana ikki diqqatga sazovor nuqta bor, Birinchisi shuki, O‘lmas botir xonadonida Qumri ismli cho‘ri bor bo‘lib, u ham Po‘latni sevadi. Sevibgina qolmay, Po‘latning Yorqinoyga nisbatan tuygan sevgisi ijtimoiy tengsizlik hukm surgan davrda baxtli yechim bilan tugashiga ishonmaydi va o‘z sevgisi uchun kurashmoqchi bo‘ladi. Lekin Po‘lat Yorqinoy bilan oila qurishiga ishonmasa ham, uning muhabbatini rad etmaydi. U muhabbatda ham, hayotning boshqa jabhalarida ham qul bo‘lib qolishga rozi emas. U o‘z hayotining ma’nosini yuksak g‘oyalar uchun kurashda ko‘radi. Po‘lat obrazining qimmatini belgilovchi fazilatlar avvalo shundadir.
Ikkinchi nuqta shundaki, Cho‘lpon asarda toj-taxt mavzusini ko‘tarar ekan, o‘zi sezmagan holda siyosiy va ijtimoiy xudbinlik oddiy xalq uchun fojialar keltirishi mumkinligini tasvirlab, 1937-yil dahshatlarini bashorat qilgandek bo‘ladi.
Yorqinoy Po‘latga ruhan yaqin bo‘lgani, uni nafaqat or-nomusli, irodali yigit, balki haqiqat yo‘lida kurashga tayyor bo‘lgani uchun ham sevadi. Yorqinoy otasining qonli ishlaridan xabardor bo‘lgach, undan voz kechib, Po‘lat olib borgan kurashga qo‘shiladiki, biz uning vujudida To‘marisning qoni jo‘sh urib turganiga ishonch hosil qilamiz.
Po‘lat o‘z do‘stlari-qashshoq xalq vakillari bilan birga hamda yoshlikdan jangovarlik an’analari asosida tarbiya ko‘rgan Yorqinoy yordamida xon qo‘shinlarini yengib, saltanat tepasiga keladi. Ammo Yorqinoy uchun toj-u taxt emas, uni sevuvchi, unga butun hayotini bag‘ishlovchi Po‘lat kerak edi.U Po‘latning saltanat ishlaridan ortgan daqiqalarinigina huzurida, yana horigan holda o‘tkazayotganini ko‘rib, g‘azablanadi, toj-u taxtdan ham nafratlanib ketadi. Shunda Po‘lat Yorqinoyga bunday javob beradi: «Toj-u taxt... Toj-u taxtning orqasida yurt bor, el bor, xalq bor...Uni o‘ylash kerak... Uning g‘amini yeyish kerak... «
Bu alangali so‘zlar asarda tasvirlangan voqealardan kelib chiquvchi mantiqiy xulosadir.
Ko‘ramizki, Cho‘lpon ushbu asarida xalq-qahramonlik dostonlari an’analaridan istifoda etgan holda zamonaviy muhim g‘oya bilan sug‘orilgan asarni yaratgan.
Cho‘lponning butun hayoti, ijodi va ijtimoiy faoliyati faqat bir narsaga-o‘z xalqining hur va ozod, mamlakatining esa mustaqil bo‘lishiga to‘la-to‘kis bag‘ishlangan ediki, xalq ham uning asarlarini sevib o‘qishi, bu asarlarda o‘z ifodasini topgan ma’naviy qadriyatlarni ko‘z qorachig‘idek saqlashi va jahondagi fani, madaniyati, texnikasi rivojlangan xalqlar darajasiga ko‘tarishi lozim. Shundagina uning orzulari to‘la ushalgan bo‘ladi.

Xulosa.
Cho‘lpon yetuk lirik shoirgina emas, yirik nosir sifatida o‘nlab publitsistik maqolalar, ocherk va hikoyalar, «Qor qo‘ynida lola», «Yov» qissalari va «Kecha va kunduz» (1938) kabi ajoyib romanining birinchi («Kecha») qismini nashr ettirgan iste’dodli adib hamdir.
U dramaturg sifatida ham salmoqli ijod qilgan. Uning «Xalil farang», «Cho‘rining isyoni» kabi kichik pyesalari, «O‘rtoq Qarshiboyev», «Mushtumzo‘r» kabi yetuk dramalari hamda ko‘p vaqt sahnadan tushmagan «Yorqinoy» pyesalari mashhur bo‘lgan. Shuningdek, rus yozuvchisi V.Yan bilan hamkorlikda «Hujum» dramasini yaratgan.

Cho‘lpon adabiy tanqid sohasida «Sho‘ro hukumati va sadoi nafisa», «Adabiyot nedur?» kabi mazmunli maqolalar ham yaratgan. Shuningdek, Cho‘lpon mohir tarjimon sifatida M. Gorkiyning «Ona», A. Pushkinning «Dubrovskiy» qissasi va «Boris Godunov» kabi pyesalarini hamda V. Shekspnrnnng mashhur «Hamlet»ini o‘zbekchaga o‘girgan.


Abdulhamid Cho‘lpon ham Fitrat va Abdulla Qodiriy kabi qatag‘onlik siyosati qurboni bo‘lgan. U 1937-yilning 14-iyulida qamoqqa olinib, 1938-yilning 4- oktabrida otib tashlangan. 1956-yilda oqlanib, 1991-yildagina birinchi bor «Yana oldim sozimni» nomi bilan eng yaxshi she’riy asarlari to‘plam holida nashr etildi. Keyingi bir jildlik kitobidan uning kengaytirilgan tarjimai holi, (prof. O. Sharafiddinov) «Kecha va kunduz» romani o‘rin olgan.
Hozirgi kunda Cho‘lpon nomida nashriyot, ko‘cha, mahalla, kutubxona va maktablar qo‘yilgan. Uning Fozila (1906), Foiqa (1903) ismli qizlari va nabiralari Namanganda yashaydi. Unga 1991-yil 25-sentabrda «Yana oldim sozimni» kitobi uchun Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti berildi.



Yüklə 63,91 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin