129-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga,
viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni, shuningdek
O‘zbekiston Respublikasining referendumini tashkil etish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston
Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik,
kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov
komissiyasi tuziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi saylov komissiyalari tizimiga
boshchilik qiladi, o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi hamda o‘z faoliyatida O‘zbekiston
Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga amal qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining a’zolari Qoraqalpog‘iston
Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining
tavsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati
tomonidan saylanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining raisi O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining taqdimiga binoan komissiya a’zolari orasidan besh yillik muddatga komissiya
majlisida saylanadi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining raisi etib saylanishi mumkin emas.
XXIII bob. Sud hokimiyati 130-modda. O‘zbekiston Respublikasida odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi
hokimiyatdan, siyosiy partiyalardan, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan mustaqil holda ish
yuritadi.
131-modda. O‘zbekiston Respublikasida sud tizimi va sudlar faoliyatining tartibi qonun bilan
belgilanadi.
Favqulodda sudlar tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.