Tanlab o’qish. Bunda o’quvchi matnning berilgan vazifaga mos qismini o’qiydi. Vazifa asarning mazmunini oydinlashtirish, sabab - natija bog’lanishini belgilash, badiiy xususiyatini ochish, o’qilgan matnga o’z shaxsiy munosabatini ifodalashdan iborat bo’lishi mumkin. Masalan, 4 - sinfda “Oltin kuz” matnidan “Tabiatdagi o’zgarishlar berilgan qismlarni topib o’qing”, “Baqa va taqa” ertagidagi “Taqachining nasihati berilgan joyni topish o’qing” kabi.
Tanlab o’qish matn ustida ishlashning eng samarali usulidir. Tanlab o’qishdan matn ustida ishlashning barcha bosqichlarida turli xil qiyinchilikda, murakkablikda foydalaniladi. U o’quvchilarda yaxshi o’qish sifatlarini o’stirish bilan birga ularning ijodiy tasavvuri, nutqi va zehnini o’stirishga yordam beradi. Eng oddiy tanlab o’qish asar mazmunini yuzasidan bo’ladi. Masalan, 4- sinfda ”Toshkentnoma” (M.Shayxzoda) asari yuzasidan tanlab o’qish uchun quyidagi topshiriqlar beriladi:
-She’rdan o’zbek xalqining mehmondo’stligi tasvirlangan o’rinni topib o’qing.
- Yoz faslining zo’rligi tasvirlangan o’rinni topib o’qing.
”Dehqonbobo va o’n uch bolakay qissasi” (A.Oripov) asari matni yuzasidan quyidagi topshiriq beriladi:
- Matndan Dehqonboboning Vatan haqidagi gaplarini topib o’qing.
Tanlab o’qishning Yana ham murakkabroq turlari matndan sabab-natija munosabati bilan bog’langan faktlarni taqqoslashni, umumlashtirishni talab qiladigan o’rinlarini topib o’qish hisoblanadi. Masalan, ”Harita” hikoyasi (Normurod Norqobilov yuzasidan topshiriqlar:
- Sinf rahbari Rasulni nima uchun Samadga biriktirib qo’ydi? Shu o’rinni topib o’qing.
-Samadning Rasuldan arazlash sababi ifodalangan o’rinni topib o’qing.
Bunda o’quvchi biror qatnashuvvchi shaxs o’zini qanday tutishini, nima uchun u shunday tutishini tasdiqlash uchun matndan material tanlab o’qiydi.
Tanlab o’qish ongli va ifodali o’qish malakasini shakllantirishni matn ustida ishlash ko’nikmasini shakllantirish bilan birga qo’shib olib borishga, bolalarning ijodiy tasavvurini, nutqi va zehnini o’stirishga imkon beradi, shuning uchun undan o’qish darslarida keng foydalaniladi. Tanlab o’qish matn rejasini tuzishda ( matn qismiga uning mazmunini ifodalaydigan gapni, ya’ni reja qismini topishda) qahramonga tavsif berish (* matndan qahramonning muayyan bir xususiyatini , harakatini tavsiflovchi materiallar tanloash) da , asar g’oyasini aniqlash ( g’oyani anglatgan o’rinni topib o’qish) da tatbiq etiladi.