Badiiy asar matni ustida ishlashda tanlab o’qish matnni tasvirlash usullaridan foydalanish. Badiiy asar ustida ishlashning 2-bosqichi tahlil qilishdir. Bu bosqichning vazifasi: syujet rivojining sabab natija bog’lanishini belgilash, ishtirok etish shaxslarning xulq-atvorini va asosiy xususiyatlarini aniqlash, asar kompozisiyasini ochishdir. Tahlil jarayonida matn ustida ishlashning quyidagi turlaridan foydalaniladi.
Tanlab o’qish.Bunda o’quvchi matnning berilgan vazifaga mos qismini o’qiydi. Vazifa asarning faktik mazmunini oydinlashtirish, sabab-natija bog’lanishini belgilash, badiiy xususiyatini ochish, o’qilgan matnga o’z shaxsiy munosabatini ifodalashdan iborat bo’lishi mumkin. 4-sinfda “Tabiatdagi o’zgarishlar berilgan qismlarini topib o’qing (Oltin kuz)”, “Taqachining nasihati”ni o’qing.
Tanlab o’qish matn ustida ishlashning eng samarali usulidir. U o’quvchilarda yaxshi o’qish sifatlarini o’stirish bilan ularning ijodiy tasavvurini, nutqi va zehnini o’stirishga yordam beradi.
Berilgan savolga o’z so’zi bilan javob berish.
Mashqning bu turi o’quvchilarda o’qilganlar yuzasidan muhokama yuritish ko’nikmasini o’stirishga, qatnashuvchi shaxslarni baholashga muallif tasvirlagan hayotiy lavhalar bilan asar g’oyasi o’rtasidagi bog’lanishni aniqlashga imkon beradi. Ishning bu turida beriladigan savollar ma’lum maqsadga yo’naltirilgan va muayyan izchillikda bo’lishi kerak. SHu bilan bir qatorda o’quvchilarning mustaqil fikrlashga o’rgatilishi lozim. Boshlang’ich sinf darsliklarida savollarga javob berish ish turiga katta o’rin berilgan. O’qituvchining vazifasi ana shu savollardan unumli foydalanish va ijodiy xarakterdagi savollarni ko’proq berishi talab etiladi. 4-sinfda “Qodir bilan Sobir” matni yuzasidan o’quvchilarni o’z fikrini aytishga undovchi Sobir o’qishdan kechikish sababini ochiq aytib to’g’ri qildimi? Uning o’rnida siz bo’lganingizda nima qilardingiz? kabi savollar o’quvchilarning fikrlash qobiliyatlarini, og’zaki nutqlarini o’stiradi va matnni yaxshi o’zlashtirishlariga olib keladi.
O’quvchilarni savol berishga o’rgatish.
Metodistlarning fikricha, to’g’ri berilgan savolda yarim javob tayyor bo’ladi. O’quvchilar matnni ongli o’zlashtira olsalargina, u yuzasidan savol bera oladilar. O’quvchilarni savol berishni o’rgatishni 2-sinfdan boshlash maqsadga muvofiqdir. O’quvchilar albatta savolni matn mazmuni bilan bog’liq holda tuzishdan o’rganadilar. Keyinchalik muhokama va ijodiy savollar berishni ham o’zlashtirib oladilar.
Matnni tasvirlash. Matnni 2 xil tasvirlash mumkin: 1) so’z bilan tasvirlash; 2) grafik tasvirlash.
So’z bilan tasvirlash o’ziga xos murakkab ish turi bo’lib, unda manzarani so’z yordamida aniq qayta tiklash talab etiladi. Bunda so’zlarni aniq tanlashga e’tibor qaratiladi. Turli tabiat manzaralarini, qatnashuvchi kishilarning tashqi ko’rinishini, voqea sodir bo’lgan joylarni tasvirlash topshiriq qilib berilishi mumkin.
Matnni tasvirlashni darslikda berilgan rasmni matndagi shu rasmga mos qismini taqqoslab tasvirlashdan boshlash kerak.
Grafik tasvirlash ko’proq uyda bajariladi. Buning uchun o’quvchilar tasvirlanadigan matn qismini ajratadilar, uni diqqat bilan o’qib chiqadilar, mazmunini o’zlashtiradilar va unga mos rasm chizadilar.
Asar rejasini tuzish. Reja matn mazmunini ongli va chuqur tushunishga, asosiy fikrni ajratishda, voqealarning izchilligini belgilashda, matn qismlarining o’zaro bog’lanishini tushunishda o’quvchilarga yordam beradi. Reja ustida ishlash o’quvchilar nutqi va tafakkurini o’stiradi. Ular matnni mazmunan tugallangan qismlarga bo’lishga va har bir qismning asosini topishga o’rganadilar.
Reja tuzishga tayyorgarlik ishlari savod o’rgatish davridayoq boshlanadi. Tayyorgarlik mashqining eng oddiy turi berilgan sarlavhalardan kichik matn mazmuniga mosini topib qo’yish hisoblanadi. Bunday mashqqa o’rgatishda o’qituvchi sarlavha asosiy fikrni ifodalashini ta’kidlaydi, bolalar topgan sarlavhani tahlil qilib, u yoki bu saralavha nima uuchun mos yoki mos emasligini tushuntiradi. Reja tuzishga tayorgarlik ishining 2-turi o’qituvchi rahbarligida tanlab o’qish hisoblanadi, bolalar matndan o’qituvchi bergan savolga javob bo’ladigan o’rinni topib o’qiydilar.
Reja tuzish osondan qiyinga tamoyili asosida asta murakkablashtirilib muayyan izchillikda o’tkazib boriladi. 1-sinf o’quvchilari o’qilgan kichik matnga o’qituvchi rahbarligida so’roq gap tarzida sarlavha tanlash, 2-sinfda kichik maqolaning rejasini o’qituvchi rahbarligida so’roq yoki darak gap tarzida tuzish, 3- sinfda o’qilgan matn rejasini jamoa bo’lib tuzish, 4-sinfda mustaqil reja tuza olishlari kerak.
Rejaning eng oddiy formasi rasmli reja hisoblanadi. Buning uchun avval bolalar kitobda berilgan rasmlardan matn qismiga mosini tanlashga va uni nomlashga o’rgatiladi; keyin matn qismiga tayyor rasm berilmaydi, uni bolalarning o’zlari so’z bilan tasvirlaydilar; hikoya o’qiladi va qismlari bo’yicha tahlil qilinadi, so’ng o’quvchilar matnning 1-qismini o’qiydilar, o’qituvchi ulardan qanday rasm chizishni so’raydi, ish mana shu tarzda davom etadi.
O’quvchilar rasmli reja tuzishdan logik reja tuzishga o’tadilar, logik reja tuzish quyidagi izchillikda o’rgatiladi:
1.O’qituvchi qismlarga bo’lingan matn tanlab reja tuzadi va matn rejasini o’rnini almashtirib, sarlavha tarzida xattaxtaning chap tomoniga yozib qo’yadi. O’quvchilar matnning 1-qismini o’qiydilar, shu qism mazmuniga mos sarlavhani topadilar, uni o’qituvchi xattaxtaning o’ng tomoniga yozadi, shunday qilib, xattaxtada o’qilgan matnning rejasi hosil bo’ladi.
2.Matn qismlarini tahlil qilish jarayonida o’quvchilar o’qituvchi rahbarligida har bir qismdagi asosiy qismni aniqlaydilar va unga sarlavha topadilar, o’qituvchi sarlavhalarni reja tarzida xattaxtaga yozib boradi.
3.Qismlarga bo’linmagan matn tanlanadi, sarlavhalar matn rejasi tartibida xattaxtaga yoziladi. O’quvchilarga berilgan sarlavhalardan foydalanib, matnni qismlarga bo’lish topshiriladi. Ular matnni o’qiydilar, 1-sarlavhaga tegishli qismni ajratadilar, keyingi qism ham shunday belgilanadi. Qismlarga bo’linmagan matn tanlanadi, sarlavhalar aralash tarzda xattaxtaga yoziladi. O’quvchilarga yuqori qismlarga bo’lish topshiriladi. O’quvchilar matnni o’qib nisbiy tugallangan qismni ajratadilar va unga mos sarlavhani xattaxtadan tanlaydilar. Ish shu tarzda davom ettirilib, matn rejasi tuziladi.
Reja tuzish uchun so’roq va darak gaplardan va ayrim hollarda atov gaplardan foydalanish mumkin, faqat har bir rejada bir turdagi gaplar ishlatilishi zarur. Shunday qilib, o’quvchilarda matn ustida ishlash ko’nikmasini shakllantirishda ular diqqati ishning mazmuni va bajarish yo’llariga qaratiladi.
Boshlang’ich sinflarda badiiy asar turlaridan hikoya, she’r, ertak, masal, maqol va topishmoqlar amaliy ravishda o’rganiladi. Bulardan tashqari, ilmiy-ommabop maqolalar ham o’qitiladi. Turli janrdagi badiiy asarlar qurilishi, stilistik priyomlari jihatidan o’ziga xos hususiyatlarga ega bo’lib, o’quvchilarga ta’siri ham har xil bo’ladi. SHunga ko’ra, turli janrdagi badiiy asarlarni o’qishda o’qituvchi unga mos metodlar tanlashi talab etiladi.
Hikoya kichik hajmli badiiy asar bo’lib, unda kishi hayotidagi ma’lum bir voqea hayotning muhim tomonlari umumlashtirib tasvirlanadi. “Hikoya ko’pincha kishi hayotida bo’lgan bir epizodni tasvir etadi. Uning mazmuni ertakdagidan ortiqroq hayotiydir”.
Hikoya mazmunan boshlang’ich sinf uchun mos janr hisoblanadi. Kichik yoshdagi o’quvchilarni qahramonning xatti-harakati, tashqi ko’rinishi, portret tasviri, voqea-hodisalar haqidagi hikoyalar ko’proq qiziqtiradi. SHuning uchun bolalarni badiiy asar turi bo’lgan hikoya bilan tanishtirish uning syujetini tushuntirishga bog’lab olib boriladi.
Boshlang’ich sinflarda hikoyani o’qishga bag’ishlangan izohli o’qish darslarida o’qilgan hikoya mazmunini ochish, lug’at ustida ishlash, o’qilgan matnni qayta hikoyalash asosiy ish turlaridan hisoblanadi. Hikoya mazmuni, odatda, savollar asosida tahlil qilinadi. Bunda savollar qatnashuvchi shaxsning xatti-harakati va xarakterini tahlil qilishga qaratilgan bo’ladi. So’roqlardan ikki maqsadda: hikoya mazmunini tahlil qilish hamda faktlar, mulohazalar, xulosalarni taqqoslash, voqea-hodisalar, xatti-harakat o’rtasidagi bog’lanishlarni aniqlash va umumlashtirish uchun foydalaniladi.
Hikoyani o’qish darsida o’quvchilar ma’nosini tushunmaydigan so’z va iboralar ma’nosini tushuntirish ham muhim, aks holda, ular hikoya mazmunini tushuna olmaydilar. So’z ma’nosini tushuntirishga ko’p vaqt sarflamay, asar mazmunini tushunishda eng zarur bo’lgan so’zni qisqa izoh berish bilan tushuntiriladi.
Hikoyani o’qishda hikoya mazmunini tahlil qilish va shu asosda o’quvchilar nutqini o’stirish markaziy o’rin egallaydi. Hikoya o’qilgach, o’quvchilar o’ylashi, o’z mulohazalarini aytishi uchun tayyorlanishga vaqt berish talab etiladi. O’qilgan asar yuzasidan beriladigan dastlabki savollardan maqsad hikoya bolalarga yoqqan-yoqmagani, undagi qaysi qaxramonning xarakteri bolaga ta’sir etgani, bolalar kim yoki nima haqida hikoya qilib berishni istashini bilishdan iborat. SHundan keyingina hikoya xarakterini tushunishga, nihoyat, asarning asosiy g’oyasini bilib olishga yordam beradigan savollardan foydalaniladi.
Badiiy asarni tahlil qilishda syujetni to’liq tushuntirishga berilib ketib, qatnashuvchilarga xarakteristika, asar qurilishi va tilini tahlil qilish kabi ish turlari e’tibordan chetda qolmasligi lozim.
Savollarni, odatda, o’qituvchi beradi, ammo asar mazmuni, qatnashuvchi shaxslarning xulq-atvorini ochish yuzasidan o’quvchilarga ham savol tuzdirish juda foydali. Bu usul bolalarga juda yoqadi va ishni jonlantiradi; asar mazmunini yaxshi tushunish, mazmun va voqealar orasidagi bog’lanishni to’liq esda saqlab qolishda o’quvchilarga yordam beradi.
Hikoyani o’quvchilar yaxshi o’zlashtirishlari, unda ilgari surilgan g’oyani bilib olishlari uchun matn bilan ishlash jarayonida tanlab o’qish, savollarga javob berish, hikoya qismiga o’zlari savol tuzishi, so’z bilan va grafik rasm chizish, reja tuzish, qayta hikoyalashning barcha turlaridan, ifodali o’qishga tayyorlanish kabi ish turlaridan foydalaniladi.
Kichik badiiy hikoyani izohli o’qish darsini uyushtirishda quyidagi reja varianti sxemasi e’tiborga olinadi:
1) hikoyani o’qishga tayyorlash (hikoyada tasvirlangani kabi kishilar hayoti, davrga qisqa xarakteristika...);
2) hikoyani (to’liq yoki mantiqiy tugallangan qismlarini) o’qituvchi yoki oldindan tayyorlangan o’quvchining ifodali o’qishi;
3) idrok etishni tekshirish (qatnashuvchi shaxslarning xatti-harakatlari, shaxslar va voqealar o’rtasidagi munosabatlar yuzasidan qisqacha suhbat);
4) hikoyani qayta o’qish (hikoyani qismlarga bo’lish, o’quvchilarga o’qitish, ayrim so’zlar ma’nosini tushuntirish);
5) hikoyaning har bir bo’limi yuzasidan suhbat o’tkazish va sarlavha topish;
6) hikoyaning ayrim bo’limlarini ifodali o’qish;
7) reja asosida qayta hikoyalash;
8) hikoyani ifodali o’qishga yoki sahnalashtirishga tayyorlanish (sinfda yoki uyda);
9) hikoyani ifodali o’qish va ifodali qayta hikoyalash.
Bu hikoyani o’qish darsi rejasining varianti bo’lib, o’zgarishi ham mumkin. Ammo shuni unutmaslik kerakki, badiiy hikoyani o’qish darsida uning mazmunini, asosiy fikrini bilish bilan birga, asarning tarbiyaviy (badiiy asar misolida o’quvchilarni tarbiyalash), xususan, estetik ta’siri ham ko’zda tutiladi va ifodali qayta hikoyalashga katta ahamiyat beriladi.