O’quvchilarning berilgan savol va topshiriqlarga o’z so’zlari bilan javob berishi. Mashqning bu turi o’quvchilarda o’qilganlar yuzasidan muhokama yuritish ko’nikmasini o’stirishga, asarda qatnashuvchi qahramonlarni baholashga, muallif tasvirlagan hayotiy lavhalar bilan asar g’oyasi o’rtasidagi bog’lanishni aniqlashga imkon beradi. Ishning bu turida beriladigan savollar ma’lum maqsadga yo’naltirilgan va muayyan izchillikda bo’lishi ,o’quvchilarning mustaqil fikrlashga undashi lozim. Boshlang’ich sinf o’qish darslarida savolva topshiriqlar qaysi maqsadga yo’naltirilganiga ko’ra quyidagicha tasnif qilinadi:
1.Asar mazmunini o’zlashtirish va qayta hikoyalashga doir savol- topshiriqlar.
2. Asar tilini o’rganish va o’zlashtirishga doir savol-topshiriqlar.
Sabab-natija tarzidagi savollardan ham foydalaniladi. Agar o’qituvchi asar g’oyasini tushunishda o’quvchilarga yordam berishni ko’zda tutsa, savol sabab-natija tarzida bo’ladi. Anvar Obidjonning ”Odobli bo’lish osonmi?” ertagi (4- sinf) g’oyasi o’quvchilarni salomlashish odobi bilan tanishtirish, ularda muomala madaniyatini tarbiyalashdir. Ertakdagi asosiy fikrni aniqlash uchun o’qituvchi ”Anvar Obidjon aytmoqchi bo’lgan salom berish mavridlarini o’z so’zingiz bilan aytib bering.” ,”Nima uchun echki sichqonga nasihat qildi?”, ”Toshbaqaning sichqoncha haqidagi fikrini gapirib Bering” kabi savol-topshiriqlardan foydalaniladi.
Savol-topshiriqlar ustida jamoa, juft va yakka tartibda ishlanadi.
Boshlang’ich sinflarda savol-topshiriqlarga javob berish ish turiga katta o’rin berilgan. O’qituvchining vazifasi ana shu savol-topshiriqlar ustida ishlash usullarini oldindan belgilab olishdir. Ijodiy harakterdagi savollar o’quvchilarni mustaqil fikrlashga undaydi. 4-sinf «O’qish» kitobidan o’rin olgan «Qodir bilan Sobir» matni yuzasidan o’quvchilarni o’z fikrini aytishga undovchi «Sobir o’qishdan kechikish sababini ochiq aytib to’g’ri qildimi?», «Uning o’rnida siz bo’lganingizda nima qilardingiz?» kabi savollar o’quvchilarning fikrlash qobiliyatlarini, og’zaki nutqini o’stiradi va matnni yaxshi o’zlashtirishlariga yordam beradi.