Sotsial psixologiya



Yüklə 0,55 Mb.
səhifə38/53
tarix02.01.2022
ölçüsü0,55 Mb.
#44750
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   ...   53
Sotsial psixologiya

Muloqot madaniyati. Muloqot madaniyatiga birinchidan, o`z-o`zini bilish va boshqa odamlarni tushuna olish qobiliyati, ya`ni ularning psixologik xususiyatlarini to`g`ri baholay olish, ikkinchidan, ularning xulqi va holatlariga nisbatan mos (adekvat) munosabat bildira olish, uchinchidan, har bir odamga nisbatan uning shaxsining individual xususiyatlariga eng ma`qul keladigan muloqot shakli, usuli va stillarini tanlay bilish kiradi. Muloqot madaniyatini oshirish uchun odamda ilk yoshlikdan boshlab boshqa odamlarga hurmat va samimiyat bilan munosabatda bo`lishni, ularga hamdardlik, insonparvarlik, mehribonlik qilish qobiliyatlarini shakllantirib borish kerak bo`ladi.

Muloqot eng avvalo odamni odam tomonidan idrok qilishidan boshlanadi, unda dastlabki o`zaro baholash amalga oshadi, dastlabki hissiy-intellektual munosabatlar shakllanadi va shundan so`ng tegishli muloqot shakli amalga oshiriladi. Bu jarayonda odam haqidagi ma`lumot, idrok etilayotgan odamning hayotiy tajribasi, u yoki bu munosabat shaklini yoqtirishi yoki yoqtirmasligini yuzaga keltiradigan bevosita emotsional munosabatlar muhim rol o`ynaydi.

Muloqotda buyruq ohangining ustunligi, do`q-po`pisa bilan keskin shaklda muomalada bo`lish, suhbatdosh nomiga tez-tez bildirilib turiladigan e`tirozlar, uning xatti-harakati va fikrlaridan norozilikni ifodalash, yo`l bermaslik va tajovuzkorlikni namoyon qilish, oilada o`zaro raqobat (yoki hukmronlik-bo`ysinuvchanlik) munosabatlarini yuzaga keltiradi. Befarqlik, e`tiborsizlik, qo`pollik, bemehrlik, behurmatlik kabilar oiladagi samimiy muloqotga putur yetkazadi. Agar aksariyat hollarda iltimoslardan, maslahatlardan, o`zaro kelishuvli savol-javoblardan, o`z niyat-istaklarini, xatti-harakatlarini xotirjamlik bilan bayon qilish usulidan foydalanilsa, oilada o`zaro yordam, o`zaro tushunish, bir-birlariga yon berish odat bo`lsa, unda bunday oilalarda do`stona munosabatlar o`rnatiladi, oilaviy hayot uchun eng maqbul bo`lgan psixologik muhit yuzaga keladi.

Odamlar o`rtasida bir-birlarini tushunishning yetishmasligi ko`pincha muloqotdagi to`siq bo`lib, shaxslararo munosabatlar bo’zilishining sababi hisoblanadi. Bizlar boshqa odamlar bilan bo`ladigan o`zaro munosabatlarimizda nima uchundir, o`zimizning fikr-o`ylarimiz, niyatlarimiz suhbatdoshimizga ayon deb hisoblaymiz. Bundan tashqari hamma odamlar ham bolaligidan boshqa odamlarning emotsional holatlarini his qilish, ularni ko`rish, ular bilan hisoblashish, ularni tushunishga intilishga o`rgatilavermaydi. Shuning uchun ham ko`pchilik holatlarda, hatto bir-biriga eng yaqin, bir-biriga zid manfaatlarga ega bo`lmagan odamlar ham hayotda bir-biriga noxushliklar yetkazishi mumkin. Albatta, bu ishlarni ular bir-birlariga yomonlik, yovuzlik qilish niyatida yoki o`zlari yovuz odamlar bo`lganliklari uchun emas, balki shunchaki bir-birini tushunmaganliklari «nima qilayotganliklarini bilmaganliklari» uchun sodir etadilar. Shunga o`xshash holatlar odamlarning o`zaro munosabatlari, muloqotlarida o`ziga xos to`siq vazifasini bajaradi.

Ijtimoiy psixologlar muloqot jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan to`siqlarning quyidagilarini farqlaydilar: psixologik, vaziyatli, mazmuniy va motivatsion to`siqlar.

Psixologik to`siq — bu sherigiga ma`qul tushmay qolish, tushunilmay qolishdan qo`rqish, u tomondan inkor etilish va kalaka qilinishdan yoki keskinlikdan qo`rqish, eng ezgu hislarini va niyatlarini samimiy izhor etishiga javoban qo`pollik bilan javob berilishi mumkinligidan xavotirlanish kabilar tufayli intellektga oid, mehribonlikka oid, kuchga oid shaxsiy imkoniyatlarini namoyon qilish va amalga oshirishga halaqit beruvchi o`ziga xos ichki psixik tormozdir.

Vaziyatli to`siqlar — bu suhbatdoshlarning bir xil vaziyatni turlicha tushunishlari, unga turlicha yondoshishlari bilan bog`liq.

Mazmuniy to`siqlar — odatda suhbatdoshini tushunmaganlik tufayli, uning mazkur jumlasi qanday ma`noda aytilgani, u qanday fikrni ilgari suryapti, nimani nazarda tutyapti, nimaga olib boryapti va shu kabi mulohazalarga borish tufayli yuzaga keladi.

Motivatsion to`siqlar shunday vaziyatlarda yuzaga keladiki, bunda gapirayotgan odam yo o`zi bayon qilayotgan fikrning motivini yetarlicha anglay olmaydi, yoki u atayin ularni (asosiy motivni) yashirishga harakat qilayotgan bo`lishi mumkin.

Bulardan tashqari muloqotga to`siq bo`lib, suhbatdoshlarning psixologik madaniyatlilik nuqsonlaridan biri, ya`ni ularning yo eshitishni va yoki tinglashni bilmasligi, «teskari aloqaning» yo`qligi xizmat qilishi mumkin. Odamlar o`rtasidagi suhbat ko`pincha ularda aqlning yetishmasi tufayli emas, balki ularning xudbinligi tufayli: har biri o`zi haqida yoki o`zini qiziqtiradigan masalalar haqida gapirishga intilishligi tufayli kutilganidek amalga oshmay qolishi mumkin. Oqibatda bitta «aqlli» dialog o`rniga, ikkita behuda, hatto zararli monolog amalga oshadi. Shuning uchun ham muloqotga, suhbatlashish san`atiga o`rganish, ijtimoiy-psixologik madaniyatni egallash, o`zini, o`z kayfiyati va hissiyotlarini boshqara olish, bilim va malakalarini ishlab chiqish, o`z gapi bilan suhbatdoshini qiziqtira olish qobiliyatini rivojlantirishga erishish kerak. Biroq buning uchun birinchi navbatda har qanday muloqotning umumiy qoidasi: boshqa odamlarning, suhbatdoshlarining ehtiyojlari, xohishlarini qondira oladigan odamgina hurmatga erisha olishini yodda tutishi lozim.

 Yosh oilalarda er-xotin munosabatlari o`ziga xos hududiy, etnik, jinsiy, yosh va individual psixologik xususiyatlarga ega bo`lgan ular munosabatlari shakllanishining eng nozik va hal qiluvchi shakli hisoblanadi. U yoki bu yosh oilaga xos bo`lgan er-xotin munosabatlari boshqa bir er-xotinga mos kelmasligi mumkin. Chunki yosh oilani yuzaga keltirgan er-xotinlar turli xil shaxslararo munosabatlar tizimi, turlicha taomilga ega bo`lgan oilalarda tarbiyalangan, shaxs sifatida shakllangan individlardan tashkil topadi. Lekin shunga qaramasdan maxsus psixologik tadqiqotlarda va ulardan olingan natijalar asosida yozilgan ilmiy psixologik adabiyotlarda yosh oilalarda er-xotin munosabatlarining shakllanishi va rivojlanishining umumiy mexanizmlariga oid tegishli ma`lumotlar keltirib o`tilgan.

Umuman, yosh oilalarda er-xotin munosabatlarining qay tarzda rivojlanishi avvalo shu yosh oilaning yuzaga kelishiga asos bo`lgan nikoh oldi omillarining xarakteri, shu oilalarning yuzaga kelish shart-sharoitlari bilan uzviy bog`liqdir. Bular haqida oldingi mavzuda qisman to`xtalib o`tdik.

Albatta, yosh oila yuzaga kelar ekan, ular bir-birlarini sevib turmush qurishganmi, qarindosh urug`chilik, tanish-bilishchilik, sovchilik, hisob tufaylimi yoki stereotip bo`yichami, qanday bo`lishidan qat`iy nazar, nikohning .ilk kunlarida ularning bir-birlariga nisbatan bo`lgan o`zaro munosabatlarida, er-xotin o`rtasidagi shaxslararo munosabatlarda emotsional ko`tarinkilik, hissiy rang-baranglik darajasi yuqori bo`ladi. Bir-birlarini ma`lum bir muddat sevishib oila qurgan juftlarda bunday emotsional ko`tarinkilik darajasi nihoyatda yuqori bo`ladi. Chunki ular bir necha yil kutib, intilib yashagan visol damlariga nihoyat yetishgan bo`ladilar. Bunday juftlar nikohi boshida er-xotin o`rtasidagi shaxslararo munosabatlarda emotsional ko`tarinkilik, bir-birlariga emotsional intilish juda yuqori darajada bo`ladi. Nafaqat sevishib oila qurganlar, balki deyarli barcha motivlarga ko`ra oila qurgan yoshlarda ham nikohning boshida er-xotin o`zaro munosabatlarida bir-biriga yaqinlik, bir-birini qadrlash, hurmat qilish nisbatan yuqori bo`ladi. Ularning bir-birlari, o`z nikohlari, bo`lajak oilaviy hayotlari haqidagi niyat, orzu, umidlari ezgu, ijobiy bo`ladi. Chunki hech kim va hech qachon ertaga bo`lajak turmush o`rtog`im, yangi oilamning a`zolari bilan nizo-janjalga boraman, ular bilan urishaman va oxir-oqibatda oilam bo’zilib, ajrashib ketaman, deb oila qurmaydi (Ayrim hollarda majburan oila qurganlar bundan mustasno). Inson oila qurar ekan, ahil-inoq yashab, murod maqsadga yetishishni orzu qiladi, nikoh arafasida va nikoh kechasi ham barcha yaqin birodarlar, qarindosh-urug`lar, to`yga tashrif buyurgan mehmonlar yoshlarga ezgu niyatlar bildiradilar. Shuningdek, yoshlar oila qurish arafasida va nikohlarining dastlabki kunlarida turmush o`rtog`i timsolida, o`zining shu orzu-istaklariga, murod-maqsadlariga yetishishda yordam beruvchi, uni qo`llab-quvvatlovchi, uni har soniya, har onda tushunuvchi o`z tabiatiga yaqin odamini tasavvur qiladi va unga imkon qadar shunday ijobiy, iliq munosabatda bo`lishga harakat qiladi.

Biroq, hayotda, ayniqsa oilaviy hayotda hamma narsa ham odam kutganiday bo`lavermaydi. Oilaviy hayotning o`ziga yarasha notekisliklari, past-balandliklari, murakkabliklari, muammolari bo`ladi. Shunday murakkabliklardan biri yosh er-xotinning yangi ijtimoiy statusga, mavqega: er, kuyov, uylangan, oilali yigit, xotin, kelin, turmushga chiqqan ayol rollariga, o`zlari uchun yangi bo`lgan ijtimoiy muhitga, yangi oilaga moslashish jarayonidir. Xo`sh, bu yangi sharoitlarga moslashish jarayoni kimda qanday kechadi?

Albatta, bu jarayon erkaklarda ayollarga nisbatan yengilroq. kechadi. Chunki ular o`zbek oilasining etnik xususiyatlaridan kelib chiqqan tarzda, aksariyat hollarda erning uyida, uning ota-onasi va boshqa qarindoshlari bilan yashaydi. Ya`ni yigit uylanganidan keyin ham o`z oilasida, o`z yaqinlari va o`zi uchun oldindan odat bo`lib qolgan oilaviy, shaxslararo munosabatlar tizimida qoladi. Ayol kishining esa nikohdan keyingi holati, oldingisidan keskin farq qiladi. Birinchidan, u o`zi uchun deyarli yangi bo`lgan, oldingisidan tubdan farq qiladigan muhitga tushadi. U o`ziga xos shaxslararo munosabatlar tizimi, rollar taqsimoti, o`ziga xos «pocherkka» ega bo`lgan qizlik oilasidan, boshqa bir oilaga, boshqacha bir shaxslararo munosabatlar tizimiga ega bo`lgan yangi oilaviy muhitga tushadi. Undagi mavjud «pocherk» ol-dingisiga mos tushmaydi, bundagi oilaviy rollar taqsimoti ham, bu yerdagi ma`lum bir ishni bajarish tartibi, u yoki bu ishga qo`yiladigan talablar ham oldingisiga o`xshamaydi. Buning ustiga yosh oilada yosh kelin zimmasiga yuklatiladigan vazifalar uning qizlik vaqtida bajaradigan ishlaridan ham miqdor, ham mazmun jihatdan tubdan farq qiladi. Yangi ijtimoiy sharoitga moslashish jarayonining o`zbek oilalarida ayol kishi uchun qiyin kechishining asosiy sabablaridan yana biri unda yosh kelin yuqorida aytib o`tilgan vaziyatlarga tushishi bilan birga bu yangi oilada kelin o`zini «begona» deb his etishidir, ya`ni undagi «begonalik effekti»ning mavjudligidir.

Yuqorida keltirib o`tilganlardan ko`rinib turibdiki, yosh oila yuzaga kelganidan so`ng unda er-xotin munosabatlarining «kutilganidek» rivojlanishiga halaqit qiladigan ko`plab ijtimoiy psixologik, etnik, hududiy, jinsiy omillar borki, yoshlarimiz bularning barchasi haqida oldindan xabardor bo`lishi va ularning salbiy ta`sirlarini yumshatib, ijobiy jihatlarini rivojlantirishga tayyor bo`lishlari maqsadga muvofivdir.

Shunday qilib, eng ezgu niyatlar bilan oila qurgan yoshlarda er-xotinning shaxsiy munosabatlari, baxtga qarshi, yaxshidan yomonga qarab rivojlana boshlaydi. Chunki nikohning boshida kuzatiladigan er-xotin o`rtasidagi ko`tarinki emotsional yaqinlik asta-sekinlik bilan pasayib, ular hissiyotlarining o`tmaslashuvi ro`y beradi. Bu holatlar albatta har qanday oilada shaxslararo munosabatlar rivojlanishining o`ziga xos dinamikasini tashkil qiladi. Bu holatdan voqif bo`lish va uning o`zgarishlariga tayyor turish yosh oilalarda yuzaga kelishi mumkin bo`lgan ayrim ko`ngilsizliklarning oldini olishga asos bo`ladi.

Er-xotinlarning oiladagi muloqoti shaxslararo muloqotning umumiy qonuniyatlariga bo`ysunish bilan birga, dastavval ishdan tashqari, bo`sh vaqtlarini birgalikda o`tkazish bilan shartlangan o`ziga xos xususiyatlariga ham ega. Hamkasblar, o`rtoqlar, do`stlar va sevishganlar hamma vaqt ham birga bo`lish imkoniyatiga ega emaslar, qaytanga, o`z muloqotlarini o`zlari xohlagan vaqtlarida bir oz kamaytirib, hatto o’zib (to`xtatib) qo`yishlari ham mumkin (uchrashuvga borishi lozimligini «unitib» qo`yish, kutilmaganda «juda band» bo`lib qolishi mumkin va sh.k). Er-xotinlar esa ko`pincha bunday imkoniyatlardan mahrumdirlar. Ular bir xonadonda, ko`pincha bir xonada birga bo`lishga «mahkum» etilgan. Albatta bu gaplar ko`pchilik yoshlarimizda (ayniqsa, bir-birlarini sevuvchi yoshlarda) tushunmovchilik, ishonmaslik, e`tiroz tug`dirishi mumkin, chunki ular o`zing uchun aziz, sevimli bo`lgan odam bilan birga bo`lish, uning yonida bo`lish «majburiyati» bu eng orziqib kutilgan orzuning ro`yobga chiqishi-ku, deb hisoblashlari mumkin. Biroq bu «mahkumlik» bilan hisoblashmaslik ham mumkin emas. Turli aholi punktlarida, mahallalarda, qo`ni-qo`shnilar o`rtasida ko`pincha faqat ayollardan yoki faqat erkaklardan iborat «kompaniyalar» ham behudaga yuzaga kelavermaydi.

Qadimiy afsonaviy Sparta qonunchiligida er-xotinlar ishqiy munosabatlarining sovuqlashib ketishidan saqlash maqsadida ularning muloqotlari imkon qadar chegaralab qo`yilgan. Unga ko`ra erlar xotinlaridan ajratilgan holda, ya`ni er va xotin boshqa-boshqa yashaganlar va ular faqat ovloq joylardagina, «begona ko`zlardan» yashirin tarzda uchrashib turishlari mumkin bo`lgan. Bu tadbir faqat Sparta jangchilari o`zlarining jangovor ruhlarini yo`qotmasligi, o`zlarining yosh xotinlari bilan mashg`ul bo`lib qolmasliklari uchungina emas edi. Bunda «ta`qiqlangan meva» effektidan foydalanilgan. Uchrashishlarning qiyinligi xuddi tuzsiz taomga tuz, ziravorlar maza berganidek, er-xotinlarning bir-birlariga hissiy yaqinligini sezilarli darajada kuchaytiradi, nikoh rishtalarini mustahkamlaydi. Yoki Shekspirning qahramonlari Romeo va Jul`ettalarga ham agar unashtirilganlaridan so`ng barcha qulayliklari bilan alohida «koshona» berilganda edi, ular o`zlarini boshqacha tutgan bo`lishardi.

Doimiy muloqot bir xillik ko`rinishini yuzaga keltiradi, tabiiyki, bundan hayotdagi kundalik ikir-chikirlar ko`payadi, ayni vaqtda chuqur hissiyotlar o`z ob`ektining yaqinligi tufayli kundalik odatlar shaklini oladi. Odamlar bir-birlaridan bir oz muddat ayri yashashsa hammasi joyiga tushadi: muhim to`siqlardek tuyilgan narsalar arzimagan mayda chuydalarga aylanib qoladi, qisqa muddatli hijron ta`sirida chuqur hissiyotlar kuchayadi va yana o`ziga yarasha kuchga ega bo`ladi.

Er-xotin muloqoti, muomalasining o`ziga xos nozik jihatlaridan yana biri ularning bir-birlari bilan yetarli darajada intim munosabatlarda bo`lishidir. Bu albatta ularning o`zaro munosabatida, shubhasiz, o`z izini qoldiradi. Bu o`rinda shuni ham aytib o`tish joizki, bizning bolalikdan olgan o`ziga xos tarbiyamiz jinsiy munosabatlar, jinsiy muloqotga noma`qul, uyat, go`yoki ahloqsiz hodisadek qarashga majbur qiladi. Biz jinsiy moyillikni uzoq vaqt bir yoqlama past, sharmandali, odam hissiyoti uchun noo`rin narsa deb atab kelganmiz (ba`zilar hozir ham shunday deb hisoblaydi). Nima uchun shunday bo`lgan? Chunki u hayvonlar uchun ham, odam uchun ham umumiy. Biroq ochlik ham, chanqoqlik ham hayvonlarda qanday bo`lsa, odamda ham shunday bo`ladi. Ammo bizning ahloq va odatlarimiz, ma`naviyatimiz doirasida ular haqida nafaqat oshkora gapirish, ularga bo`lgan ehtiyojlarni boshqalarning ishtirokida, ko`z o`ngida qondirish mumkin, ya`ni ular odamlarga xos deb qabul qilingan. Nima bo`lgan taqdirda ham biz o`zimizning «hayvoniy» tabiatimizdan baribir qutula olmaymiz. Bunda hammasi bu hislarning yuzaga kelishiga emas balki, ularni qachon, qaerda, qanday sharoitda va qanday tarzda namoyon qilamiz, biz ularga so`zsiz bo`ysunadigan qullarmizmi yoki mulohazakor va mehribon xo`jayinlarmizmi, mana shunga bog`liq.

Odamlar oila qurishar, nikohdan o`tishar ekanlar, tabiiyki, seksual munosabatlarga kirishadilar.

Endi nikohdan keyin bu «mumkin». Biroq bolalikdan jinsiy aloqa, jinsiy akt haqida qandaydir bir «yomon» narsa deb tasavvur qilib tarbiyalanganlik, ayrim er-xotinlarga yeng ostida bo`lsada, halaqit qiladi va bu ba`zan ularning bir-birlariga ahloqsiz qiliqlarni qilishda o`ziga xos sherik deb qarashga majbur qiladi.

Vaqt o`tishi bilan er-xotinlarning bir-biri oldidagi «sir-asrorlari tobora ochilib» boraveradi. Afsuski, bu bir-birlari uchun oshkoralashib borish faqat ma`lum bir zaruriy chegaradagina amalga oshadi. Ozoda, muloyim, ehtiyotkor yigit endi o`ziga qaramaydigan, befarosat, qo`pol erga aylanadi. Ozoda, bejirim, did bilan kiyinadigan, kamtarin, nozik qiz, kelin endi beo`xshov kiyingan, o`ziga qaramaydigan, vaysaqi xotinga aylanadi. Uning oldingi jozibasi, go`zalligi go`yoki «yo`qoladi».

Har bir xalqda, har qaysi zamonda go`zallikning o`ziga xos belgilari, etalonlari bo`ladi. Go`zallik va go`zal emaslik haqidagi tasavvurlar vaqt o`tishi bilan so`zsiz o`zgaradi. Biroq umumxalq tomonidan qabul qilingan va e`tirof etilgan go`zallik etalonlari bilan bir qatorda individual, shaxsiy, xususiy etalonlar ham bo`ladi. Aytishlaricha, boyo`g`li qushlarning orasida eng go`zallari uning bolalari ekanligidan maqtanar ekan, chunki «ularning hammasining quloqlari uzun, boshi katta, umuman, o`ta go`zal» ekan. Kim biladi, bu borada kabutar nima degan bo`lar ekan. Aynan shu sababga ko`ra xalq ichida «tipratikon o`z bolasini yumshorim, qo`ng`iz bolasini oppog`im deydi», — degan maqol bor. Shuning uchun ma`lum bir namunaga o`zini urish, o`zini o`shanday bo`lishga majburlash kerak emas. Har joyning ham o`z toshu tarozusi, o`lchami mavjud. Xotinini sevuvchi er uchun uning xotini (yoki erini sevuvchi xotin uchun uning eri) umumiy etalonga mos keladimi yoki yo`qmi, bundan qat`iy nazar, ko`pincha eng go`zal, chiroyli, kelishgan odam deb tasavvur qilinadi. Aynan mana shu go`zallikni o`ziga xos «ziravorlar»: kiyimlar, soch turmagi, xatti-harakat, imo-ishoralar, qiliqlar, so`zlar va shu kabilar bilan saqlab qolish kerak bo`ladi. Uni nafaqat «xalq ichida» balki uyda ham saqlash kerak.


Yüklə 0,55 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   ...   53




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin