Konstitutsiyamizning 18 moddasida, “O'zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo'lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, qonun oldida tengdirlar.
Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo'yiladi hamda ijtimoiy adolat printsiplariga mos bo'lishi shart” – deb belgilangan.
Bu shaxsning (birinchi navbatda shaxs fuqarodir) mavqeini, tengligini ta'minlovchi asosiy huquqiy normadir. Shaxs tengligi bu yerda qonun oldidagi tenglik asosida qaralmoqda. Shuningdek, jamiyat va davlatning insonparvarlik mohiyatidan kelib chiqib konstitutsiyaning o‘zida adolat prinsiplariga mos ravishda ayrim shaxslarga imtiyozlar belgilanishi ham ko‘rsatib qo‘yilgan.
Konstitutsiyamizning 19 moddasida,“O'zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan bo'lgan huquqlari va burchlari bilan o'zaro bog'liqdirlar.
Fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo'yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo'yishga hech kim haqli emas” – deyilgan. Demak, bu yerda yana fuqarolarning konstitutsiya va qonunlarda belgilab qo‘yilgan huquqlarini daxlsiz ekanligini, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishiga hyech kim haqli emasligini belgilaydi.
Konstitutsiyamizning 20 moddasiga asosan esa,“Fuqarolar o‘z huquq va erkinlarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatini qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetqazmasligi shart” – deb mustahkamlangan. Boshqalarni manfaatiga (fuqaro, jamiyat, davlat manfaati) zarar yetkazilsa, zarar yetkazgan fuqaro huquqi cheklanadi, sud qaroriga asosan shunday hollarda, hamda xavfsizlik nuqtai nazaridan fuqarolarning huquqlarini cheklash mumkinligi xalqaro huquqiy hujjatlarda ham qayd qilingan bo‘lib, O‘zbekiston Konstitutsiyasining mazkur normasi (fuqaro huquqini cheklash haqidagi) xalqaro normalarga ham to‘la mos tushadi.