§ 3. Fuqarolikka ega bo‘lish va fuqarolikni yo’qotish asoslari O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi quyidagi hollarda olinadi:
1. tug‘ilganda;
2. O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinishi natijasida;
3. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha;
4. Fuqarolik to’g’risidagi Qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslar bo‘yicha.
Fuqarolikning tan olinishi yoki berilishi natijasida yuzaga kelishi Qonunning 4-moddasida belgilangan bo’lib, asosan quyidagilar O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari hisoblanadilar:
1) kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy holatidan, irqi va millatidan, jinsi, ma'lumoti, tili, siyosiy qarashlari, diniy e'tiqodi, mashg‘ulotining turi va sajiyasidan qat'i nazar, ushbu Qonun kuchga kirgan vaqtda O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan, boshqa davlatlarning fuqarolari bo‘lmagan hamda O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lish istagini bildirgan shaxslar;
2) davlat yo‘llanmasi bilan O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ishlayotgan, harbiy xizmatni o‘tayotgan yoki o‘qiyotgan shaxslar, agar ular O‘zbekiston Respubliksining hududida tug‘ilgan bo‘lsalar yoki doimiy yashaganliklarini isbot qilgan bo‘lsalar, boshqa davlatlarning fuqarolari bo‘lmasalar va ushbu Qonun kuchga kirganidan keyin kechi bilan bir yil ichida O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lish istagini bildirgan bo‘lsalar;
3) ushbu Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini olgan shaxslar.
Yodda tuting!
Jahon amalyotida fuqarolikning tug’ilishi bo’yicha vujudga kelishida ikkita asosiy ko’rinish bor, bular: “qondoshlik huquqi” va “tuproqdoshlik huquqi”. Birinchi holatda bola tug’ilgan joyidan qat’iy nazar, ota-onasining fuqaroligini oladi, ikkinchi holatda esa –bola ota-onasining fuqaroligidan qat’iy nazar, qaysi davlatda tug’ilgan bo’lsa, o’sha davlat fuqarosi bo’ladi.
O‘zbekistonda har ikkala qoida tan olinadi. Uning asosi esa “Fuqarolik to’g’risidagi” Qonunda o’z ifodasini topgan.
O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘lishning muhim vositalaridan biri – fuqarosiz shaxslarni yoki chet el fuqarolarini o‘z ixtiyorlariga ko‘ra O‘zbekiston fuqaroligiga o‘tishidir. O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilish uchun shunday istak bildirgan shaxslar oldiga ba'zi talablar qo‘yiladi.