Jamlash yo’li bilan obraz yaratish. Bu haqda N.G.Chernishevskiy “San’atning voqyelikka estetik munosabatlari” asarida shunday yozadi: yozuvchi “ko’pgina individual shaxslarni kuzatadi; bularning hyech qaysi tip bo’lib xizmat qila olmaydi; lekin u har biridan umumiy tipik xususiyatlarini aniqlaydi; barcha tasodifiy xislatlarni chiqarib tashlab har xil kishilarga xos bo’lgan xususiyatlarni badiiy bir butunlikka birlashtirish yo’li bilan xarakter yaratadi.”1 Yozuvchi hayotda ko’rgan, bilgan kishilarining xarakterli xislatlarini miya sandig’iga joylab qo’yaveradi. Tug’ilgan g’oyaga muvofiq tasavvuri ishga tushadi-hayotni bichib, to’qiydi. Tasavvur qalbini, ongini uyg’otadi va unda joylashgan materiallardan, xislatlardan, detallardan keragini tanlab oladi va ularni faollik bilan yakka shaxsda birlashtiradiki, undan tasvirlanishga mo’ljallangan obraz qismati bilan reallashadi. Otabek va Kumush (“O’tgan kunlar”), Qobil bobo (“O’g’ri”), Turobjon (“Anor”) kabi ko’plab obrazlar ana shu yo’nalishning mahsulidir.
Asar qurilishida tutgan o’rniga qarab obrazlar quyidagicha turlarga bo’linadi:
1. Asar voqealarining markazida turib, asar syujetini harakatga keltiradigan va oxirigacha rivojlantiradigan, asar bosh g’oyasini o’zida tashiydigan shaxslar – Bosh obraz yoki Bosh qahramon deb yuritiladi.
Jumladan, XX asr boshida o’zbek xalqi o’zini qanday taniganini ko’rsatish “Qutlug’ qon” (Oybek)ning bosh g’oyasidir. Ana shu g’oyani o’zida tashigani va asarning boshidan oxirigacha ishtirok etgani uchun Yo’lchi romanning bosh qahramoni sanaladi. Xuddi shuningdek, Otabek “O’tgan kunlar” (A.Qodiriy)ning, Po’lat “Qudratli to’lqin” (Sh.Rashidov)ning, Avaz “Qora ko’zlar” (P.Qodirov)ning, Ahmadjon “Davr mening taqdirimda” (A.Muxtor)ning bosh obrazidir.
2. Badiiy asarda ma’lum bir g’oyani (asardagi bosh g’oyaning kichik bir bo’lagini) ifodalovchi, syujet davomida bir, ikki ko’zga ko’ringan obrazlar epizodik yoki yordamchi obrazlar deyiladi.
Jumladan, “O’tgan kunlar” romanidagi Qovoq devona, Usta Farfi, Rahmat, Ahmadxon, Komilbek kabilar – epizodik obrazlardir.
Usta Farfi romanda bir epizodda ko’rinadi va Otabek bilan usta Alimni “Komilbekni qotili Hamid” ekanligiga ishontirish, Kumushning xaridori, uni o’ziniki qilishga harakati borligini bildirish uchun, “bu bir it, tomdagi luqmani o’zi ham yemaydi, boshqaga ham yedirmaydir, nah itning o’zi!” - deya Hamidni xarakterlash uchun, Otabek hayotidagi fojealarning manbaini, Hamidning yordamchisi Sodiq usta Alimga qo’shni ekanini ta’kidlash uchun kiritiladi. Bu vazifani o’tab bo’lgach, romanning keyingi voqealari tasvirida ko’rinmaydi. Shunga asosan u-yordamchi obrazdir.
Adabiyot hayotni ikki xil yo’l bilan tadqiq etadi: biri-tasdiqlash, ikkinchisi-inkor etish. Shunga ko’ra obrazlar quyidagicha turlarga bo’linadi: 1. Xatti-harakati, xarakter xususiyati bilan asosan ijobiy xislatlarni o’zida tashisa va kitobxon uchun o’rnak bo’la olsa, jamiyatni ezgulik va komillikka yetaklay bilsa, u – ijobiy obrazdir. Bu xususiyatlarga ega bo’lgan Otabek, Yo’lchi, Bobur, Po’lat, Ahmadjonlar – ijobiy obrazlar sanaladi.
2. Xatti-harakati, xarakter xususiyati bilan, asosan salbiy xislatlarni o’zida tashisa, kitobxonni o’ziga nisbatan nafratini uyg’otsa, jamiyatni tanazzulga tortsa, u- salbiy obrazdir. Hamid, Musulmonqul cho’loq (“O’tgan kunlar”), Ahmad Tanbal (“Yulduzli tunlar”), Inoyat oqsoqol (“Ufq”) kabilar bu xil obrazlarning tipik vakilidir.
Adabiyot tarix va zamona materialiga murojat qilishiga ko’ra quyidagi obrazlarni vujudga keltiradi: 1. Yozuvchi “tarix orqali zamonaning ichiga kirsa” (A.Tolstoy), tarixda bo’lib o’tgan voqyelikni obrazlarda gavdalantirsa, ular tarixiy shaxslar obrazi deb yuritiladi. Hamid Olimjoninng “Zaynab va Omon”idagi Zaynab, Oybekning “Navoiy” romanidagi Navoiy, P.Qodirovning “Avlodlar dovoni”dagi Akbar real tarixiy shaxslar obrazidir.
2. Yozuvchi bugungi jamiyatning taraqqiyoti uchun zarur bo’lgan yangi g’oyalarni ifoda etsa, bu g’oyalarni zamondosh, “tanish bo’lgan notanish” xarakterlarda gavdalantirsa, bu zamonaviy obraz yoki zamondosh obrazi deb yuritiladi. Mustaqillik mafkurasini qalbiga ko’chirgan, Istiqlol mohiyatini o’zida jam qilgan, el-yurt ravnaqi uchun kuyib, yonib yashayotgan, O’zbekistonining buyuk davlat bo’lishiga asos va kuch berayotgan tadbirkor, mulkdor zamondoshlarimiz obrazi – bunday obrazlarning yaqqol timsolidir.
Adabiyotshunoslikda obrazlarning yana boshqacha turlari ham mavjud: o’zgaruvchan obrazlar (Yormat-“Qutlug’ qon”), murakkab obrazlar (Ortiq-“Qora ko’zlar”) kabi. Demak, bu sohadagi izlanishlar davom etaveradi.
Badiiy asardagi bir - biri bilan uzviy bog’liq obrazlar majmui - obrazlar (sistemasi) tizimi (“O’tgan kunlardagi” Yusufbek hoji – O’zbekoyim- Otabek – Kumush – Yodgorbek kabi), asardagi ma’lum bir guruhga mansub obrazlar – obrazlar galeriyasi (“O’tgan kunlar”dagi Hamid – Sodiq – Mutal - Jannat kampir kabi) deb yuritiladi.
Badiiy asar qahramonlarini yuqoridagidek turlarga ajratish mumkindir, lekin ular o’rtasiga Xitoy devorini qo’yish tamoman noto’g’ridir. Chunki go’zal va hayotbaxsh bitta obraz (masalan Otabek)ni - realistik obraz, epik obraz, bosh obraz, ijobiy obraz, tarixiy obraz deb yuritaverish haqiqatga to’g’ri kelaverdi.
Hayotda har qanday yaxshi insonning ham qusurlari, har qanday yomonning ham yaxshi xislatlari borligiga hyech kim shubha qilmaydi. Hammasi ham aybdor (beayb-Parvardigordir) bandalardir. Shunday ekan, badiiy asar qahramonlarini faqatgina bir rangda (oq yoki qora, yoki qizil) tasvirlanishi, sun’iy ravishda bir rangning quyuqlashtirilishi mantiqan noto’g’ridir.
Jumladan, “Oltin zanglamas” (Shuhrat)dagi Mirsalim, “Chiniqish” (Mirmuhsin)dagi Bo’rixo’ja, “Senga intilaman” (H.G’ulom)dagi Mirhosil obrazlari yozuvchilar tomonidan jamiyatimizda uchrab turuvchi salbiy xususiyatlarning deyarli barchasini o’zlarida jamg’argan shaxslar sifatida tasvirlanadi; obraz aniqligiga putur yetkaziladi. Natijada, bu obrazlar o’zlarining jonli qiyofalarini yo’qotib, salbiy xususiyatlarning yig’indisiga aylanib ketadilar. Chunonchi, yigirma yildan buyon kolxozga rais bo’lib kelgan Mirhosil – qo’li egri, qo’pol, xushomadgo’y, cho’lni nobud etuvchi, ma’naviy jihatdan buzuq, xotin olib, xotin qo’yuvchi va hokazo...
Adabiyot – insonshunoslik ekan, adabiy asardagi obrazlar hayotdagi kishilarning fe’l - atvorlariga – xarakterlariga muvofiq kelishi, eng asosiysi, hayotiy bo’lishi talab qilinadi.
Mustaqil Respublikamiz kelajagi, ravnaqi yoshlarimizning yuqori ma’naviyatli, ijodiy fikrlash qobiliyatiga va mustaqil o‘rganish ko‘nikmalariga ega shaxs sifatida shakllanib borishiga bog‘liq. Shu bois mamlakatimizning istiqlol yo‘lidagi birinchi qadamlaridanoq, davlatimiz xalqimizning buyuk ma’naviyatini tiklash va yanada yuksaltirish, milliy ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, uni zamon talablari bilan uyg‘unlashtirish asosida jahon andozalari darajasiga chiqarish maqsadiga juda katta ahamiyat berib kelmoqda.
Ta’lim-tarbiya jarayonining yoshlarda ijodiy qobiliyatlarni rivojlantirishga mos bo‘lishi barcha ta’lim muassasalarida (bog‘cha, maktab, litsey, kollej, universitet) ta’lim beruvchi va ta’lim oluvchilar munosabatlarini demokratlashtirish, o‘qituvchining mavqeiga nisbatan qarashni, ta’lim shakli, mazmuni va texnologiyalariga yangicha, ya’ni innovatsion yondashuvni joriy qilishni taqozo etadi.
Shu vaqtgacha an’anaviy ta’limda talaba (yoki o‘quvchi)larni faqat tayyor bilimlarni egallashga o‘rgatib kelingan edi. Bunday usul talaba (yoki o‘quvchi)larda mustaqil fikrlash, ijodiy izlanish, tashabbuskorlikni so‘ndirar edi.
Badiiy obraz o`zida aql va hisni uyg`un birlashtiradiki, shu bois uni ratsional va emotsional birlik sifatida tushuniladi. Badiiy obrazdagi ratsional jihat shuki, uning yordamida ijodkor o`zini qiynagan muammolarni badiiy idrok etadi. Masalan, Cho`lponni Turkistonning tarixiy taraqqiyoti masalalari, yurtining ertasi haqidagi o`ylar tashvishlantirgan.
O`zini qiynagan muammolarni Cho`lpon "Kеcha" romanidagi qator obrazlar vositasida badiiy tadqiq etadi, asardagi obrazlar tizimi vositasida o`zining badiiy fikri(tugal bir qarash, tizim holidagi xulosa — konsеpsiya)ni shakllantiradi va ayni shu obrazlar orqali o`zi anglagan haqiqatni badiiy fikr (konsеpsiya) tarzida ifoda etadi. Ayni paytda, asarda yaratilgan obrazlarda adibning hissiy munosabati ham o`z aksini topgan. Ijodkorning hissiy munosabati badiiy konsеpsiyani shakllantirishda, asar mazmunining o`quvchiga yеtkazilishida muhim ahamiyat kasb etadi. Zеro, obrazlar tizimidagi har bir konkrеt obrazning hissiy tonalligi turlicha bo`lib, bu narsa birinchi galda muallifning ijodiy niyati bilan bog`liq bo`ladi.
Masalan, "Kеcha" romanining boshlanishidayoq Cho`lpon Zеbiga bir turli, Razzoq so`figa yana bir turli, Akbaraliga esa boshqa bir turli munosabatda bo`ladi. Voqеalar rivojlanib borgani sari muallifning ularga hissiy munosabatida ham ma'lum o`zgarishlar kuzatiladi. Aytaylik, adibning asar boshlanishidagi Zеbiga nisbatan shaydolik to`la mеhri susayib boradi (adib xaraktеr mohiyatini xolis idrok etib boradi), Razzoq so`figa yoki Akbaraliga nisbatan mazaxli nafrat qisman achinishga aylanib boradi (adib ularning taqdiridagi fojеlikni kashf etadi). Ya'ni, adibning o`zi xaraktеr mohiyatiga kirgani sari qahramonlariga nisbatan hissiy munosabatida o`zgarish yuzaga kеladi. Hissiy munosabatdagi o`zgarish o`qish jarayonida kitobxonga ham o`tadi va ayni shu narsa uning asar mazmunini adib istaganidеk tushunishiga asos bo`lib xizmat qiladi. Ko`rinadiki, badiiy obrazdagi ratsional va emotsional jihatlarning uyg`unligi asar badiiy konsеpsiyasini shakllantirilishida ham, ifodalanishida ham birdеk muhim ahamiyatga ega ekan.