15-MAVZU. OBRAZ VA PROTOTIP MUNOSABATI. G\'ANIYEVA MAHLIYO. KURS ISHI
Dostonlarda bitgan guliston – O’zbekiston deya atalur, Uni sevib el tilga olur. Chiroylidir go’yo yosh kelin, Ikki daryo yuvar kokilin. Qorli tog’lar turar boshida, Gul vodiylar yashnar qoshida. Chor atrofga yoyganda gilam Aslo yo’qdir bundayin ko’klam. Unda O’zbekiston ham – obraz, ko’klam ham - obraz, “Chiroyldir go’yo yosh kelin, ikki daryo yuvar kokilin” - o’xshatishi ham obraz. Lekin ularning barchasi ham – ko’z o’ngimizda o’xshashi yo’q O’zbekistonni betakror ranglari, ijodi, turmushi. baxti, tolesi, iqboli, yallasi, allasi, shirmoni, butun bag’riyu aziz tuprog’i bilan yaqqol va butunligicha aniq gavdalantiradi, qalbni g’ururga to’ldiradi.
Biroq, V.Belinskiy ta’kid etganidek, san’atdagi eng oliy predmet - inson hisoblanarkan, demak, “obraz” atamasini insonga (badiiy asardagi insonga) nisbatan qo’llash ma’quldir. Chunki, “Yozuvchining materiali – uning o’zi kabi xususiyatlar, niyatlar, xohishlarga ega bo’lgan, did va kayfiyatlari o’zgarib turadigan insondir” (M.Gorkiy, 101-bet). Adabiyotda ana shu Insonga va unga asoslanib hayotning qolgan barcha predmetlari, hodisalari ham insoniylashadi; Insonning badiiy kashfi uchun xizmat qiladilar.
Badiiy obraz ko’rgazmali obrazdagi umumlashtirishniva suratli obrazdagi individuallikni o’zida birdaniga birlashtiradi. Aslida har bir mavjudot kabi inson – umumiy va individual tomonlarning birligidan iborat: bir tomondan, u jonli mavjudotning bir vakili, tarixiy rivojlanish nuqtai nazaridan biron – bir urug’ning, millatning, sohaning, mutaxassislikning vakili. Unga o’xshash minglab, millionlab kishilar bor. Lekin, ayni paytda, u boshqa biron kishiga tashqi jihatdan ham, xarakteri jihatidan ham o’xshamaydi, ulardan farqlanib turuvchi o’z dunyosi bor.
Yozuvchi muayyan obrazda voqea – hodisalarning eng muhim xususiyatlarini umumlashtiradi. Jumladan, “Sudxo’rning o’limi”dagi Qori Ishkambada bosh xususiyat qilib xasislik, ochko’zlik, sudxo’rlik xislatlari shunchalik umumlashtirilganki, biz hayotda uchratgan xasis va sudxo’r kishilarni – qori ishkambalar deb atayveramiz.
Ayni paytda, Qori Ishkambaning xarakterli aniq qiyofasi, o’ziga xos original qilig’i, odati, o’y – orzusi, muhokamayu mushohadasi, tili, odobi, madaniyati bor. Bu o’ziga xosliklar – individuallashgan tarzda ro’yobga chiqqan va ular ta’kidlab ko’rsatiladi, esda qoladigan qilib tasvirlanadi. Misol tariqasida uning portretini ko’z o’ngimizga keltiraylik:
“U o’rta bo’yli, qorni katta, semiz, bo’yni kalta va yo’g’on, boshi ham katta va sergo’sht bir odam edi, bo’ynining yo’g’onligi va yuzining sergo’shtliligi shu darajada ediki, uning gavdasi suv to’ldirilgan meshday tekis ko’rinar edi. Agar uning qilin soqoli va sochi olinib, kiyimlari ham yechilib tashlansa, nortuyaning oshqozoniga o’xshab qolardi. Faqat farqi shundaki, bu tuyaning oshqozonidan kattaroq va tusi ham qizg’ishroq bo’lib, oyu kuni to’lgan semiz, tullagan keksa bo’g’oz cho’chqaning xuddi o’zi bo’lib qolar edi”.
Ko’rinadiki, bu qiyofa faqatgina “Sudxo’rning o’limi”dagi Qori Ishkambagagina tegishlidir; xasis, ochko’z, tekinni ko’rsa yeb to’ymaydigan qorining judayam aniq, judayam ishonchli, judayam esda qoladigan tarzdagi portretidir; ikkali unsurning – umumlashtirish va individuallashtirishning hayotiyligini, yaxlitligini yaqqol ko’rsatuvchi isbotdir.
Demak, umumlashmadan individuallik, individuallikdan umumlashmalik tug’ilgandagina, to’g’rirog’i ular bir–birlarining ichlarida mujassamlashganlaridagina (mazmun va shakl hodisasiga o’xshab) – yaxlitlik vujudga kelgandagina obraz betakrorlikka, jonlilikka, ta’sirdorlikka erishadi. Obraz yaratila boshlaydi.
Uning yaratilish jarayonida badiiy to’qima (uydirma, yolg’on) faol ishtirok etadi. “Zotan, butun adabiyot badiiy to’qimalardan iborat, chunki turmush hodisalari zamon va makon ichida sochilib yotadi. Masalan, bir odamni olaylik: u o’zining mohiyatini, tabiatini ochib beradigan bir so’zni bugun aytsa, ikkinchisini bir haftadan, uchinchisini bir yildan keyin aytishi, balki hech bir aytmay o’tib ketishi ham mumkin. Yozuvchi ana shunday odamni ketma-ket so’zlatadi. Uning mohiyati va tabiati uchun xarakterli so’zlarning hammasini ayttiradi. Bu esa turmushni badiiy to’qimalar vositasida aks ettirish bo’ladi. Ammo, badiiy to’qimadagi hayot oddiy turmushdan ko’ra realroq va to’liqroqdir”(A.Tolstoy). Shu sabab, voqelikning aslidan badiiy asardagi hayot tig’izroq, keskinroq, go’zalroq, yorqinroq, mag’izliroq, ma’nodorroqdir.
Garchi barcha go’zallik mavjud voqelikning mazmunida bo’lsa-da, yozuvchi qahramon hayotining shunday nuqtalarini tanlaydiki, ular asarning g’oyasi talabidan kelib chiqadi. Ana shu g’oyaga aloqasi bo’lmagan barcha narsalardan yozuvchi voz kechadi. Jumladan, “O’tgan kunlar”da Kumush tasvirlanar ekan, u o’zbek xonadonida bo’ladigan birorta yumush(kir yuvish, qozon-tovoqqa unnash, uy va hovli supirish kabi o’nlab ishlar)ni bajarmaydi. Chunki yozuvchi Kumushning faqatgina bir jihatini – Otabekka sevgisini ko’rsatishni bosh g’oya qilib olgani uchun oilaviy yumushlarni tasviridan asosli ravishda voz kechadi, Kumush va Otabek sevgisining, qismatining tarixini ta’sirli gavdalantiradigan, shu muhabbat mantig’iga mos keladigan, badiiy to’qima yordamida kashf qilingan voqealarni, holatlarni (birgina “Siz o’shami?” voqeasini, ularning holatini eslang) tasvirlaydi.
Odamlarning hislarini qo’zg’atish, “tuyg’ularimizdagi to’lqunlarni” uyg’otmoq orqali hayajonlantirish-estetik ta’sirdorlik adabiyotning vazifasi ekan, demak, badiiy obraz mag’zi to’q, hayotiy, umriboqiy (Otabek, Kumush, Yusufbek hoji, O’zbekoyim ... kabi) bo’lgandagina badiiy qiymatga ega bo’ladi; obraz yaratishga o’tadi: undan hayajonlanib o’rnak olamiz yoki nafratlanamiz, his-tuyg’ularimizning yaxshilari (ijobiylari)ga “oziq” beramiz, yomonlari (salbiylari)ni yetti qavat chuqurga ko’mamiz. Qalb musaffoligining - samimiy tasviridan ba’zan yig’laymiz-yengillashamiz, tozaramiz.