Usmon Azim - shoir, dramaturg, kinodramaturg va nosir. U yaratgan o‘nlab to‘plamlarga kirgan she’rlar, dostonlar yorqin tuyg‘ularga, ifodalarga boyligi, jo‘shqin va jozibadorligi, shiddatkor va da’vatkorligi, goh g‘amgin, goh beg‘ubor erkalovchi ohanglari bilan kitobxon qalbidan chuqur joy oladi. Shu bilan birga hayotiyligi, o‘tkir dramatizmi va fojiaviyligi bilan o‘quvchini hayajonga soladi, uyqudagi tuyg‘ularini junbushga keltiradi. Usmon Azim - O‘zbekiston xalq shoiri (2000) unvoni, shuningdek, yilning eng yaxshi she’riy asarlari nominatsiyasi bo‘yicha “Ofarin” mukofoti, Gruziyaning “V.Mayakovskiy” nomidagi Davlat mukofoti (1982) ga sazovor bo‘lgan. Milliy teatrimiz sahnasida qo‘yilgan “Kunduzsiz kechalar” spektakli Andijonda bo‘lib o‘tgan xalqaro teatr festivalida “Eng yaxshi spektakl” degan mukofotga sazovor bo‘lgandan so‘ng uning “Holat” (1979), “Oqibat” (1980), “Ko‘zgu” (1983), “Surat parchalari” (1985), “Dars” (1985), “Ikkinchi aprel” (1987), “Baxshiyona” (1989), “G‘aroyib ajdarho” (1990), “Uyg‘onish azobi” (1991), “G‘ussa” (1994), “Uzun tun” (1994), “Bor ekan-da, yo‘q ekan” (1995) she’riy va “Jodu” (2003) nasriy to‘plamlari bosildi. Shoir 1995-yilda “Saylanma” she’riy kitobini nashr ettirdi. Bu kitob adabiyot jamoatchiligi tomonidan zo‘r qiziqish bilan kutib olindi va Usmon Azimning XX asr o‘zbek adabiyotining eng yorqin iste’dodlaridan biri ekanligi ayon bo‘ldi. 2001-yilda nashr etilgan “Kuz” she’riy kitobi esa she’riyatimizning so‘nggi yillardagi yuksakliklaridan biri deb baholanmoqda. Shu bilan birga hayotiyligi, o‘tkir dramatizmi va fojiaviyligi bilan o‘quvchini hayajonga soladi, uyqudagi tuyg‘ularini junbushga keltiradi. Usmon Azimning she’rlari fransuz, nemis, ingliz, polyak, eston, gruzin, makedon, litva, turk, tojik, rus, qozoq, qirg‘iz va boshqa tillarga tarjima qilingan. O‘z navbatida, Usmon Azim Elyuar, Dog‘larja, Voznesenskiy, Vatsiyetis, Marsinkyavichus kabi o‘nlab shoirlarning ijodidan namunalarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Shoirning ko‘plab she’rlari taniqli hofiz va xonandalar tomonidan qo‘shiq qilib, ijro etiladi.