Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari Shuningdek, Farmonga asosan 2022-yilning 1-yanvaridan Obudsmanning mintaqaviy vakillari doimiy asosda faoliyat yuritishi belgilandi. Ularga inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlash, inson huquqlari monitoringini tashkil etish va o‘tkazish, fuqarolarning shikoyatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqish, ularning buzilgan huquqlarini tiklashda ko‘maklashish, o‘z tashabbusi bilan yoki murojaat muallifining iltimosiga ko‘ra, murojaatni ekspertlar, mutaxassislar va manfaatdor tashkilotlar vakillarining ishtirokida ko‘rib chiqishni tashkil qilish, ushlab turilgan, qamoqqa olingan, maʼmuriy jazo o‘tayotgan va ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar bilan uchrashuv va suhbatlar o‘tkazish, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish va ularni himoya qilish sohasidagi axborot-maʼrifiy ishlarni mahalliy davlat hokimiyati organlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birgalikda amalga oshirish vazifalari yuklatildi.
Ombudsmanning mintaqaviy vakillari o‘zlarining faoliyatida bevosita Ombudsmanga hisobdordir.
Xalqaro aloqalar Inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish Vakil faoliyatining muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Ushbu faoliyat BMT va YEXHT xalqaro shartnomalar ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi maʼruzalarini tayyorlashda ishtirok etish, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda aʼzolik doirasida, xorijiy Ombudsmanlar bilan ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirish, xalqaro forumlar, chet yel delegatsiyalarini qabul qilishda ishtirok yetish, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar va xorijiy hamkasblar murojaatlarini ko‘rib chiqish orqali amalga oshiriladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Xalqaro Ombudsman instituti, Yevropa Ombudsman instituti, Osiyo Ombudsmanlar Assotsiatsiyasi, Turkiy tilli davlatlar va Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar Assotsiatsiyasi hamda Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansi kabi xalqaro birlashmalarning to‘la qonli aʼzosi hisoblanadi.
Vakil tomonidan xorijiy ombudsmanlari bilan xamkorlik to‘g‘risida 20 dan ortiq memorandumlar imzolangan. Turkiya, Shvetsiya, Ispaniya, Portugaliya, Polsha, Janubiy Koreya, Slovakiya, Bolgariya, Latviya, Rossiya, Yaponiya, Tailand, Fransiya, Ozarbayjon, Serbiya, Vengriya va Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlari shular jumlasidandir.
2020-yilda Global alyans tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari buyicha vakili (Ombudsman) faoliyatining Parij prinsiplariga muvofiqligi bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tkazilgan va unga „V“ maqomi berilgan
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar negizini eng avvalo insonparvarlik, huquq va erkinlik hamda inson qadr - qimmati ustuvorligini taʼminlash kabi umuminsoniy prinsiplar tashkil etadi. Davlatimiz rahbarining 2021-yil 26-iyundagi «Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori esa jazoni ijro etish tizimida inson huquq va manfaatlari himoyasi, qonunchilikni mustahkamlashga qaratilgan boʻlib, bu mazkur soha davlatimizning doimiy eʼtiborida ekanligidan dalolat beradi.
Mazkur qarorga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) va ularning oldini olish boʻyicha jamoatchilik guruhlari tuzilgan boʻlib, jazo muddatini oʻtayotgan shaxslarning jinoyat-ijroiya qonunchiligida belgilangan huquqlari amalda toʻlaqonli taʼminlanayotganligini oʻrganish maqsadida jazoni ijro etish joylariga monitoring tashriflari amalga oshirilib kelinmoqda.
Jumladan, joriy yilning 25-29-mart kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) boʻlim boshligʻi Temur Hayitov boshchiligidagi mutaxassislar hamda Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Joʻrayev, «Huquqiy tayanch» nodavlat notijorat tashkiloti rahbari Aʼzam Farmonov, «Madad» nodavlat notijorat tashkiloti boshligʻi Ibodulla Axadov, Oʻzbekiston NNT milliy assotsiatsiyasi Navoiy viloyati boʻlim boshligʻi Klara Boboqulova hamda «Yuksalish» milliy harakati viloyat boʻlimi bosh mutaxassisi Ilhom Sattorovlarning Navoiy viloyatidagi 4, 5, 11,12-son JIK va 36-son MKga monitoring tashriflari amalga oshirildi.
Amalga oshirilgan monitoring davomida koloniyaning yotoq joylari, oshxona, kutubxona, davolash boʻlimi, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududidagi sharoitlar oʻrganildi. Shuningdek, mahkumlar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar oʻtkazildi. Murojaat etish istagini bildirgan mahkumlarning murojaatlari qabul qilinib, ish yurituviga olindi.
Masʼullar oʻz tashriflari davomida nafaqat qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlari qoʻllanilishining oldini olish, mahkumlar murojaatini tinglash, inson huquqlari toʻgʻrisidagi milliy qonun hujjatlarini takomillashtirish va unga rioya etilishini monitoring qilish, qonunchilikdagi yangiliklardan xabardorligini va huquqiy ongini oshirishga qaratilgan targʻibot tadbirlari ham tashkil etildi.
Monitoring davomida, ekspert guruhi aʼzolari koloniyada jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlarning yashash, ovqatlanish, mehnat qilish va tibbiy yordam olish sharoitlari hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish holatlarini ham oʻrganishdi.
Jazo muddatini oʻtayotgan va nogironligi tufayli oʻzi erkin harakatlana olmaydigan mahkumlarga yaratilgan shart-sharoitlar ham alohida koʻzdan kechirildi. Ushbu mahkumlar bilan qonunchilikda belgilangan huquqlardan foydalanishda toʻsiqlar yoʻqligi yuzasidan suhbatlar oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha referendum oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrilayotganligi bois bugun butun dunyo hamjamiyatining diqqat eʼtibori bizning mamlakatimizga qaratilgan. Shu bois 2023-yil 30-aprel kuni boʻlib oʻtadigan referendumda ovoz berishi mumkin boʻlgan, yaʼni ogʻir va oʻta ogʻir jinoyat sodir etmagan mahkumlarning konstitutsiyaviy islohotlardan xabardorligi masʼullar tomonidan savol-javob tarzida oʻrganildi. Ularga Yangi Oʻzbekistonning Yangi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar mazmun-mohiyati, yangi moddalarning ahamiyati yana bir bor tushuntirildi.