III. BOB. INNOVATSION IQTISODIYOT
3.1.Innovatsiyalar nazariyasi
Mustaqil O‘zbekiston rivojlanishining hozirgi bosqichida innovatsiya insoniyat taraqqiyoti va iqtisodiy o‘sishning asosiy omiliga aylanmoqda. Innovatsiya jarayonining doimiy rivojlanib borishi insoniyat va ijtimoiy hayot o‘zgarishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
“Innovatsion iqtisodiyot” fani “Ilmiy tadqiqot metodologiyasi”, “Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning innovatsion modellari”, “Axborot tizimlari”, “Huquqshunoslik”, “Innovatsion marketing” va “Makro- va mikroiqtisodiyot” kabi fanlar bilan o‘zaro aloqadorlikda o‘rganiladi.
Ushbu sohada eng yangi va zamonaviy ilmiy izlanishlarni olib borgan va shu sohaga oid ilmiy asarlar muallifi bo‘lgan Jati Senguptaning (1-ilova) innovatsiyalarga bergan ta’rifiga to‘xtalib o‘tsak. “Innovatsiyalar turli shakllarda bo‘lishi mumkin, ammo har qanday shaklda u mahsulot tannarxini kamaytirish va/yoki bozor talabini kengaytirishga yordam qiladi. Innovatsiyalarning ba’zi bir muhim turlari sifatida:
Texnologiyalarga asoslangan innovatsiyalar
Endogen yoki ekzogen innovatsiyalar
Sanoat rivojlanishida tanlov mexanizmi innovatsiyasi
Texnologiyalar konsorsiumi orqali shakllantiriladigan innovatsiyalar”7 qabul qilinadi.
Fanning vazifasi – o‘rganuvchida innovatsion faoliyatning mohiyati, roli, asosiy elementlari va bosqichlari bo‘yicha tizimli tushunchalarni shakllantirish, innovatsion jarayonlarni boshqarishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmi mohiyatini ochib berish, intellektual mulk ob’ektlarini yaratish, huquqiy muhofazasi va himoyasini ta’minlash, ixtiro, kashfiyotlar tizimini tashkil qilish va boshqarish sohasidagi asosiy tushunchalar va ta’riflarni, O‘zbekiston va boshqa davlatlarning innovatsion tizimi va shu sohadagi qonunlarni o‘rgatishdan iboratdir.
Agar innovatsiyalarning Jati Sengupta bergan ta’rifiga o‘tadigan bo‘lsak, u quyidagicha ketma-ketlikda keltirilishi mumkin. “Texnologiyalarga asoslangan innovatsiyalar mahsulot innovatsiyasi, sanoatda “ilmiy izlanish va rivojlanish”8 ko‘rinishidagi investitsiyalar va taqlid va takomillashtirishni o‘z ichiga olgan texnologiyalar transferini o‘zida mujassam etadi.
Endogen innovatsiyalar [1] o‘z ichiga innovatsiyalarga investitsiya kiritishga moyillikni bozor tomonidan rag‘batlantirishni qamrab oladi. Bozor rag‘bati deganda monopoliyadan patentlash qonunlari orqali himoyalanish va texnologik musobaqada g‘olib chiqishni nazarda tutadi”9.
Ta’kidlash joizki, mustaqillikning dastlabki yillaridanoq innovatsion faoliyatni rivojlantirish, intellektual mulk huquqini yaratish, ularni muhofaza qilish, huquq egalarining manfaatlarini himoya qilish, respublikamizning sohaga oid xalqaro integratsiyalashuvini jadallashtirish, xalqaro shartnomalarga kirish orqali mamlakatimiz mualliflarining huquqlarini butun dunyoda muhofaza qilish kabi muhim masalalar davlat ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab olindi. Hozirgi globallashuv jarayonlarida “Innovatsion iqtisodiyot” fanining ahamiyati benihoya kattadir. Iqtisodiyotni rivojlantirishda intellektual mulk, ixtirolar, yangi kashfiyotlar hamda ularni patentlash, litsenziyalash va sertifikatsiyalashning o‘rni salmoqlidir. CHunki, dunyoning qaysi burchagida bo‘lmasin bunyod etilgan ixtiro bu mulk hisoblanib, undan barcha xalqlar foydalanishi mumkin. Bu masala o‘z navbatida patent olish va uni sotish orqali tartibga solinadi.
“Ekzogen innovatsiyalarni ilmiy va notijorat institutlar tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasini misol sifatida keltirish orqali yoritadigan bo‘lsak, innovatsiyalarning bu turi ba’zan yangi mahsulot va yangi jarayonga sababchi bo‘lishi mumkinligi aniqlangan. Solounig iqtisodiy o‘sish modelida barcha texnologik rivojlanishlar ekzogen innovatsiya sifatida qaralgan bo‘lsada, pirovardida sanoatda va butun bir mamlakat uchun ishlab chiqarish imkoniyatlarini keskin o‘zgartirdi.
Innovatsiyalarning keyingi ikki turi kamroq e’tiborga sazovor bo‘lishi mumkin. Evolyusion tanlov mexanizmi firmalarni dinamik bozor samaradorligi va patent tizimi orqali tanlaydi. Bu mexanizm texnologik o‘zgarishlarning ham kumulyativ xususiyatini, ham bozor strukturasining endogen aspektlarini hisobga oladi.
Patentlash tizimi texnologik tanlovning ikkinchi instrumentlar tizimidir. U mulkchilik huquqini aniqlashtirib texnologik innovatsiyalarni rag‘batlantiradi. Masalan, farmatsevtik sanoatda shunday rag‘batga erishish uchun IIRdan foydalanishadi. Adabiyotshunoslik texnologiyasida patentlash tizimi cheklangan darajada texnologiya va bilimlarni tarqalishini o‘z ichiga olgan. Bu esa o‘z o‘rnida texnologik izlanishda innovatsiyalarning keng ko‘lamli eksperimentlarni olib borilishiga turtki bo‘ladi”10.
Mamlakatimizda iqtisodiyot rivojlanishining so‘nggi bosqichlarida innovatsion jarayonni jadallashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Prezident I.A.Karimovning 2008 yildagi “Ishlab chiqarishga innovatsion loyihalar va texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirishning qo‘shimcha choralari” №916-sonli qarori muhim ahamiyat kasb etadi. Korxonalarning innovatsion jarayonining natijaviyligi jami omillar, ya’ni amalga oshirish sharoiti, resurslar ta’minoti, menejment tizimining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi bilan aniqlanadi. Innovatsion salohiyat tushunchasi iqtisodiyot fanida XX asrning so‘nggi yillarida paydo bo‘ldi. Innovatsion salohiyat mamlakatning texnika va texnologiyasi yangilanishi, unda ilmiy-texnika rivojlanishi darajasini, diversifikatsiya siyosatining kuchayishini anglatadi. Ba’zi iqtisodchi olimlarimiz innovatsion salohiyatni iqtisodiy salohiyatdan yuqori qo‘yishadi. Bunda ular ilmiy-texnika darajasiga ko‘proq e’tibor qaratishadi. Bizning fikrimizcha, bunday qarashlar unchalik to‘g‘ri emas. CHunki har qanday holatda iqtisodiy salohiyat innovatsion salohiyatga qaraganda ancha keng tushuncha bo‘lib, u mamlakatdagi ishlab chiqarish salohiyati, resurslar salohiyati, moddiy-mineral salohiyati, qazilma boyliklar salohiyati va boshqalarni qamrab oladi. Hozirgi davrda O‘zbekistonda iqtisodiyot salohiyati 3,0 trl. AQSH dollaridan ortiqdir. Innovatsion salohiyatni kuchaytirish katta hajmda investitsiyani jalb etishni talab qiladi. Hozirda iqtisodiy rivojlangan davlatlar yangi texnika va texnologiyani yaratishga, yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishga YAIMning 5-7 %ini sarflaydi. O‘zbekistonda esa bu raqam biroz past. SHu bilan birga respublikamizda intellektual salohiyat boshqa mamlakatlarga qaraganda ancha yuqori.
Ma’lumki, 2014 yilda boshlangan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmadi. Inqiroz ta’sirini bartaraf etish uchun respublika Prezidenti rahbarligida 2009-2014 yillarga mo‘ljallangan katta investitsion loyiha-dastur qabul qilindi. Dasturga muvofiq, 2009-2014 yillarda respublikamizda 55,4 milliard AQSH dollarilik 550 ta investitsion loyiha bajarilishi kerak (1-jadval).
Dostları ilə paylaş: |