Oliy ta’lim — uzluksiz ta’limning yuqori malakali mutaxassislar tayyorlovchi mustaqil turi. Oliy ta’lim muassasalarida amalga oshiriladi.
Oliy ta’lim ikki bosqichdan iborat: bakalavriat va magistratura.
Bakalavriat — o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi negizida oliy ta’lim yo‘nalishlaridan biri bo‘yicha fundamental bilimlar beradigan, o‘qish muddati to‘rt yildan kam bo‘lmagan tayanch oliy ta’lim;
Magistratura— bakalavriat negizida o‘qish muddati kamida ikki yil bo‘lgan aniq mutaxassislik bo‘yicha oliy ta’lim;
bakalavr, magistr — oliy ta’limning tegishli bosqichiga muvofiq dasturlarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan shaxslarga beriladigan akademik darajalar;
oliy ma’lumot darajasi — shaxs tomonidan oliy ta’limning muayyan o‘quv rejalari va fanlar dasturini mazkur ma’lumot haqida tegishli davlat hujjati berilgan holda, o‘zlashtirishi natijasi;
Oliy ma’lumot haqida davlat hujjati (diplom)— akkreditatsiyadan o‘tgan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilariga beriladigan va ularning oliy ta’limning o‘quv rejalari va fanlar dasturini bajarganliklarini tasdiqlovchi davlat namunasidagi hujjat. Hujjat uzluksiz ta’limning keyingi bosqichlarida o‘qishni davom ettirish yoki olingan akademik darajaga muvofiq ishlash huquqini beradi;
Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatori— oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash uchun bakalavriat ta’limi yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining tizimlashtirilgan ro‘yxati;
Oliy ta’limning davlat ta’lim standarti — muayyan ta’lim sohasiga (soha tarkibiga) qo‘yiladigan malaka talablari, ta’lim mazmuni, bitiruvchilar umumiy tayyorgarligining zaruriy va etarli darajasini, kadrlar tayyorlash sifatini baholash darajalarini belgilaydigan etalon darajasi;
Malaka talablari— uzluksiz ta’lim tegishli bosqichi bitiruvchisining umumiy bilim va kasb tayyorgarligi darajasiga qo‘yiladigan talablar;
o‘qitishning me’yoriy muddati — ta’lim oluvchilar tomonidan o‘quv rejalari va fanlar dasturi o‘zlashtirilishi uchun belgilangan muddat;