Ikkinchidan, bank tizimidagi barcha banklar mijozlarga kreditlar berib, pul ishlaydilar. Bu kreditlar boshqa banklarga depozit mablag‘ bo‘lib tushadi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bank jalb qilgan depozitlarini kafolatlash uchun zaxiralar fondini tashkil qiladi. SHunday qilib, har bir jalb qilingan depozit qo‘yilmasi zaxiralar hajmining ortib borishini ta’minlaydi va bu mablag‘lar kredit sifatida ishlatilishi mumkin. Kreditlar boshqa banklarga depozit ko‘rinishida oqib o‘tadi va yangi kreditlar berish imkoniyati yuzaga keladi. Oxir oqibatda, banklarning kredit berish vazifasiga asosan, ularning depozit hisob varaqalarida turgan pul mablag‘lari mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Banklarning pul ishlash qobiliyatiga ega ekanligi ular faoliyatining davlat tomonidan tartibga solib turilishining asosiy sababidir.
Banklar faoliyatidagi xizmat turlarining ortib borishi va kengayishi yaqin kelajakda ularning hozirgi banklarga qaraganda butunlay o‘zgarib ketishiga olib kelishi mumkin. Bu o‘zgarishlarning sodir bo‘lishiga quyidagilar ta’sir ko‘rsatmoqda: 1. Xizmat turlari va ularning sifatlariga bo‘lgan talabning ortishi. Ba’zi bir zamonaviy banklar sug‘urta kompaniyalari faoliyatida ishtirok etish, sug‘urta savdosida brokerlik qilish, loyihalarni investitsiyalash, qimmatli qog‘ozlar bilan bo‘ladigan operatsiyalarda brokerlik qilish, moliyaviy rejalashtirish, soliq tizimiga, xususiy shaxslarga maslahatlar xizmatini taklif qilmoqdalar. 2. Raqobatning o‘sishi. Banklar va bankdan boshqa moliya institutlari xizmat turlarini kengaytirishi natijasida ular o‘rtasidagi raqobat kuchayadi. Bu raqobat kelajakda banklarning xizmat turlarini yanada kengaytirilishiga olib keladi. 3. Texnologiya sohasidagi o‘zgarishlar, ya’ni to‘lovlarning yangi integratsiyalashgan vositalarini yuqori sur’atlar bilan shakllantiradigan bank operatsiyalarini kompyuterlashtirishning texnologik inqilobi. 4. Banklarning xizmat ko‘rsatish doirasi va uning hududiy jihatdan kengayishi. 5. Bankrotlik (inqiroz) xavfining ortishi va depozitlarning, sug‘urta tizimining kuchsizlanishi, o‘sib borayotgan raqobat banklarning sinishiga olib keladi, bu esa sarmoyalar bozorida va investitsiyalar sohasida yangi sharoitlarni vujudga keltiradi. Mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi uchun banklar samarali faoliyat ko‘rsatishlari lozim. CHunki, ular davlat korxonalarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydilar, xususiy shaxslarni moliyalashtiradilar va davlatning pul-kredit siyosatini amalga oshishini ta’minlaydi. Bu o‘rinda, banklarning samarali faoliyat ko‘rsatishlarida bank boshqaruvchilarining tutgan o‘rni juda katta ekanligini esdan chiqarmaslik lozim. Bank boshqaruvchilari quyidagi fazilatlarga ega bo‘lishi kerak: