Omonat yoki pulli depozit — bu pul mablag'ini muayyan muddatga (muddatli) bankka qo'yish. Аmalda, bank sizning pullaringizni tijoriy faoliyat uchun «ijaraga oladi» va sizga oldindan belgilangan foizlar ko'rinishida «ijara haqi» to'laydi.
Depozit turlari
Talab qilib olinguncha — bu turdagi depozit uni to'ldirib borish va hech qanday cheklovlarsiz hamda jamlangan foizlarni yo'qotmagan holda undan istalgan miqdordagi pulni olish imkoniyatini beradi. Talab qilib olinguncha omonatlari bo'yicha foiz stavkalari omonatlarning boshqa turlariga nisbatan past bo'ladi yoki butkul bo'lmaydi.
• Muddatli — ular muayyan muddatga ochiladi, qo'yish mumkin bo'lgan minimal summa — shartnomaga muvofiq belgilanadi. Bu holatda mijoz va bank o'rtasida aniq muddat uchun shartnoma tuzilib, bu muddat davomida mijoz muayyan summadagi pul mablag'ini depozit hisobida saqlash, bank esa mijozga depozitning ma'lum foizi miqdorida to'lovni amalga oshirish majburiyatini o'z zimmasiga oladi.
• Omonat/maqsadli — bu turdagi depozitning o'ziga xosligi mablag'ni to'plash va pul mablag'ini muayyan maqsad uchun sarflash (ta'lim uchun to'lovni amalga oshirish, mashina, kvartira va boshqalarni sotib olish)dan iborat. Omonat ma'lum muddatga qo'yiladi (odatda, uzoq muddatga) va uni to'ldirib borish mumkin, vaholanki, bu shart barcha omonatlar shartlarida nazarda tutilmasligi mumkin.
Depozitlarning afzalliklari va nuqsonlari
Ijobiy jihatlari
• O'zbekistonda barcha depozitlar, shartlari va qaysi valyutada ochilganidan qat'iy nazar, Fuqarolarning omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan to'liq hajmda kafolatlanadi. Аgar bank bilan biron kor-hol yuz bergudek bo'lsa ham omonatchi zarar ko'rmaydi.
• Depozitlar/omonatlar — bu kafolatlangan passiv daromad. Uning uchun to'lanadigan haq mijozning hech bir harakatisiz ham avtomatik tarzda jamlanib boradi.
• Pulni olish mexanizmi nihoyatda oddiy bo'lib, maxsus bilimlarga ega bo'lish talab etilmaydi.