Berilgan savollarga javob tayyorlang


Boshlang’ich sinflarda ko`p xonali sonlar ustida nomanfiy butun sonlarni nomеrlashga o’rgatish



Yüklə 215,96 Kb.
səhifə2/5
tarix29.11.2023
ölçüsü215,96 Kb.
#169981
1   2   3   4   5
Berilgan savollarga javob tayyorlang-fayllar.org

Boshlang’ich sinflarda ko`p xonali sonlar ustida nomanfiy butun sonlarni nomеrlashga o’rgatish.

Ko‘p xonali sonlarni alohida qilib berilishiga sabab, 1000 dan katta


sonlarni nomerlashning o‘ziga xos xususiyatlari bor: ko‘p xonali sonlar faqat
xona tushunchasiga emas, balki sinflar tushunchasiga ham tayanib hosil qilinadi,
nomlanadi, yoziladi. Bu muhim tushunchani ochib beramiz.
1000 dan katta sonlarni nomerlashni o‘rganish o‘ziga xos xususiyatga ega.
Bundan oldingi barcha sonlarni o‘rganishda o‘rinli bo‘lgan predmetlarni
bevosita sanashga asoslangan holda ko‘p xonali sonlarni hosil qilish, ularni
og‘zaki nomerlash mumkin emas. Predmet ko‘rgazmalilikni shartli
ko‘rgazmalilikka almashtirishga to‘g‘ri keladi: son cho‘tga solinadi yoki
nomerlash jadvalida belgilanadi. Ikkala holda ham ko‘rgazmalilik sonni hosil
qilish va belgilashni namoyish etadi va shartlilik elementiga ega bo‘ladi:
cho‘tdagi bir xil soqqalar, ayni bir xil raqamlar cho‘tda va nomerlash jadvalida
joylashishiga qarab yozuvda har xil sonni bildiradi (masalan, 333333 soni va 3
birlik, 3 o‘nlik, 3 yuzlik va hokazo).
Darsda ko‘rgazmali vositalardan foydalanayotganda buni xisobga olish
zarur.

Ikkinchi o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, 1000 dan katta sonlarni


nomerlash birliklarni ikki yoklama guruhlashga asoslanadi: quyi xonaning 10
birligi undan keyingi yuqori xonaning 1 birligini tashkil etadi, quyi sinfning
1000 birligi undan keyingi yuqori sinfning 1 birligini tashkil etadi. II sinf birligi
- ming va bu birliklar bilan ularni I sinf birliklari kabi o‘nliklarga, yuzliklarga,
mingliklarga guruxlab sodda birliklar kabi sanash mumkin. Ko‘p xonali sonlar
turli sinflar birliklarini sanash natijasida hosil bo‘ladi, shuning uchun ular
«sinflar bo‘yicha» o‘qiladi va yoziladi. Har bir sinf ichida esa sonning hosil
qilinishi, atalishi va yozilishi 1000 ichida sonlarni hosil qilish, atash va
yozishdagi kabi amalga oshiriladi. Masalan, agar minglarni sanab 115 ni, keyin
birlarni sanab 125 ni hosil qilsak, 115125 soni hosil bo‘ladi. Birliklarni sinflar
bo‘yicha guruxlashning mavjudligi ko‘p xonali sonlarni nomerlashni o‘rganish
tartibiga ma‘lum iz qoldiradi: o‘quvchilarni bir yo‘la minglar sinfining uchta
xona birliklari bilan tanishtirish maqsadga muvofiq, bunda bu birliklarning hosil
bo‘lishi va atalishi I sinf birliklarining hosil bo‘lishi va atalishi bilan o‘xshash
ekanini ta‘kidlash kerak; so‘ngra II sinf xona sonlarining hosil bo‘lishi va
yozilishini (5 ming, 20 ming, 600 ming) va II sinf birliklaridan tuzilgan sinf
sonlari (25 ming, 320 ming, 761 ming)ni (ya‘ni yaxlit mingliklarni) qarash va
nihoyat, to‘rt xonali, besh xonali va olti xonali sonlarni nomerlashni o‘rganishga
kirishish kerak. Bu yerda sanoq sistemasining g‘oyasi o‘z aksini topadi:
mingliklar xuddi oddiy birliklar kabi sanaladi, ko‘p xonali sonlarni nomerlashni
o‘rganish esa mazkur holda 1000 ichida nomerlashga doir bilimlarga tayanadi.
Ko‘p xonali sonlarni nomerlashni o‘rganishga doir tayyorgarlik ishlarini
ancha ilgari boshlash kerak. Bunda o‘qituvchi ikkita maqsadni ko‘zda tutishi
zarur: birinchidan, o‘quvchilarning bundan oldingi sonlarni nomerlashni
qarashda olgan bilimlarini mustahkamlashga, ikkinchidan, o‘quvchilarda yangi
mavzuga doir ma‘lum maqsadni shakllantirish va qiziqish uyg‘otishi zarur.
Bunda shu narsani qat‘iy yodda tutish kerakki, nomerlashni o‘rganish
masalasi o‘quvchilarning o‘nli sanoq sistemasi, sonlarning natural ketma-ketligi
va ko‘p xonali sonlarning tarkibi haqidagi tushunchalarini kengaytirish va shu
asosda ko‘p xonali sonlarni o‘qish va yoza olish ko‘nikmalarini
shakllantirishdan iborat.
Bu mavzu bo‘yicha ishning muvaffaqiyatli bo‘lishi 1000 ichida sonlarni
nomerlashning o‘zlashtirilishi va mustahkam o‘rganib olinishiga bevosita
bog‘liq, chunki o‘nli sanoq sistemasidagi har qanday sinf sonlari tuzilishining
yagona prinsipi birinchi minglikdagi sonlar bilan tanishishda olingan bilimlarni'
istalgan ko‘p xonali sonlar bilan ishlashda qo‘llashga imkon beradi.
Yangi mavzuni o‘rganish yangi sanoq birliklari (ming, o‘n ming, yuz
ming birliklari) ning kiritilishiva sinf tushunchasi bilan tanishishdan boshlanadi.
O‘quvchilar bilan sanashdan foydalanib, mingning hosil bo‘lishi
takrorlanadi (10 ta yuzlik 1 mingni tashkil etadi yoki boshqacha — sanoqda 999
sonidan keyin undan bir birlik katta son keladi, bu ming sonidir). So‘ngra sanash
jarayonida yangi sanoq birliklari kiritiladi: 10 ming yoki 1 ta o‘n ming, 10 ta o‘n
ming: yoki 1 ta yuz ming, 10 ta yuz ming yoky 1 million. Yangi sanoq
birliklarining nomini nomerlash jadvaliga yozib olish o‘qituvchi uchun ham,
o‘quvchilar uchun ham foydali. Bu jadvalga asoslangan holda sinf tushunchasini
kiritish mumkin: dastlabki uchta xona birliklari, ya‘ni birlar, o‘nlar, yuzlar —
birinchi sinfni yoki birlar sinfini tashkil etadi, navbatdagi uchta xona birliklari,
ya‘ni minglar, o‘n minglar, yuz minglar birliklari esa ikkinchi sinfni yoki
minglar sinfini tashkil etadi. Taqqoslash bilan shu narsani oson aniqlash
mumkinki, bu sinflarning har birida uchtadan xona bor, har bir navbatdagi xona
birligi undan oldingi xona birligidan 10 marta ortiq, birlar sinfida o‘nlab va
yuzlab «oddiy» birlar sanaladi va guruhlanadi, minglar sinfida esa minglab
«oddiy» birlar sanaladi va guruxlanadi. So‘ngra bu va bundan keyingi darslarda
II sinf birliklari (II sinf sonlari)dan tuzilgan sonlar o‘rganiladi, masalan, 35000,
135000, 109000, 280000 va sh. k. Ular cho‘tga tashlanadi, nomerlash jadvaliga
yoziladi.
O‘quvchi xonalar va sinflar jadvalini chizish bilan sinflarning
o‘xshashligini va farqini aniqlaydilar.Bu sonlarning alohida xona sonlaridan
tashkil topi-shiga doir mashqlar (2 ta o‘n ming va 8 ta ming- bu 28 mirg),
shuningdek, berilgan sonni uni tashkil etuvchi xona sonlariga ajratishga doir
mashqlar (472 ming sonida 4 ta yuz ming, 7 ta o‘n ming va 2 ta ming bor),
berilgan sonni xona qo‘shiluvchilari yig‘indisiga almashtirish (903 ming=900
ming+3 ming), sonlarning o‘nli tarkibiga oid bilimlarga asoslangan holda
qo‘shish va ayirishga doir mashqlar (80 ming+4 ming; 807 ming-800 ming va h.
k.) bajariladi. Bu mashqlarning barchasi o‘quvchilarga II sinf sonlari 1000
ichida sonlarning hosil bo‘lishi, yozilishi va o‘qilishiga o‘xshash ekanini
tushuntirishga yordam beradi.[26]
Ko‘p xonali sonlar odatda turli sinf sonlaridan tuzilgan. Sonda shu
tarkibiy qismlarni (har bir sinf sonlarini) ajrata olish ko‘p xonali sonlarni o‘qish
va yozishda asos deb hisoblanadi. Shuning uchun ko‘p xonali sonlarni xona
qo‘shiluvchilari yig‘indisi bilan almashtirishga doir mashqlar bilan bir qatorda
o‘quvchilarni sonni turli sinf sonlari yig‘indisi (sinf qo‘shiluvchilari, masalan,
41709=41000+709) bilan almashtirishga o‘rgatish muhimdir. Ko‘p xonali sonlar
sinflar bo‘yicha o‘qiladi va yoziladi. Darslikda ko‘p xonali sonni o‘qish va
yozish uchun nima qilish kerakligi haqida tushuntirish berilgan.
Tushuntirishning alohida qadamlarining bajarilishini o‘quvchilarning amaliy
ishlari bilan qo‘shib olib borish foydali: o‘qishda sinflarni bir-biridan yoy yoki
chiziqcha bilan ajratish, yozishda esa sinflarni uchta nuqta bilan belgilash (har
bir sinfdagi uchta raqamni yozish o‘rni, yuqori sinfdan tashqari) kerak.
O‘quvchilarni sonlarni yozishga mashq qildira borib, son bilan raqamning
farqi haqida ta‘kidlab o‘tish zarur: raqamlar yordamida sonlar yoziladi; sonlar
bir-biridan raqamlarining soni bo‘yicha farq qiladi: bir xonali, ikki xonali, ... olti
xonali. Raqamlar o‘z qiymatiga ega bo‘lish bilan birga sonning yozuvidagi
o‘rniga qarab ham qiymatga ega bo‘lgani uchun ayni bir raqamni takrorlash
bilan bir xonali, ikki xonali va h. k. sonlarni yozish mumkin. Nomerlashni
o‘rganishga ajratilgan butun vaqt davomida o‘quvchilarga u yoki bu sonni
yozish uchun hammasi bo‘lib nechta raqam kerak bo‘lganini, bunda necha xil
raqamdan foydalanilganligini sanab chiqishlarini taklif etish, bir xil raqamlar
nimani bildirishini, shuningdek, sonning yozuvidagi 0 raqami nimani bildirishini
so‘rash kerak. O‘qituvchi bergan raqamlar yordamida turli sonlarni yozish va bu
sonlarni taqqoslashga doir mashqlar foydalidir.
Shunday bo‘lsada, tajriba ko‘rsatishicha, o‘quvchilarga u yoki bu xona
birligi qatnashmagan sonlarni yozish ayniqsa, qiyinlik qiladi.
Masalan ushbu topshiriq berilgan: «II sinfning 16 ta birligidan va I
sinfning 16 ta birligidan tashkil topgan sonni yozing». Ba‘zi o‘quvchilar bunday
yozadi: 1616. Bu xatoning sababi nimada?
O‘quvchilar ko‘p xonali sonlarni sinflar bo‘yicha ko‘rgazmali ravishda
og‘zaki yomon qabul qilishlari ehtimol. Bunday xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun
o‘quvchilarni eng oldin o‘zlariga yuqori xona o‘ngdan nechanchi o‘rinda
turishini belgilab olishlarini, sondagi raqamlar sonini fikran aniqlashlarini
o‘rgatish kerak. Bunga quyidagi mashq yordam berishi mumkin. Masalan:
Sonda 324 ming bor. Bu sonda nechta raqam bor? (O‘quvchi ta‘kidlaydi:
324. . . — sonda 6 ta raqam bor.)
O‘qituvchi shu o‘rinda bu son 324000 ko‘rinishda tasvirlanishi shart
emasligini, unda I sinfning boshqa raqamlari ham bo‘lishi mumkinligini,
masalan, 324745, 324 084, 324 120 va hokazo, biroq ularning hammasida 324
ming borligini tushuntiradi.
Sonda 3 ming bor. Sonda hammasi bo‘lib nechta raqam bor? (3...) Sonda
40 ming bor. Sonda hammasi bo‘lib nechta raqam bor? (40...)
O‘quvchilar ko‘p xonali sonlarni xatosiz yozishlari uchun ko‘p xonali
sonlarning tarkibiga ko‘proq e‘tibor berish zarur. O‘quvchilar xonalar uchligini
ko‘rib turgandek ularni aniq tasavvur qilishlari kerak. Agar o‘qituvchi
quyidagicha topshiriq bersa yaxshi bo‘lar edi: «47 mingi bor bo‘lgan sonlarni
yozing». Bu topshiriq turlicha javob berish imkonini beradi, chunki o‘quvchilar
ko‘rsatilgancha mingga ega bo‘lgan 3—4 ta son tuzadilar: 47 000, 47256,
47083, 47160. Lekin topshiriqni boshqacha berish ham mumkin: «209315 sonni
o‘qing. Sonda nechta ming bor? (209 ta ming) 209 ta mingi bor bo‘lgan boshqa
son yozing (209 560, 209010 va h. k.). Bu topshiriklarning har qaysisini bajarib
bo‘lgandan keyin, albatta, har bir sonda nechta raqam borligini aniqlash kerak.
Xuddi shu o‘rinda teskari topshiriq ham tavsiya etiladi: «6 ta raqamli son
yozing. Qaysi biri yuqori xona?» O‘quvchilar tavakkaliga 6 ta raqam yozishlari
mumkin, jumladan, 123456. Keyin o‘ngdan chapga 3 tadan xona ajratiladi, bu
sonda nechta sinf borligi aytiladi, son o‘qiladi va bu sondagi yuqori xona
aytiladi (agar sonda 123 ming bo‘lsa, u holda yuqori xona yuz ming bo‘ladi).
Ba‘zi sinflarda ayrim o‘quvchilar o‘qituvchi aytib turganda sonlarni
yozishda ortiqcha nol yozib qo‘yish kabi xatolarga yo‘l qo‘yadilar. Masalan, 832
ming 421 sonini yozishda 832000421 kabi yozishlari, ya‘ni ming so‘zi bilan
birga ortiqcha uchta nol, million so‘zi bilan birga ortiqcha 6 ta nol yozib
qo‘yishlari mumkin, ayniqsa, agar 52 ming 30 sonini yozish kerak bo‘lsa,
5200030, 7 million 2 sonini yozish kerak bo‘lsa, 70000002 yozib qo‘yadilar, Bu
o‘quvchilar sonning tarkibini yaxshi bilmaydilar. Shunga o‘xshash xatolarga
yo‘l qo‘ymaslikni ogohlantirish maqsadida quyidagi ko‘rinishdagi mashqlardan
foydalanish mumkin. Sonni yozing:
735 ming 735000
735 ming 2 birlik 735002
735 ming 42 birlik 735042
735 ming 642 birlik 735642
Raqamlar tarkibi bo‘yicha o‘xshash soylarni taqqoslash asosida taxlil
qilish bilan bog‘liq mashqlar ham foydali bo‘lishi mumkin:
a) 529473 va 52900473.
Bu sonlarda nima umumiy? Nimasi bilan farq qilinadi?
b) 26013013; 26130130; 261313
Bu sonlardan qaysi biri katta? Qaysi biri kichik?
Raqamning sonning yozuvidagi o‘rniga ko‘ra qiymatini tushunish sonning
o‘ng tomoniga nollarni qo‘shib yozish (sondan nrllarni olib tashlash) yo‘li bilan
sonni 10, 100, 1000 marta orttirish va kamaytirishga asoslangan. O‘ng
tomondan songa bitta nol qo‘shib yozish bilan berilgan sondan 10 marta katta
songa ega bo‘lamiz; shunga o‘xshash, sonning o‘ng tomonidan ikkita nolni olib
tashlash bilan berilgan sondan 100 marta kichik songa ega bo‘lamiz, chunki har
bir raqam ikki o‘rin o‘ngga suriladi va mos ravishda o‘zi ilgari anglatgan xona
sonidan 100 marta kichik xona sonini anglatadi.
Ko‘p xonali sonlarni taqqoslashni o‘qitishda turli hollar qaraladi:
- sanoqda yonma-yon turgan sonlarni taqqoslayotganda o‘quvchilarga
oldindan ma‘lum bo‘lgan ushbu bilimlarga tayanish mumkin: sanoqda oldin
uchraydigan son kichikdir;
-turli miqdordagi raqamlar bilan yozilgan sonlarni (ya‘ni yuqori xonasida
turli nomdagi birliklarga ega bo‘lgan sonlarni) taqqoslayotganda quyidagi
xulosadan foydalanish mumkin: raqamlarning umumiy miqdori kam bo‘lgan son
kichikdir (masalan, istalgan besh xonali son eng kichik olti xonali sondan ham
kichikdir);
-bir xil miqdordagi raqamlar bilan yozilgan son-lar taqqoslanayotganda
bir xil nomdagi birliklar yuqori xonadan boshlab taqqoslanadi. Masalan: 86924
va 87031, taqqoslashni o‘n minglardan boshlaymiz: ular teng bo‘lgani uchun
minglarga o‘tamiz; 6 ming 7 mingdan kichik, demak, 86924 soni 87031 sonidan
kichik.
Ko‘rinib turganidek, ko‘p xonali sonlarni taqqoslashdagi barcha hollarda
nomerlash bo‘yicha olingan bilimlarga suyaniladi, shuning uchun bu
mashqlardan bilimlarni mustahkamlashda foydalanish va o‘quvchilarga
taqqoslash usullarini tushuntirib berishni taklif etish (qanday taqqoslaymiz, yoki
«=», «>», «<» belgilar to‘g‘ri qo‘yilganini kim isbotlab beradi va sh. k.) va
bunda faqat belgilarni qo‘yish bilan chegaralanmaslik muhimdir.
Ko‘p xonali sonlarni nomerlashni o‘rganishda o‘quvchilar bir necha sanoq
birliklarini bilib olganlarrdan keyin o‘quvchilarni mayda birliklarni yirikroq
birliklar bilan almashtirishga va aksincha, yirik birliklarni maydaroq birliklar
bilan almashtirishga o‘rgatish masalasi qo‘yiladi. Masalan, mingliklar bilan
berilgan sonni birliklar bilan ifodalash mumkin (36 ming=36000); birliklarda
berilgan sonni yuzliklar bilan ifodalash mumkin (47000=47 yuzlik) va hokazo.
Ko‘p xonali sonlarni o‘qish va yozish ko‘nikmalarini shakllantirish har bir
darsda tavsiya etiladigan turli mashqlardan sistemali ravishda foydalanishga
yordam beradi. Ularni quyidagi ketma-ketlikda bajarish mumkin:
1) Sonlarni taqqoslang: 8242 ... 8422
3030 ... 3003
2) Sonlarni ortib borish tartibida yozing:
3904, 52765, 52675, 60050, 3704, 60200.
Minglar sinfining tagiga chizing.
3) Sonlarni diktovka ostida yozing:
532325, 71049, 5000005, 9000090.
II sinf birliklarining tagiga chizing.
4) Sonning qo‘shnilarini ko‘rsating:
.. .., 4000, .... . . . ., 7999, .... . . .., 100000, ....
5) 256 ta yuzlikni o‘z ichiga olgan beshta son yozing. Ularni ortib borish
tartibida joylashtiring. I sinf birliklarining tagiga chizing.
6) Yozuvni tugallang: 54372— .. . yuzlik 490830— .. . o‘nlik
7) Sonlarni taqqoslang:
456817 . . . 45600817 867000031 . .. 862031
8) 6, 3, 0, 5 raqamlaridan foydalanib, beshta to‘rt xonali son yozing.
Ularni kamayib borish tartibida joylashtiring.
9) Yozuv to‘g‘ri bo‘lishi uchun kerakli raqamlarni qo‘ying:
2437<26 ... ... 324>532 58...<58119 834900<8 . . . 90
Bu mashqlar, birinchi navbatda, sonlar haqidagi to‘g‘ri tushunchalarni
shakllantiradi (son qanday sanoq birliklaridan foydalanilganiga bog‘liq),
shuningdek yozma hisoblashlarni o‘rganishga tayyorgarlik vazifasini bajaradi.
Masalan, 3400-9 ko‘rinishdagi ko‘paytirishda birinchi ko‘paytuvchini yoki
yuzlikni ifodalaydi; ko‘p xonali sonlarni bo‘lishda yuqori xona birliklari
ajratiladi va hosil bo‘lgan son- to‘liqmas bo‘linuvchi aytiladi. Bundan tashqari,
miqdorlar (kattaliklar) o‘zgarganda va ular ustida amallar bajarilganda shu
bilimlardan foydalaniladi. Shuning uchun nomerlashdayoq sonlar bilan
almashtirishlarni bajarishga o‘xshash kattaliklarni almashtirishlarni bajarishni
talab etuvchi mashqlar kiritiladi: 9800 sonida hammasi bo‘lib nechta yuzlik bor?
6300 tiyinda hammasi bo‘lib necha so‘m bor? 7300 sm da necha metr bor? va
hokazo. Bu yerda nomerlashga doir bilimlar qo‘llanilayotganligi sababli bu
mashqlarni tushuntirishlar bilan bajarish maqsadga muvofiqdir (100 tiyin 1
so‘mni tashkil etadi; 6300 tiyin necha so‘mni tashkil etishini bilish uchun 6300
sonida nechta yuzlik borligi-ni aytish kerak).
Ko‘p xonali sonlarni nomerlash bo‘yicha ishlarni yakunlayotab, yana bir
marta million haqidagi tushunchaga murojaat etish kerak. Sanoqdan foydalana
turib yuzta mingni sanashda (10 ta yuz ming millionni yoki mingta mingni
tashkil etadi) va bittalab sanashda (eng katta olti xonali sondan keyin eng kichik
yetti xonali son — million keladi) millionning hosil bo‘lishi ko‘rsatiladi. Million
yettinchi xona birligi -cho‘tda pastdan yettinchi simda tashlanadi, 1 raqami va
ikkita sinfning bo‘sh xonalarini belgilovchi ikkita uchtalik nollar yordamida
yoziladi. O‘quvchilar millionning kanchalik katta ekanini tasavvur etishlari
uchun quyidagicha yorqin misollarni qarash foydali: agar kitobning 100 beti 1
sm bo‘lsa, 1 million betli kitobning qalinligini tasavvur etish. Inson million kun
yashay olish-olmasligini aniqlash (10 yilda bor-yo‘g‘i 3650 kun 100 yilda esa
taxminan 36500 kun, 1000 yilda taxminan 365000 kun millionning yarmidan
kamroq kun o‘tadi) va hokazo.
Sonlarni yozish va o‘qish uchun tarbiyada bebaho hisoblangan vaqtli
matbuotdan olingan bilishga oid sonli materiallardan foydalanish zarur. Sonli
materiallarni to‘plashga o‘quvchilarning o‘zlarini ham jalb etish foydalidir.
Million ichida sonlarning natural ketma-ketligi haqida to‘g‘ri
tasavvurlarni shakllantirish maqsadida dastlabki darslarning o‘zidayoq ma‘lum
bo‘lgan bittalab, o‘ntalab, yuztalab, mingtalab va hokazo qo‘shishga (ayirishga)
doir, berilgan songa nisbatan undan bevosita oldin va bevosita keyin keluvchi
sonlarni aniqlashga doir, ± 1 ko‘rinishdagi misollarga doir, barcha to‘rt xonali
(besh xonali, olti xonali) sonlar ichidan eng kattasini va eng kichigini aniqlashga
doir mashqlarni kiritish kerak. Bundan tashqari, o‘quvchilarning sonlarning
natural qatori («natural qator» atamasini hozircha kiritmaslik mumkin) haqidagi
bilimlarini umumlashtirish maqsadga muvofikdir. O‘quvchi dastlab sonlarning
bu qatorini yozib va uning davomini ko‘p nuqtalar bilan belgilab (1, 2, 3, 4, 5, 6.
. . .), o‘qituvchi rahbarligida sanashda qo‘llaniladigan sonlar qatori birdan
boshlanishini, undagi har bir navbatdagi son o‘zidan oldin keluvchi sondan bitta
ortiq ekanini; berilgan ixtiyoriy sondan keyin keluvchi sonni hosil qilish uchun
unga birni qo‘shish kerak ekanini, hosil bo‘lgan songa yana birni qo‘shish
mumkin ekanini va hokazoni aniqlaydi. Demak, sonlarning bu qatorida oxirgi
eng katta sonni aytish mumkin emas — sonlar qatori cheksizdir.
Nomerlashni o‘rganish jarayonida o‘quvchilar sonni 10, 100, 1000 marta
orttirish va kamaytirish bilan tanishadilar. Songa bitta, ikkita, uchta va hokazo
nolni qo‘shib yozish (sondan nollarni olib tashlash) bilan o‘quvchilar
sonning yozuvidagi har bir raqamning qiymati uni chapga (o‘ngga) surib borish
bilan mos ravishda 10, 100, 1000 va hokazo marta o‘zgarishini, sonning o‘zi esa
shuncha marta ortishini (kamayishini) ko‘radilar. Shunday qilib, sonni 10, 100,
1000 va hokazo marta orttirish va kamaytirishga doir mashqlarni bajarishda
o‘quvchilar sonlar yozuvining pozitsion prinsipi haqidagi bilimlarini
qo‘llaydilar va mustahkamlaydilar.
Miqdor (kattalik)larni (uzunlik, massa, vaqt) o‘rganish jarayonida
nomerlash bo‘yicha bilimlarni mustahkamlash davom ettiriladi:
nomerlash bo‘yicha savollar og‘zaki mashqlarga kiritiladi, alohida sonlar
quyidagi sxema bo‘yicha tahlil qilish uchun taklif etiladi: 1) sonning tarkibi; 2)
sanoqda berilgan sondan oldin keluvchi va undan keyin keluvchi son; 3)
yozuvning o‘ziga xos xususiyatlari.
Shundan keyin, ko‘p xonali sonlarni nomerlashning asosiy masalalari
qarab bo‘lingach, o‘quvchilarning berilgan mavzu bo‘yicha bilimlarini
sistemalashtirish maqsadga muvofiqdir. Shu maqsadda o‘quvchilarga biror
berilgan son haqida (son doskaga yozib qo‘yiladi) nimani bilsalar shuni aytishni
taklif etish mumkin. O‘quvchilarning javoblarini umumlashtirib borib,
jadval ko‘rinishida tuzish mumkin bo‘lgan qator topshiriklar tuzish kerak.
Sonni tahlil qilish sxemasi 1. Sonni o‘qi.
2. Bu sonda har bir xonaning va har bir sinfning hammasi bo‘lib nechta birligi
bor?
3. Bu, sonning har bir xonasida hammasi bo‘lib nechta birlik bor?

4. Sonni uning xona qo‘shiluvchilari yig‘indisi ko‘rinishida yoz.


5. Sanoqda berilgan sondan keyin keluvchi sonni va undan oldin keluvchi sonni
ayt.
6. Raqamlari soni berilgan sonning raqamlari soniga teng bo‘lgan eng katta va

eng kichik sonni ayt.


7. Berilgan sonni yozish uchun hammasi bo‘lib nechta raqam kerak bo‘lgan?
Ular orasida nechta turli raqam bor?
8. Berilgan sonning barcha raqamlari bilan yozilgan eng katta va eng kichik
sonni ayt.
O‘quvchilar bu sxemadan foydalanib, bundan buyon o‘qituvchi tavsiya
etgan sonlarni (4009, 70099 va hokazo) tavsiflaydilar va shu bilan nomerlash
bo‘yicha bilimlarini takrorlaydilar va mustaxkamlaydilar.




  1. Yüklə 215,96 Kb.

    Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin