I Bob. Evolyutsion biologiya kursi predmeti I.1. Evolyutsiya haqida Evolyutsiya, organik olam, evolyutsion biologiya, biosfera, biogeotsenoz, tabiiy tanlash, moslashish, tarixiylik va aktuallik, evolyutsiyaning harakatlantiruvchi kuchlari, tur va tur hosil bo’lishi, makroevolyutsiya, mikroevolyutsiya, antropogenez, atrof-muhit.
«Evolyutsiya» so’zi lotincha «evolutio» so’zidan olingan bo’lib, u qisqacha «yoyilish» degan ma’noni bildirib, tirik mavjudotlarning tarixiy o’zgarish jarayonini anglatadi. Evolyutsion biologiya organik olamning tarixiy rivojlanishi va uni idora etishning umumiy qonuniyatlarini o’rgatuvchi fandir.
Tirik organizmlar evolyutsiyasi boshqa evolyutsiyadan farq qiladi. M-n: galaktikalar, atomlar, mashinalar, er, jamiyat evolyutsiyalari va h.o. Biologik evolyutsiya ma’lum yo’nalishdagi, orqaga qaytmas, tirik tabiatning tarixiy rivojlanish jarayoni bo’lib, populyatsiyalarning genetik tarkibini o’zgarishi, moslanishlarning tarkib topishi, turlarning o’lishi va yangilarining hosil bo’lishi, biogeotsenoz va umuman biosferaning o’zgarishi bilan boradi. Biologik evolyutsiya natijasida doimo rivojlanayotgan tizimlar yashash joyiga moslashishiga olib kelinadi. Shuning uchun ham biologik evolyutsiya jarayoni o’rganish muhim ahamiyatga egadir.
1858 yili ingliz tabiatshunos olimlari Ch.Darvin va A.Uolleslar 1-chi marta evolyutsion jaryonni ilmiy asoslab berdi. 1859 yili Ch.Darvining «Tabiiy tanlash yo’li bilan turlarning kelib chiqishi yoki yashash uchun moslashgan zotlarning saqlanib qolinishi» nomli asari bosilib chiqib, bu asarda mavjud tirik organizmlar evolyutsiya jarayoni natijasi ekanligi isbotlab berildi.
Evolyutsion biologiya kursi doimo rivojlanib boruvchi fan bo’lib, u turli darajadagi biologik tizimlarda boradigan evolyutsiya jarayonini tadqiq etadi. Ushbu kurs quyidagi bo’limlarga ajratilib o’rganiladi:
evolyutsion qarashlarning paydo bo’lishi va rivojlanishi tarixi
umumiy filogenetika – organik olamni tarixiy rivojlanishini o’rganish
xususiy filogenetika – ayrim guruh organizmlar kelib chiqishi va tarixiy taraqqiyotini tadqiq qilish
makroevolyutsiya – turdan yuqori taksonlarni paydo bo’lish jarayoni
mikroevolyutsiya – tur ichida boradigan evolyutsion jarayonlar.
Evolyutsion nazariyani o’rganishda 2 ta printsipga rioya qilinadi:
a) tarixiylik printsipi, o’tgan zamonlarda organik olamda sodir bo’lgan jarayonlarni o’rganish asosida hozirgi tirik organizmlar kelib chiqishini aniqlaydi.
b) aktuallik printsipi, hozirgi kunda mavjud tirik organizmlar tuzilishini o’rganib, qadimgi davrlarda mavjud organizmlar evolyutsiya yo’llari to’g’risida muloxaza yuritiladi. Bu printsipni 1-marta fanda XIX asrda Ch.Layel qo’llagan edi.