Amaliy mashg’ulot № 17 Mavzu: Genetik va sitologik xaritalarni yaratish usullari bilan tanishish Ishdan maqsad: Genetik va sitologik xaritalarni yaratish usullari bilan tanishish
Kerakli jihozlar: Mavzuga oid tablisalar, tarqatma materiallar. Ishning mazmuni: Xromosomalarning genetik xaritasi deb muayyan xromosomada birikish guruhidagi birikkan genlarning ma’lum tartibda va bir-biridan muayyan masofada joylashganligini hamda genlarning nomlarini ifodalovchi simvollar aks ettirgan sxemaga aytiladi. Xromosomalarning genetik xaritasi genetik yaxshi tadqiq qilingan quyidagi organizm turlarigagina tuzilgan: drozofila, makkajo’xori, pomidor, laboratoriya sichqonlari, neyrosporalar, ichak tayoqchasi bakteriyasi va boshqalar. Genlar xromosomada ma’lum tartibda chiziq bo’ylab joylashganligi sababli krossingover chastotasi bu genlar orasidagi masofani ko’rsatadi. SHuning uchun olingan dalillarga asoslanib genning xromosomada joylashgan o’rnini aniqlash mumkin. Genlarning xromosomada joylashgan o’rinlarini yahni lokuslarini aniq-lashdan oldin mazkur gen qaysi xromosomada joylashganligini aniqlash lozim. Bitta xromosomada joylashgan va birikkan holda irsiylanadigan genlar birikish guruhlarini hosil qiladi. Birikish guruhlarining soni har bir turning gaploid sondagi xromosomalar to’plamining soniga teng bo’lish kerak.
Genetik xarita tuzish uchun dastavval har qaysi xromosoma eng kamida bitta gen bilan markerlangan (nishonlangan) bo’lish kerak. Genetik xarita tuzish uchun ko’p sondagi genlarning irsiylanish qonuniyatlarini tadqiq qilish kerak. Masalan, drozofilada 500 ga yaqin gen tadqiq qilinib, ularning to’rtta xromosomada joylashish tartibi aniqlangan. Makkajo’xorining 400 ga yaqin genlari tadqiq qilingan va ularning 10 ta xromosomada joylashish tartibi aniqlangan. Xromosomalarning genetik xaritasiga quyidagi ma’lumotlar qo’yiladi:
• har qaysi xromosomaning tartib raqami;
• aniqlangan genning to’liq va yoki qisqartirilgan nomi;
• genlarning xromosomada joylashish tartibi;
• orasidagi masofa. Bu masofa xromosomadagi birikkan genlarning krossingover foizi-morganidlar bilan o’lchanadi. Genetik xaritada shu ko’rsatkich ham yoziladi.
Genning qaysi xromosoma birikish guruhiga tegishli ekanligi aniqlangandan so’ng keyingi bosqichga–genning birikish guruhidagi o’rnini (lokusini) aniqlashga kirishiladi. Genning joylashish o’rnini aniqlash krossingover natijalarini hisobga olish orqali amalga oshiriladi. Xromosomada uchta lokusni nishonlash genlarning xromosomada joylashish tartiblari va ular orasidagi masofani aniqlashga yordam beradi.