POPULYATSIYANING UMUMIY TASNIFI POPULIYATSIYANING ASOSIY XUSUSIYATLARI Tur mezonlari ko‘p bo‘lib, ularning asosiylariga morfofiziologik va genetik mezonlardan tashqari, turning ekologik mezoni ham kiradi. Ekologik mezon deganda, yashash muhitida turga ta’sir ko‘rsatuvchi hamma ekologik omillar yig‘indisi tushuniladi. Har bir turda evolutsiya jarayonida yashash muhitining sharoitlariga moslashish mexanizmlari shakllanadi. Masalan, qalin tuk bilan qoplangan ayiqlar shimolning juda sovuq iqlimi- ga, kulrang-sarg‘ish tusli tuyalar, sayg‘oqlar, jayronlar esa kam suvli cho‘llarda va qumli cho‘llarda yashashga moslashgan. Bunday moslashishlar, asosan, o‘sha turga kiruvchi hamma individlar uchun xosdir. Har bir tur o‘z yashash arealiga ega. Bu areal o‘z navbatida yaxlit yoki ayrim joylardan tashkil topishiga qaramay, muhitning xususiyatlari o‘sha areal uchun umumiydir.
Turlar katta yoki kichik arealni egallashi yoki undagi po- pulyatsiyalar sonining ko‘p yoki kam bo‘lishiga qaramay, bir butun yaxlit sistemani tashkil etadi. Turning yaxlitligi individlar orasidagi panmiksiya (erkin urchish) xususiyatining mavjudligiga bog‘liqdir. Undan tashqari, tarixiy rivojlanish jarayonida bir turga kiruvchi individlarda bir-biriga nisbatan moslanishlar ham paydo bo‘lgan. Bularga hayvonlarning o‘z nasliga g‘amxo‘rlik qilishi, bir-birlari bilan ma’lum signallar orqali aloqa qilishi, dushmanlardan birgalashib himoyalanishi misol bo‘la oladi. Turning yaxl itligini saqlovchi mexanizmlardan biri uning boshqa turlardan alohidalanganligidir. Har xil turlar turli ekologik sharoitga moslashish jarayonida ularning orasidagi farq lar tobora ortib boradi. Masalan, qishloq qaldirg‘ochlari va shahar qaldirg‘ochlari bitta avlodga kiruvchi ikkita bir-biriga juda yaqin turlardir. Bu turlar morfologik, genetik, fiziologik, etiologik va ekologik farqlari mavjudligi tufayli bir-biri bilan chatisha olmaydi.
Turning ekologik moslashishining ahamiyati ayrim individlar va yaxlit tur uchun har xil bo‘lishi mumkin. Masalan, ba’zi turga kiruvchi qushlar ekologik sharoiti, ya’ni ayni misolda, uyasi torlik qilganda ayrim bolalarini uyasidan tashlab yuboradi. Ular albatta nobud bo‘ladi, lekin qolgan bolalari esa keng sharoitda baquvvat, yashash qobiliyati kuchaygan bo‘lib yetiladi. Bunday moslashishlar ayrim individlar uchun zararli, tur uchun esa foydalidir.
Katta hududlarni egallovchi turlar notekis taqsimlanib, ayrim guruhlar yoki populyatsiyalarga bo‘linadi. Populyatsiyalar turning va evolutsiyaning boshlang‘ich strukturaviy birligidir. Popu lyatsiya — ma’lum joyni egallagan, bir-birlari bilan irsiy axborotni almashish xususiyatiga ega bo‘lgan, bir turga kiruvchi organizmlar guruhidir.
Populyatsiya individlarining zichligi, tug‘iluvchanligi, o‘limi, yoshi va jinsiy tarkibi, egallagan joyi kabi statistik belgilar bilan ta’riflanadi.