Bezli Epiteliy. Epiteliy to’qimasi bir qismining asosiy funksiyasi sekret ishlab chiqarishdir. Sekret esa hujayra ichida modda almashinuvi jarayonida hosil bo’lgan moddalardan tashkil topgan. Sekret ishlaydigan hujayralar yig’ilib, bezlarni hosil qiladi. Bezlarning asosiy ko’pchilik qismi epiteliy hosilasidir. Faqatgina epifiz va gipofizning orqa bo’lagi va buyrak usti bezining mag’iz qismigina nerv to’qimasidan rivojlanadi.
Agar bezlar o’z mahsulotini tashqi muxitga chiqarsa, bunday bezlar ekzokrin bezlar deyiladi. Bunga misol qilib teri bezlari yoki hazm sistemasining o’z mahsulotini me’da-ichakka chiqaruvchi bezlarni keltirish mumkin. Bu gurux bezlar organizmda turli funksiyalarni bajaradi. Hususan, me’da-ichak sistemasidagi bezlar ovqat mahsulotlarini parchalovchi fermentlar ishlaydi. Ikkinchi guruh bezlar o’z mahsulotini organizm ichki muhitiga (qon yoki limfaga) chiqaradi. Shuning uchun bu bezlarni endokrin bezlar deyiladi. Endokrin bezlarning asosiy qismi takomillashish davrida ekzokrin bezlar singari epiteliydan rnvojlanadi. Bu bezlar mahsuloti qon va limfa orqali butun a’zolarga tarqab, ularning ishini boshqarib turadi. Endokrin bezlarga gipofiz, qalqonsimon bez, qalqonsimon bez oldi bezi, me’da osti bezining endokrin qismi, buyrak usti bezi, epifiz, jinsiy bezlar kiradi.
Bezlar ko’p hujayrali va bir hujayrali bo’lishi mumkin. Bezlarning asosiy ko’pchiligi ko’p hujayrali bezlardir. Bir hujayrali bezlarga ekzokrin bezlarning qadaxsimon hujayralari kiradi. Bir hujayrali endokrin bezlar esa turli a’zolarda joylashgan. Me’da-ichak sistemasida endokrin hujayralar juda ko’p uchraydi. Bir hujayrali bezlar turli shaklda bo’lishi mumkin. Ular epitelial tasma ichida joylashsa, endoepitelial bezlar deb yuritiladi. Agar ular epiteliydan tashqarida, ya’ni biriktiruvchi to’qimada joylashsa, ularni ekzoepitelial bezlar deyiladi.
Ko’p hujayrali bezlar, bezlarning asosiy qismini tashkil qilib, ular biriktiruvchi to’qimada joylashadi.
Ko’p hujayrali bezlarda ikki qism: 1) sekretor yoki oxirgi bo’lim va 2) chiqaruv naylari farq qilinadi.
Sekretor bo’limda shu bez uchun xarakterli bo’lgan sekretor mahsulot ishlanadi. Oxirgi bo’lim hujayralari ko’pincha bazal membranada bir qavat bo’lib joylashadi. Faqatgina yog’ bezlari oxirgi bo’limlarida bir necha qavat bo’lib joylashgan hujayralarni ko’rish mumkin. Ba’zi bir bezlarning oxirgi bo’limida sekretor hujayralardan tashqari qisqarish funksiyasini bajaruvchi mioepitelial hujayralar ham joylashadi.
Chiqaruv yo’llari bo’yicha oxirgi bo’limda ishlangan mahsulotlar tashqi muhitga chiqariladi. Chiqaruv yo’llari hujayralari sekret mahsulotni suv va turli mineral tuzlar, oqsil moddalar bilan boyitishi yoki chiqaruv yo’li bo’yicha o’tayotgan mahsulot suvini va ba’zi moddalarni so’rishi mumkin. Ko’p hujayrali bezlarning chiqaruv yo’llari tarmoqlangan yoki tarmoqlanmagan bo’ladi. Tarmoqlanmagan chiqaruv yo’llarini tutuvchi bezlar oddiy bezlar, tarmoqlangan chiqaruv yo’llarini tutuvchi bezlar murakkab bezlar deb yuritiladi. Oxirgi bo’limlar ham tarmoqlangan yoki tarmoqlanmagan bo’lishi mumkin. Agar chiqaruv nayi hamda oxirgi bo’lim tarmoqlanmay, har qaysi chiqaruv nayi birgina oxirgi bo’lim bilan tugasa, bunday bezlarni oddiy tarmoqlanmagan bezlar deyiladi. Agarda bir chiqaruv yo’liga bir necha oxirgi bo’lim o’z sekretini quysa, bunday bezlar tarmoqlangan bezlar deyiladi. Agar chiqaruv yo’llar tarmoqlangan va har bir chiqaruv yo’liga bir necha oxirgi bo’lim bilan tugasa, bunday bezlarni murakkab tarmoqlangan bezlar deb ataladi. Oxirgi bo’lim shakliga qarab naysimon, alveolyar, naysimon-alveolyar bezlar farq qilinadi Sekret ishlash turiga qarab bezlar merokrin, apokrin va golokrin bezlarga bo’linadi. Merokrin yo’l bilan sekret chiqaruvchi bezlarga hujayra ichida hosil bo’lgan mahsulot, sekretor hujayra tanasining (qobig’i bilan) butunligi saqlanib qolgan holda hujayradan chiqariladi. Merokrin bezlarga ter va so’lak bezlari misol bo’la oladi. Apokrin bezlar sekretor hujayralarning apikal qismi sekret chiqarish davrida ajralishi bilan xarakterlanadi va hujayralarning apikal qismi bez maqsuloti tarkibiga kiradi. Apokrin bezlarga sut va apokrin yo’l bilan sekretsiya qiluvchi ter bezlari kiradi. Golokrin bezlarda sekret ishlash vaqtida sekretor hujayralar butunlay parchalanadi. Nobud bo’lgan hujayralar bez mahsulotini tashkil qiladi. Odamda bu bezlarga faqatgina yog’ bezlari misol bo’la oladi. Nobud bo’lgan hujayralar o’rnini bezning periferik qismida joylashgan kam differensiallashgan hujayralar to’ldirib turadi.